O‘zbekiston | 12:47 / 20.04.2021
7842
6 daqiqa o‘qiladi

«Tadbirkorlar uyg‘onsa, ular haqiqiy lokomotiv bo‘la oladi». Xayrulla Bozorov suv masalasi, 70 foiz muammosi hal bo‘layotgan tadbirkorlar va 30 mln dollarlik loyiha haqida

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov Kun.uz bilan suhbatda ichimlik suvi bo‘yicha muammolar yechimi, uyg‘onayotgan tadbirkorlar va Chortoqda to‘xtab qolgan 30 mln dollarlik loyiha haqida gapirdi.

Ichimlik suvi muammosi

Hozir qo‘rqmasdan gapirsa bo‘ladi, bu yil umuman boshqacha tizim bo‘ladi. Prezidentimiz har bir hududga alohida e'tibor beryaptilar, tashriflari bo‘yicha Farg‘ona viloyatiga ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash uchun 214 mlrd so‘m mablag‘ ajratyaptilar. Bu suvning o‘zi uchun. Hozirgi vaqtda eng og‘ir hududlar bo‘yicha barcha loyihalar ishlab chiqilyapti. Shu pul ajratilishi bilan Xalq qabulxonasiga barcha tumanlar aholisi chaqiriladi. Viloyat hokimligiga, yuqori turuvchi idoralarga eng ko‘p shikoyat tushgan masalalar - elektr energiyasi, gaz, suv, yo‘l bo‘yicha hammasini terib chiqdik, maktablar, sog‘liqni saqlash obektlari, bog‘chalarni ham qo‘shdik. Albatta, hammasini bu yil tugatib bo‘lmaydi. Lekin bitta suvning o‘ziga shuncha pul ajratilyapti.

Bu yil Farg‘onadagi eng og‘ir hududlarda yo‘l bo‘yicha 267 mlrd so‘m ajratilyapti. To‘g‘ri, yo‘l bo‘yicha bu katta summa emasdir, ammo bir yil bitta yo‘nalish bo‘yicha buncha mablag‘ hali ajratilmagan. O‘tgan yil bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, bu to‘rt baravar ko‘p degani. Barcha loyihalar ishlab chiqilyapti, ishlar jarayonini tegishli idoralar nazorat qilib boradi. Bundan tashqari, bu yil yo‘l masalasida Toshkent tajribasini ham sinab ko‘rmoqchimiz. Sababi, ushbu yo‘nalishda bizda hali raqobat muhiti yo‘q, hammasini, deyarli 90 foizini “Avtoyo‘l” qilyapti. Bu sohada xususiy ishlarni ko‘paytiryapmiz, tadbirkorlarga ham shuni aytyapmiz.

Tadbirkorlar uyg‘onsa, ular haqiqiy lokomotiv bo‘la oladi

Hokimlikning yonida tadbirkorlarni qabul qiladigan bino bor. Qabul har hafta amalga oshiriladi. Tadbirkorning o‘zi murojaat qiladi, elektron navbatga turadi, bu yo‘nalish bo‘yicha 23 kishi ishlaydi. Bosh vazir qabulxonasi, biznes-ombudsman va viloyat hokimligining tadbirkorlik guruhi bitta joyda. Murojaat qilish uchun “Telegram” botlar ochilgan, uni o‘zim o‘qib turaman, o‘zimga to‘g‘ridan to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, murojaatlar uchun maxsus “Telegram” raqam tarqaganmiz. Boshida bir haftada 20ta kelgan bo‘lsa, hozirgi kunda 150taga chiqdi. Tadbirkorlarni qabul qilishga ham bir kun vaqt ketadi. Muammolarning 65-70 foizi hal bo‘lyapti.

Umuman olganda, iqtisodiyotga sarmoya kerak, iqtisodiyotni rivojlantirish uchun lokomotiv kerak. To‘g‘ri, lokomotiv neft-gaz, kimyo, metallurgiya, energetika sohalaridagi yirik korxonalar bo‘lishi mumkin, lekin u katta mablag‘ talab qiladigan va katta xomashyo resursi bilan bog‘liq bo‘lgan sohalardir. Tadbirkorlik sohasida ham mablag‘ oz ketadi, ham bozorga tez moslashuvchan bo‘ladi. Agar tadbirkorlar uyg‘onadigan bo‘lsa, ular haqiqiy lokomotiv bo‘la oladi. Hozir ham ko‘plab tadbirkorlar uyg‘ondi, ishonch paydo bo‘ldi. O‘rta biznes yo‘qolmadi, bu terminning o‘zi yo‘qoldi. Hozir qonunlar o‘zgaryapti, kichik, o‘rta, hammasi yana qayta tiklanyapti. Faqat termin yo‘qolgan, lekin shunga yarasha qonunlar ham moslashtirildi: kichik biznes qanchagacha bo‘ladi, o‘rta biznes qanday bo‘ladi.

Chortoqda to‘xtab qolgan 30 million dollarlik loyiha

Chortoq tumanida juda katta loyiha qilingan. Bu mening davrimda baribir oxiriga yetkazilmadi, ammo oxiriga yetkaziladi. U yerda Jahon bankining 30 mln dollarlik loyihasi ketyapti. Jahon banki pandemiya tufayli loyihani vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi. Biroq, o‘sha 30 mln dollar qayerga ishlatilishi, bozorning ham qayta tiklanishi tasdiqlangan, hammasining hisob-kitobi qilingan. Bozorda buzilgan savdo shoxobchalarining o‘rniga joy berish masalasi ham hal qilingan. Jahon banki bozorni tiklash uchun loyihada 500 ming dollar ajratgan, undan tashqari mahalliy budjetdan ham beriladi. Bitta tuman uchun 30 mln dollar... bu juda katta pul. Bu tumanning faqat markaziga, u yerda bozor, yo‘l, kanalizatsiya, ichimlik suvi, ta'mirtalab muassasalar, 12 kilometrlik ekoyo‘lakcha bor.

Umuman olganda, 30 mln dollarlik loyihaning amalga oshirilishi orqali Chortoqning markazi mutlaqo o‘zgarib ketadi. Men boshqa ishga o‘tganim bilan prezident qarori chiqqan, Jahon banki tomonidan ma'qullangan loyiha ham tasdiqlangan. U davom etadi, faqat Jahon banki pandemiya tufayli loyihani sekinlashtirib qo‘ydi. Eng asosiysi, hujjatlari va loyihalarining hammasi but bo‘lgan, dastlabki ish boshlangan vaqtda pandemiya kuchayib ketib qoldi.

Bundan oldin, Xayrulla Bozorov Farg‘onani kutayotgan o‘zgarishlar va aholi muammolari haqida gapirgandi.

To‘liq video:

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid