O‘zbekiston | 11:24 / 22.04.2021
40799
3 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shiqchi Jasur Umirovga jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan IIB xodimlari jazolandi

Estrada xonandasi va ayni kunda jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o‘tayotgan Jasur Umirov sodir etgan jinoyatni dastlabki bosqichda tergovga qadar o‘rganib, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan Kattaqo‘rg‘on tuman IIB TB tergovchisi va tergov bo‘limi boshlig‘iga hayfsan, tuman IIB boshlig‘iga esa tanbeh berilgan. Viloyat IIB TB boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimdan ozod qilinganligi bilan chegaralanilgan.

Jasur Umirov ishi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan tergovchining harakatlari prokuratura tomonidan o‘rganilayotgani xabar qilingandi.

Samarqand viloyat prokuraturasi Kun.uz’ga mazkur o‘rganish natijalariga oid ma'lumotni taqdim etdi.

Ta'kidlanishicha, Kattaqo‘rg‘on shahar prokuraturasi tomonidan IIB tergovchisining xatti-harakatlari ustidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilib, tergovchi dalillarni soxtalashtirmagani, ko‘rsatuvlarni o‘zgacha tarzda qayd etmagani, tergovga qadar tekshiruv harakatlarida ishtirokchilarning ko‘rsatuvlarini o‘zlarining so‘zlaridan yozib olgani aniqlangani sababli, unga nisbatan JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan. 

Shunga qaramay, ushbu holat bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilish uchun dalillarni to‘plash, tekshirish va baholashda kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi sababli tergovchiga nisbatan viloyat IIB boshlig‘ining buyrug‘i bilan "hayfsan" intizomiy jazosi qo‘llanilgan.

Shuningdek, mazkur holatda idoraviy nazoratni yetarli darajada ta'minlamagan Kattaqo‘rg‘on tuman IIB TB boshlig‘iga "hayfsan", tuman IIB boshlig‘iga “tanbeh” intizomiy jazosi qo‘llanilgan. Viloyat IIB TB boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimdan ozod qilinganligi bilan chegaralanilgan.

Ma'lumot uchun, Jasur Umirov va boshqalarga oid jinoyat ishi tomonlarning shikoyati asosida Samarqand viloyat sudi tomonidan apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, hukm o‘z kuchida qoldirilgan.

Eslatib o‘tamiz, xonanda Jasur Umirovning voyaga yetmagan qizni zo‘rlab, nomusiga tekkanligi holati yuzasidan JKning 118-moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi, sudda mazmunan ko‘rilib, aybdorlarga nisbatan sud hukmi bilan tegishli jazolar tayinlangan.  

Mavzuga oid