Iqtisodiyot | 11:12 / 23.04.2021
6681
2 daqiqa o‘qiladi

2020 yil avtomobil yonilg‘isidan 2 trln so‘mdan ortiq aksiz solig‘i tushgan - Senat qo‘mitasi

Foto: Getty Images

Oliy Majlis Senati yig‘ilishida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov avtomobil yo‘llari uchun budjetga tushayotgan tushumlar va ular sarflanishi bo‘yicha qo‘mita tomonidan olib borilgan o‘rganishlar hisoboti bilan tanishtirdi.

«Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi va Budjet qo‘mitasi hamkorlikda 13-yalpi majlisda ta'kidlangan avtomobil yo‘llari talab darajasida emasligi, lekin har bir yonilg‘i sotib olayotgan haydovchi, avtomashina xarid qilayotgan xaridorlar davlatga boj to‘layotgani va bu pullar budjetga yo‘l uchun tushayotgani hamda qayerga sarflanayotgani to‘g‘risidagi masalani o‘rgandi.

Respublikada 184,8 ming km avtomobil yo‘llari va uzunligi 401,1 metr bo‘lgan 22 303 dona ko‘prik mavjud. 2021 yil 1 yanvar holatiga 77,9 ming km 42,2 foiz avtomobil yo‘llari va jami uzunligi 159,4 ming metr bo‘lgan 9 302 dona 39,7 foiz ko‘prik ta'mirtalab holatda.

2021 yil 1 yanvar holatiga davlat budjetiga benzin, dizel va gazni yakuniy iste'molchilarga yetkazishdagi aksiz solig‘idan 2 trln 98 mlrd 10 mln so‘m, avtotransport vositalarini sotib olganlik va O‘zbekiston hududiga vaqtinchalik olib kirganlik yig‘imi bo‘yicha 2020 yilda 686,9 mlrd so‘m tushumlar tushgan.

2020 yil Moliya vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armasiga avtomobil yo‘llarini qayta qurish, ta'mirlash va saqlash ishlari bo‘yicha 5 trln 447 mlrd 348 mln so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan va natijada mamlakatimizda 6442,6 km rejaga nisbatan 101,2 foizda avtomobil yo‘llari qayta qurilgan va ta'mirlangan», dedi Qutbiddin Burhonov.

Mavzuga oid