O‘zbekiston | 13:58 / 23.04.2021
3561
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda «GM Uzbekistan»ga ishga kiritishini aytib, fuqarolardan 21 ming dollar olgan yigit ushlandi

Andijon viloyati, Asaka tumani, Qadriyat mahallasida yashovchi Ya.Akmalbek o‘zini “UzAutoMotors” AJning kadrlar bo‘limi boshlig‘i deb tanishtiradi.

Uning so‘zlariga ishongan fuqarolar Sh.Nazirjon,  X.Solijon, S.Furqat, S.Sherzod va boshqalar o‘zlari va qarindoshlarini “GM Uzbekistan” avtomobil zavodiga haydovchilikka ishga kiritib qo‘yishi va imtiyozli to‘lovlar asosida avtomashina olib berishiga ishonishadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Ya.Akmalbek 2020 yil may oyidan iyun oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida ushbu fuqarolardan jami 21 100 AQSh dollari va 760 000 so‘m pul mablag‘larini aldov yo‘li bilan olib, shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan Asaka tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Ya.Akmalbekka nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari davomida, Ya.Akmalbek hech qayerda ishlamasligi aniqlangan.

Hozirda tergov davom etmoqda. 

Avvalroq, Andijon shahar xalq ta'limi bo‘limi boshlig‘i pora bilan ushlangan edi.

Mavzuga oid