O‘zbekiston | 21:10 / 23.04.2021
114701
3 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuror o‘tkazgan yig‘ilishdan ayrim bank filiallari boshqaruvchilari olib chiqib ketildi

21 aprel kuni bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshchiligida banklarda korrupsiya holatlari muhokamasiga bag‘ishlangan selektor bo‘lib o‘tgan. Selektor vaqtida bir nechta bank mulozimi studiyalardan namoyishkorona olib chiqib ketilgan.

21 aprel, chorshanba kuni bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev banklarda korrupsiya holatlari muhokamasiga bag‘ishlab videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgan.

Kun.uz manbalariga ko‘ra, yig‘ilishda ayrim banklarning filial boshqaruvchilari korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yib bergani uchun keskin tanqid qilingan va ularga nisbatan qat'iy choralar ko‘rish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Selektorda videoaloqa orqali qatnashayotgan hududiy bank boshqaruvchilaridan bir nechtasi yig‘ilish vaqtida studiyalardan olib chiqib ketilgan.

Kun.uz muxbiri 22 aprel kungi matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodovdan shu haqda izoh so‘radi.

«O‘sha yig‘ilishda men ham qatnashgan edim, lekin bank xodimlari chiqarib yuborilganini ko‘rmadim. Haqiqatan, yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tdi. Hukumat darajasida komplayens – bank tizimidagi korrupsiyaga qarshi va tamagarlik holatlarining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqyapmiz.

Yig‘ilishda bank tizimidagi korrupsion holatlarni cheklash, oldini olish bo‘yicha qilishimiz kerak bo‘lgan ishlar muhokamasi bo‘ldi. Korrupsiya holatlari bo‘lgan faktlar keltirildi va banklar o‘z izohini berdi, lekin hech kim chiqib ketganini o‘sha yerda o‘tirib kuzatganim yo‘q», – dedi Nurmurodov.

Markaziy bank raisi matbuot anjumanidan keyin Kun.uz muxbiri savoliga javoban bosh prokuror o‘tkazgan videoselektorda 15-20 daqiqa qatnashgani, bu vaqt davomida bank boshqaruvchilari olib chiqib ketilishi holati ro‘y bermaganini aytdi.

Nurmurodov, shuningdek, bank xodimlarining olib chiqib ketilganiga oid ma'lumotga oydinlik kiritishini qo‘shimcha qildi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov, Kun.uz so‘roviga javoban, videoselektor yig‘ilishidan bank xodimlari olib chiqib ketilgani haqida ma'lumotga ega emasligini bildirdi.

Kun.uz'ning bir nechta manbasiga ko‘ra, olib chiqib ketilgan bank boshqaruvchilari korrupsiyada, xususan imtiyozli kreditlarni tanish-bilishchilik va qarindosh-urug‘chilik asosida berganlikda ayblanib keskin tanqid qilingan.

Mavzuga oid