Jahon | 07:31 / 23.04.2021
21274
3 daqiqa o‘qiladi

Ichida hatto daraxtzor ham bor: Seulda yangi ochilgan yirik univermagga sayohat

Janubiy Koreya poytaxtida ish boshlagan yangi yirik savdo markazi kengligi va noodatiy qurilish konsepsiyasi bilan ko‘pchilikni hayron qoldirmoqda. Uzbek.Life muxbiri Feruza Avazova Seuldan tayyorlagan reportajida shu haqda so‘z yuritadi.

Yangi The Hyundai Seoul univermagining maydoni – 89 ming kvadrat metr. Bu taxminan 13 ta futbol maydoniga teng degani.

Hyundai kompaniyasining ma'lum qilishicha, majmuaning qariyb 49 foizi tijorat uchun do‘konlarga emas, balki mijozlarga dam olish zonalarini yaratish uchun ajratilgan.

Yashil daraxtzor g‘oyasi

Yangi yirik savdo majmuasi tabiat bilan hamohang bo‘lib qolgan holda tashrif buyuruvchilarga ekzotik sayr hissini taqdim etadi. Gumbazli oynali katta shift, tabiiy o‘simliklar va daraxtlar, univermag markazida o‘rnatilgan 12 metrli sharshara – bularning bari katta savdo markazida piyoda aylanib, charchaydigan mijozlarning hordiq chiqarishi uchun.

The Hyundai Seoul univermagiga borish uchun yana bir asosiy sabab – Sounds Forest dam olish zonasi. Binoning 5-qavatini egallagan bu zonani ichki botanika bog‘iga qiyoslash mumkin.

Ma'lumotlarga qaraganda, Hyundai kompaniyasi mana shunday eko-olamli maydonni yaratish uchun do‘konlar sonini qisqartirib, 200 milliard von qiymatidagi yillik sof daromadidan voz kechgan.

Ijtimoiy masofa

Hyundai kompaniyasi pandemiyani inobatga olib, binoning qurilish loyihasiga boshqacha yondashdi. Mijozlar qulayligi va erkin harakatlanishi uchun univermag yo‘laklari 8 metr kenglikda qad rostlagan. Bu esa bizga tanish odatiy gavjumlikdan yiroqda, ijtimoiy masofani saqlagan holda savdo qilishga imkon beradi.

Dunyo brendlari

Savdo markazi jahonning eng oldi, ko‘zga ko‘ringan brendlari do‘konlarini qamrab olgan. Bu yerda 600dan ortiq mahalliy va xorijiy kompaniyalarning mahsulotlarini uchratish mumkin. Hatto Microsoft va bolajonlarning sevimli o‘yinchoqlar kompaniyasi Lego ham bu yerda yangi filialini ishga tushirdi.

Robot-yo‘lboshchilar

Hyundai Seoul savdo majmuasining yana bir ajoyib yangiligi – unda yordamchi robotlarning mijozlarga to‘g‘ri yo‘nalishni ko‘rsatib turishga xizmat qilishidir. Ya'ni haybatli imorat ichida adashib qolgan mijoz o‘ziga kerakli manzilni univermag xodimlarining yordamisiz osongina topib oladi.

Feruza Avazova,
Seul, Janubiy Koreya

Mavzuga oid