Iqtisodiyot | 20:20 / 27.04.2021
63428
7 daqiqa o‘qiladi

To‘xtovsiz oshayotgan xarajatlar va tashqi qarz. Davlat budjeti yirik qurilishlarga tayyormi?

2021 yilda qurilish sohasiga budjetdan ajratilayotgan mablag‘lar avvalgi yillarga nisbatan keskin ortib ketdi. Birgina uy-joy qurilishiga o‘tgan yillarga nisbatan 2 baravar ko‘p mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Shuning barobarida budjet kirim-chiqimlari o‘rtasidagi manfiy farq kattalashyapti.

O‘zbekistonda bu yilgi qurilish ko‘lami o‘tgan yillarga nisbatan ancha keng bo‘lishi kutilmoqda. O‘z navbatida, sohaga ajratiladigan budjet mablag‘lari ham sezilarli oshayotgani bir qancha raqamlarda namoyon bo‘ladi.

Uy-joy qurilishiga budjet sarfi ortmoqda

Oxirgi 3 yilda uy-joy qurish dasturiga davlat budjetidan 15 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu – yiliga o‘rtacha 5 trillion so‘mdan to‘g‘ri keladi, degani.

2021 yilga kelib esa mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yillardagiga nisbatan 2 barobar o‘smoqda, ya'ni shu yilning o‘zida qariyb 11 trillion so‘m budjet mablag‘i (tashqi qarz) ipoteka kreditlari asosida xarid qilinadigan uy-joy qurish uchun yo‘naltirilmoqda.

Umuman olganda, hozirgi davrga kelib respublika budjetidan qurilishga ajratilayotgan mablag‘lar sezilarli ortayotgani ko‘zga tashlanmoqda.

Bu, bir tomondan, urbanizatsiya jarayoni jonlanayotgani, aholining uy-joy va qurilishga bo‘lgan talabi o‘sib borayotganini ifodalasa, ikkinchi tomondan, budjet taqchilligi ortishiga ham sezilarli ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Chunki yangi va katta miqdordagi xarajatlarning yuzaga kelishi qo‘shimcha mablag‘ talab etadi.

Xususan, 2021 yil uy-joy qurilishiga ajratiladigan 1 milliard dollar atrofidagi mablag‘ning asosiy qismi davlat tashqi qarzi hisobiga to‘g‘ri kelishi ham buni oydinlashtiradi.

Prognozlarga ko‘ra, joriy yilgi budjet defitsiti qariyb 37,5 trillion so‘mni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,4 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Bunda qurilish sohasining ham ma'lum ulushi bor, albatta.

YaIMda qurilish ulushi 7 foizdan oshgan

Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunda 2021 yil davomida respublika bo‘yicha obektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun 15 trillion 512 milliard 398 million so‘m ajratilishi belgilangan.

2020 yilda esa bu ko‘rsatkich 14 trillion 544 milliard 817 million so‘mni tashkil etgan.

Bunda xarajatlar miqdori salkam 1 trillion so‘mga ortayotgani kuzatilmoqda.

Statistika qo‘mitasi bergan ma'lumotga ko‘ra, 2020 yil yakunlari bo‘yicha qurilish tarmog‘ining YaIMdagi ulushi 7 foizni tashkil etdi. Bu qariyb 40 trillion so‘mga to‘g‘ri keladi.

2021 yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonda jami 10,6 trillion so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan bo‘lib, 2020 yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur'ati 100,4 foizni tashkil etdi.

Bunda, davlat mulkchiligidagi tashkilotlar tomonidan jami 517,4 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan. Ularning respublikadagi ulushi 4,8 foizga teng.

Koronainqirozning qurilishga ta'siri va aholining qondirilmagan ehtiyoji

Masalaning yana bir jihati, koronainqiroz barcha sohalar qatori qurilishga ham sezilarli ta'sir o‘tkazgani bilan bog‘liq. Pandemiya sabab ko‘plab obektlar qurilishi to‘xtatildi, aksariyati sekinlashdi. Natijada uy-joy va umuman turli obektlar qurilishiga bo‘lgan talab ortib bordi.

O‘tgan yillarda uy-joy hamda qurilish obektlariga nisbatan qondirilmagan ehtiyojlar yuki 2021 yil chekiga tushmoqda.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatov talabning o‘sish sabablari borasida fikr bildirib, shunday degandi:

«Hozir uy-joyga talab yuqoriligiga sabablardan biri mentalitetimiz bilan bog‘liq. Serfarzandmiz, bolalar tez ulg‘ayishadi va ularni uy-joy bilan ta'minlashni o‘ylaymiz. Bunday o‘ylab qarasak, chet davlatlarda hammaning ham o‘zining shaxsiy uyi yo‘q. Ular ko‘proq ijarada yashashadi. Ijara tizimi ham ularda yaxshi rivojlangan. Bizda ijara tushunchasi sal boshqacharoq. Hamma «o‘z uy-joyim bo‘lsin» deydi».

Moliyachi Otabek Bakirov ham bu borada fikr bildirib, uy-joyga bo‘lgan talabning ortishida urbanizatsiya asosiy omilligini aytgan.

«Nima sababdan birdaniga keyingi yillarda uy-joyga bo‘lgan talab oshib ketdi, degan savol qo‘yilmoqda. Bu birinchi navbatda tug‘ilish darajasining oshayotgani bilan emas, bu urbanizatsiya darajasining oshayotgani bilan bog‘liq. Chunki avvalgi davrda odamlarning tug‘ilib o‘sgan joyida qolishiga, ish joylarini ham asosan tug‘ilib o‘sgan joylarida yaratishiga e'tibor qaratilgan bo‘lsa, keyingi paytda urbanizatsiyaning nisbiy samaradorligi tushunib yetilmoqda. Biz hozir urbanizatsiya bilan bog‘liq yig‘ilib borayotgan talabning qondirilishiga duch kelyapmiz, desak to‘g‘ri bo‘ladi», degan u.

Mutaxassis fikricha, tizimdagi asosiy muammolardan biri – iqtisodiy rag‘batlantirish masalasining oqsashida. Xususan, uy-joy qurilishi uchun «uzun resurslar» («uzun pullar») bo‘lmagan. Chunki davlat avvallari bu sektorga katta mablag‘ ajratmagan. Tijorat banklari esa xorijdan bu masalaga resurs jalb qilishdek riskka bormagan. Shu sababli, yirik resurslarning yo‘qligi birinchi muammo bo‘lsa, ikkinchi masala aholining turmush darajasi yuqori bo‘lmagani bilan bog‘liq.

Ma'lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 3-4 yilda O‘zbekistonda yiliga 30-35 mingta kvartira qurildi, ammo aholi talabini qondirish uchun yiliga 145 mingta xonadon qurish zarur.

Bu jarayon xususiy sektorni rivojlantirish barobarida, davlat ham yirik miqdordagi xarajatlarni amalga oshirishini taqozo etmoqda.

Budjet xarajatlariga talabalar yotoqxonalari ham qo‘shilmoqda

Yaqinda prezident boshchiligida o‘tkazilgan majlisda budjet xarajatlariga yana bir qurilish obekti – talabalar uchun quriladigan yotoqxonalar qo‘shilgani ma'lum bo‘ldi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Abduqodir Toshqulovning bildirishicha, 2021-2025 yillarda talabalarga jami 92 500 o‘ringa ega yotoqxonalar quriladi va buning uchun 4,4 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.

Bundan tashqari, 2021 yil 1 maydan boshlab respublikadagi 130 mingdan ziyod talabaga ijara to‘lovining yarmi davlat tomonidan qoplab beriladi.

2021 yilgi budjet prognozlari qanday?

Pandemiya hamon davom etmoqda. Bu davr iqtisodiy ko‘rsatkichlar aniqligini kamaytiradi. Albatta, O‘zbekiston iqtisodiy barqarorligi bevosita dunyo iqtisodiyotiga bog‘liq.

Inqiroz davrida respublika budjet sarfining o‘sib borayotgani, daromadlar xarajatlardan qariyb 5,4 foiz kam bo‘lishi kutilayotgani fonida tashqi qarz jalb qilishga asosiy urg‘u qaratilmoqda.

Moliya vaziri Timur Ishmetov 2021 yil uchun 5 milliard dollar miqdorida tashqi qarzi jalb qilish belgilanganini ma'lum qilgan. 2020 yilda olingan davlat tashqi qarzlari 5,3 milliard dollarni tashkil etgan.

Ayni paytda, O‘zbekistonning davlat qarzi YaIMning 40 foizidan oshgan.

Islombek Umaraliyev

Mavzuga oid