O‘zbekiston | 13:28 / 28.04.2021
16261
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va O‘zbekiston harbiy sohada hamkorlikni kuchaytiradi

Rossiya va O‘zbekiston mudofaa vazirlari 2021-2025 yillarda harbiy sohadagi o‘zaro aloqalarni tizimli holga keltirishga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqdi.

Foto: Rossiya Mudofaa vazirligi

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu va O‘zbekiston mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov Buxoro shahrida uchrashuv o‘tkazdi.

Ta'kidlanishicha, Rossiya va O‘zbekiston birinchi marta harbiy sohada sherikchilik dasturini ishlab chiqadi. Dastur ikki mamlakatning 2021—2025 yillarda harbiy sohadagi o‘zaro aloqalarini tizimli holga keltirishga mo‘ljallangan.

Rossiya mudofaa vaziri ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy hamkorlikning asosiy ustuvor yo‘nalishlari harbiy xavfsizlikni ta'minlash, O‘zbekiston qurolli kuchlarining jangovar salohiyatini mustahkamlash, harbiy kadrlarni tayyorlash bo‘yicha ikki tomonlama tadbirlarni o‘tkazish ekanini ta'kidlab o‘tdi.

«Ikki mamlakat ko‘plab sohalarda, shu jumladan, xavfsizlik sohasida o‘zaro muvaffaqiyatli hamkorlik qilmoqda. Bugungi kunda chaqiriqlar va tahdidlarga, ayniqsa, xalqaro terrorizmga qarshi birgalikda kurashish muhim. O‘zbekiston Rossiyaning Markaziy Osiyodagi strategik sherigidir», deb ta'kidladi Sergey Shoygu.

Rossiya mudofaa vaziri o‘zbekistonlik hamkasblarini «Rossiya Mudofaa vazirligining bu yilgi muhim voqealariga» — Xalqaro xavfsizlik bo‘yicha to‘qqizinchi Moskva konferensiyasi, Armiya xalqaro harbiy-texnik forumi va Xalqaro armiya o‘yinlariga taklif qildi.

Avvalroq, Rossiya Mudofaa vazirining O‘zbekistonga tashrifi haqida xabar qilingandi.

Shuningdek, Sergey Shoygu Tojikiston mudofaa vaziri Sherali Mirzo bilan Dushanbeda muzokaralar o‘tkazgan. Tomonlar havo makonidagi chegaralar himoyasini kuchaytirish uchun Rossiya va Tojikistonning havo hujumidan mudofaa bo‘yicha birlashgan mintaqaviy tizimini yaratish to‘g‘risidagi kelishuv loyihasini tayyorlagan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid