O‘zbekiston | 11:42 / 01.05.2021
398
3 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda aholining ichimlik suvi bilan ta'minlanganlik darajasi 83,5 foizga yetkaziladi

Xorazm viloyatida 2021 yil aprel oyi holatiga aholining 75,9 foizi ichimlik suvi bilan markazlashgan tarzda ta'minlangan, qolgan 22,8 foizi muqobil ichimlik suv manbalaridan foydalanadi, 1,3 foiziga ichimlik suvi maxsus transport vositalari orqali yetkazilmoqda.

Bu haqda «Xorazm suv ta'minoti» MChJ tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lumot berildi.

Viloyatda ichimlik suvi tarmoqlarining umumiy uzunligi 7471,3 km bo‘lib, shundan 1439 km qismi ta'mirtalab ahvolda.

2020 yilda 234,3 mlrd so‘m budjet mablag‘lari hisobidan 112ta obektda 1784 km ichimlik suv tarmoqlari, 57ta nasos stansiyasi  qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan holda, 99ta obektda 1602km tarmoqlar o‘tkazildi, 49ta nasos stansiyasi qurilib, foydalanishga topshirildi. 

Xorazm viloyati aholisini ichimlik suv xizmatini yaxshilash uchun barcha manbalar hisobidan 161,4 mlrd so‘m ajratilgan. 2021 yilda ushbu mablag‘lar hisobidan 53ta obektlarda 730,6 km ichimlik suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirish rejalashtirilgan.
Natijada yil yakuniga qadar aholining ichimlik suvi bilan ta'minlanganlik darajasi 83,5 foizga yetkaziladi.

Shuningdek, viloyatning Urganch, Xiva va Pitnak shaharlarida umumiy quvvati 102 ming m3 oqova suv tozalash inshootlari, 33 ta oqova suv haydash nasos stansiyalari, 214 km tarmoqlar bor. 

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida umumiy qiymati 74,6 mln dollar bo‘lgan «Xorazm viloyatining ichimlik va oqova suv tizimini modernizatsiya qilish» loyihasi doirasida 2020-2024 yillarda Bog‘ot, Gurlan, Qo‘shko‘pir, Shovot, Xonqa, Hazorasp va Urganch tumanlari aholisining ichimlik suv ta'minotini yaxshilash, Pitnak va Urganch suv tozalash inshootlarini rekonstruksiya qilish, jami 323,0 km uzunlikdagi ichimlik suv quvurlari va tarmoqlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish, Urganch, Xiva va Pitnak shaharlaridagi mavjud oqova suv tozalash inshootlarini rekonstruksiya qilish ishlari rejalashtirilgan.

Natijada, Urganch shahrida kanalizatsiya xizmati ko‘rsatish qamrovi 80 foizga, Xiva va Pitnak shaharlarida 70 foizga yetkaziladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid