Jahon | 23:55 / 03.05.2021
18642
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston Tojikistonni yer egallab olishga urinishda aybladi

Ta'kidlanishicha, Tojikiston harbiylarining harakatlari xalqaro kelishuv va shartnomalarga ziddir.

Foto: Elaman Karymshakov

Tojikistonning harakatlari Qirg‘izistonning suveren hududini egallab olish maqsadida rejalashtirilgan harbiy tajovuz hisoblanadi, deb xabar berdi Interfaks Qirg‘iziston bosh prokuraturasiga tayanib.

«Tojikiston harbiylarining harakatlari Qirg‘izistonning suvereniteti va yaxlitligiga nisbatan avvaldan rejalashtirilgan g‘alamislik va tajovuz ekanidan darak beradi. Hujum qiluvchi og‘ir qurollardan foydalanish Qirg‘iziston suveren hududini egallab olish maqsadida hujum avvaldan rejalashtirilgani va tashkil etilganini bildiradi», deyiladi mamlakat bosh prokuraturasi xabarida.

Ta'kidlanishicha, Tojikiston harbiylarining harakatlari xalqaro kelishuv va shartnomalarga ziddir.

Ushbu holat bo‘yicha sudga qadar tergov olib borish Qirg‘iziston davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi, IIV va harbiy prokuraturasi xodimlaridan iborat idoralararo tergov guruhiga topshirilgan. 

28 aprel kuni Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida yashovchi aholi o‘rtasidagi mojaro 29 aprel kuni ikki davlat harbiylarining qurolli to‘qnashuviga aylanib ketdi

1 may kuni Qirg‘iziston va Tojikiston o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imzoladi.

To‘qnashuvlar chog‘ida Qirg‘iziston tomondan 189 kishi jarohatlandi, 36 kishi vafot etdi. Tojikiston tomondan o‘nga yaqin fuqaro vafot etgani va 90dan ortiq kishi jarohat olgani xabar qilingan.

 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid