Jahon | 10:15 / 03.05.2021
11149
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston va Tojikiston chegaradagi qo‘shimcha kuchlarni to‘liq ortga qaytardi

Qirg‘iziston va Tojikiston chegaradagi nizo vaqtida u yerga joylashtirilgan qo‘shimcha kuchlarni ortga qaytarishni yakunladi. Bu haqda Qirg‘iziston tomoni ma'lum qildi.

«Tomonlar chegara chizig‘idagi qo‘shimcha kuchlar va vositalarni o‘z hududlari ichkarisiga qaytarishni yakunlashdi. Qirg‘iziston va Tojikiston mudofaa vazirliklarining zobitlaridan iborat qo‘shma komissiya qo‘shimcha kuchlar va vositalar joylashtirilgan hududlarni ko‘zdan kechirishni davom ettirmoqda», deyilgan xabarda.

3 may holatiga ko‘ra, ikki davlat chegarasidagi vaziyat barqaror qolmoqda. O‘tgan tun davomida ikki tomon o‘rtasida otishmalar va ko‘ngilsiz hodisalar yuz bermagan.

«Chegara bo‘linmalari kuchaytirilgan tartibda xizmatni davom ettirmoqda, qirg‘iz-tojik davlat chegarasining butun liniyasi nazorat qilinmoqda», deb ma'lum qilgan Qirg‘iziston tomoni.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, ikki davlat chegarasida yuz bergan 4 kunlik to‘qnashuvlar davomida Qirg‘izistonning 34 fuqarosi halok bo‘lgan, 178 fuqarosi jarohat olgan. Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligining ma'lum qilishicha, barcha halok bo‘lganlar o‘qotar quroldan o‘ldirilgan.

Shuningdek, ixtilof davomida Qirg‘izistonning Botken va Laylak tumanlaridagi 100dan ko‘proq obektga, jumladan, 78ta uyga, 10ta AYoQShga, 2ta maktabga zarar yetgan.

Norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Tojikiston tomonidan ixtilof vaqtida 10 nafargacha fuqaro halok bo‘lgan, 90dan ko‘prog‘i jarohat olgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid