Jahon | 16:32 / 03.05.2021
14750
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston bosh prokuraturasi Qirg‘iziston harbiy xizmatchilariga qarshi jinoiy ish ochdi

Tojikiston Bosh prokuraturasi mamlakat Jinoyat kodeksining 395 va 104 moddalari bo‘yicha Qirg‘iziston harbiy xizmatchilar va mahalliy aholisiga nisbatan jinoiy ish ochdi.

Foto: Asia-Plus

Joriy yil 29 aprel kuni Isfara shahrining Chorkuh jamoatiga bir guruh harbiy xizmatchilar va Qirg‘iziston mahalliy aholisi tomonidan sodir etilgan qurolli hujum bo‘yicha Tojikiston Bosh prokuraturasi jinoyat ishi ochdi.

«29 aprel kuni soat 11:00 atrofida Isfara shahrining Chorkuh jamoatiga 200 ga yaqin kishidan iborat bir guruh harbiy xizmatchilar va mahalliy aholi tomonidan sodir etilgan qurolli hujum bo‘yicha Tojikiston Bosh prokuraturasi mamlakat Jinoyat kodeksining 395 (tajovuzkor urush) va 104 (qotillik) moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi», – deya xabar bermoqda mamlakat prokuraturasi matbuot xizmati.

Bosh prokuratura ma'lumotlariga ko‘ra, provokatsiyaning qo‘zg‘atuvchisi Qirg‘iziston chegara qo‘shinlarining harbiy xizmatchilari bo‘lgan.

«Qurolli hujum natijasida, Isfara shahar hokimi Bahovaddin Bahodurzoda jarohat oldi va bir qancha fuqarolar halok bo‘ldi», – deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Tojikiston prokuraturasi Qirg‘iziston tomonining harakatlarini mamlakat hududiy yaxlitligiga tahdid sifatida baholab, BMT Nizomini buzganlikda da'vo qilmoqda.

Avvalroq, Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi 29 aprel kuni Botken viloyatidagi to‘qnashuvlar bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘aganini ma'lum qilgandi. Qirg‘iziston tomoni Tojikistonni 2004 yil 26 mayda Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida imzolangan yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani buzganlikda ayblagan.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Erkebek Ashirxo‘jayevning ma'lum qilishicha, chegaradagi voqealar bo‘yicha 11ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid