Jahon | 20:29 / 06.05.2021
6999
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston IIV qirg‘izlar mamlakatdan deportatsiya qilinayotgani to‘g‘risidagi xabarlarni rad etdi

Avvalroq Qirg‘iziston OAV Tojikiston Laxsh tumanidagi qirg‘iz pasportiga ega fuqarolarni deportatsiya qilishni boshlagani haqida xabar qilgandi.

Foto: Kaktus media

Tojikiston ichki ishlar vazirligi Qirg‘iziston ommaviy axborot vositalarining Laxsh tumanida yashovchi etnik qirg‘izlar deportatsiya qilinayotgani to‘g‘risidagi xabarini rad etdi.

Vazirlik bu ma'lumotni noto‘g‘ri va haqiqatga zid deb atadi.

«Qirg‘iziston OAVda berilgan xabarlar haqiqatga mos kelmaydi. Darhaqiqat, Laxsh rayonida ikki fuqarolikka ega etnik qirg‘izlar yashaydi. Bu normal holat. Ammo hech qanday pasport nazorati kuchaytirilmagan va qirg‘iz millatiga mansub fuqarolar chiqarib yuborilmagan», - deyiladi Tojikiston IIV xabarida.

Vazirlik OAVni «shusiz ham murakkab vaziyatni keskinlashtirmaslikka va tekshirilmagan ma'lumotlarni tarqatmaslikka» chaqirgan. 

Avvalroq Qirg‘iziston OAV Tojikiston Laxsh tumanidagi qirg‘iz pasportiga ega fuqarolarni deportatsiya qilishni boshlagani haqida xabar qilgandi.

«Qirg‘iziston fuqaroligiga ega bo‘lganlar aniqlanib, tuman markaziga olib ketilyapti. Ulardan zudlik bilan qirg‘iz pasportidan voz kechish va Tojikiston fuqaroligini olish talab qilinyapti. Bunga rozi bo‘lmaganlar «Karamik» chegara-o‘tkazuv punkti orqali Qirg‘izistonga deportatsiya qilinyapti. Ular hatto narsalarini yig‘ishtirishga ulgurmayapti», -deb yozgan 24.kg mahalliy aholiga tayanib.

 Tojikistonning Laxsh tumani shimolda Qirg‘izistonning Botken, janubda O‘sh oblasti bilan chegaradosh.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid