Jahon | 16:57 / 06.05.2021
9450
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Ukraina bilan chegarada Rossiyaning 75 ming nafar askari borligini aytdi

O‘z navbatida, Entoni Blinken Rossiya qo‘shinlarining bir qismi va texnikalarini Ukraina bilan chegaradan olib ketganiga qaramasdan, u yerda hali ham "sezilarli kuchlar" qolayotganini qayd etdi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina bilan chegaradagi Rossiya harbiylari sekinlik bilan olib ketilayotgani va shu bois Rossiya tomonidan harbiy tahdid saqlanib qolayotganini aytdi.

Zelenskiy AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida Ukraina bilan chegara bo‘ylab 75 ming nafar rossiyalik harbiylar va texnika joylashganini ma'lum qildi.

"Biz vaqtincha bosib olingan Qrimdan faqat 3,5 ming nafar harbiy olib ketilganini ko‘rmoqdamiz. Boshqa hech qayerda harbiylar kamayganini hozircha ko‘rmadik", - dedi u.

O‘z navbatida, Blinken Rossiya qo‘shinlarining bir qismi va texnikalarini Ukraina bilan chegaradan olib ketganiga qaramasdan, u yerda hali ham "sezilarli kuchlar" qolayotganini qayd etdi.

"Agar istasa, Rossiya qisqa vaqt ichida tajovuzkorona harakat boshlash imkoniyatiga ega", - dedi AQSh davlat kotibi.

22 aprelda Qrimda Rossiya qo‘shinlari harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Rossiya mudofaa vazirligining ma'lumotiga ko‘ra, mashg‘ulotlarda 10 mingdan ortiq askar, 1,2 ming birlik qurol va harbiy texnika, 40dan ortiq jangova kema va 20ta ta'minot kemasi qatnashdi.

Mavzuga oid