Jamiyat | 12:40 / 07.05.2021
74227
7 daqiqa o‘qiladi

Bog‘ibo‘ston qishlog‘iga qanday yirtqich hujum qilmoqda?

Farg‘ona viloyatidagi bu qishloq Furqat tumani markazidan 25 km uzoqlikda joylashgan. Asosan dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadigan qishloq ahli chorvalari noma'lum yirtqich hayvon hujumiga uchrab, nobud bo‘layotganini aytishmoqda.  

«Qishloqda 160 ta xo‘jalik bor. Aholi soni 900 nafardan ortiqroqni tashkil etadi. Bizning mollarimiz, eshaklarimiz, qo‘ylarimiz, umuman, nima uy hayvoni bo‘lsa ham, qanaqadir yirtqich yeb ketyapti», — deydi mahalla faoli Kamoliddin Matxoliqov biz bilan suhbatda.

Qishloq ahlining ta'kidlashicha, bunday voqea qishloqda 4 yildan buyon kuzatiladi. Avvallari onda-sonda kuzatilib turgan bunday holat, bugungi kunga kelib, odatiy holga aylangan. Aholi chorvalariga hujum qilayotgan noma'lum yirtqich bo‘ri bo‘lsak kerak, degan gumonda.

«Qorong‘i tushdi deguncha odamlar ham ko‘chaga chiqishga qo‘rqib qolishdi. Yosh bolalar, ayollar tashqariga chiqishga mutlaqo bezillab qolgan. O‘zimiz ham xavotirda yashayapmiz. Bugun chorvalarimizga hujum qilgan noma'lum yirtqich ertaga o‘zimizga ham hujum qilib qolsa, nima qilamiz?» — deydi suhbatdoshimiz Kamoliddin Matxoliqov.

Shu qishloqda istiqomat qiluvchi Ziyoda Yo‘ldosheva ham noma'lum yirtqich sabab chorvalaridan ayrilganlardan.

«Ikkita buzog‘imni g‘ajib ketdi. Bor-yo‘g‘im shu buzoqlarim edi. Qishloqda suv yo‘q. Dehqonchiliklarimiz ham unchalik yaxshi bo‘lmayapti. Tirikchiligimiz asosan shu chorva ketidan edi. Endi yana ikkita buzoq qilguncha ikki yil vaqt kutishim kerak. Ziyonga kirdik. Masalaga yechim yo‘q», — deydi Z.Yo‘ldosheva.

Aholi vakillari ushbu masalaga yechim izlab, bir nechta davlat idoralariga murojaat qilgan. Furqat tumani hokimligi, tuman ichki ishlar boshqarmasi, obodonlashtirish bo‘limi, ekologiya bo‘limi shular jumlasidandir. Mutasaddi tashkilotlarning ayrimlari fuqarolarning yozma murojaatlariga faqat yozma javob xati berish bilan kifoyalanmoqda. Masalani kelib o‘rganib ham ko‘rishgani yo‘q.

Furqat tumani ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi mutaxassisi Sarvar Shamsiddinov bog‘ibo‘stonlik fuqarolardan murojaat bo‘lganini tasdiqladi.

«Bizga fuqarolardan yozma murojaat bo‘lganidan so‘ng, murojaatga asosan, vaziyatni mutaxassislar bilan birga borib o‘rganganmiz. Masala shundaki, Bog‘ibo‘ston qishlog‘ining chekka-chekka joylarida qarovsiz qoldirilgan hayvonlarni, dalada qolib ketgan buzoq, qo‘y va boshqa hayvonlarni noma'lum yirtqich hayvon tomonidan o‘ldirib, bo‘g‘izlab, yarmini yeb, yarmini tashlab ketish holatlari uchragan. Aholi vakillari buni bo‘ri deb atayapti, lekin hech kim ko‘zi bilan ko‘rmagan», — deydi mutaxassis S.Shamsiddinov.

Mutaxassisning fikricha, aholi chorva mol-qo‘ylarini tomorqasida parvarishlab, tunda ham shu yerda qoldirishga odatlangan. Qishloqda to‘rt tomoni devor bilan berkitilgan chorva boqish uchun joylarni uchratish qiyin.

Bog‘ibo‘stonlik Ziyoda Yo‘ldosheva mutaxassis fikrini inkor etmadi. Aholi chorva mollarini haqiqatdan ham dala va yaylovlarda boqishga odatlangan. Qishloq ayollarining aksariyati hududdagi fermer xo‘jaligida ishchi bo‘lib faoliyat olib boradi. Shuning uchun ham ular dala chekkalarida chorva boqishga ruxsat olgan.

«Chorva, mol-qo‘ylarimizni dalalarda boqib, o‘sha yerga tashlab kelar edik. Endi bu voqeadan so‘ng uyimizga olib kelyapmiz. Afsuski, noma'lum hayvon endi uylarimizda ham yeb ketadigan bo‘ldi. Mol-qo‘ylarimizni og‘ilga qamab, kechasi bilan poylab chiqyapmiz», — demoqda qishloq ayollari.

Aslida, qishloqda aksariyat xo‘jalikliklarning atrofi ham o‘ralmaganligiga guvoh bo‘ldik. Chunki, bu yerlarda kengchilik. Aholining turmush tarzi shunday. Ana shu holat noma'lum yirtqichga qo‘l kelmoqda. Mazkur voqelik boshlangan kundan aholi it boqishga odatlangan. Biroq noma'lum yirtqich oldida bo‘ribosarlar ham ip esha olmayotgan ekan. Katta ehtimol bilan tunda chorvalarga hujum qilayotgan yirtqich hayvon bo‘ri bo‘lishi mumkin. Chunki, shu yaqin hududda bo‘rilarni ko‘rganlar bor. Mutaxassislarning fikricha, bo‘rilar uchta yoki undan ko‘p bo‘lsa, yolg‘iz odamga hujum qilishi mumkin ekan. Aholi shundan xavotirga tushmoqda.

Bog‘ibo‘stondan bir oz olisda joylashgan Qolgandaryo hududidagi qo‘ychilik fermasiga ham noma'lum hayvon katta talafot yetkazgan. 50 boshdan oshiq qo‘ylarni bo‘g‘izlab o‘ldirib yoki chalajon qilgani kuzatilgan.

Furqat tumani Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi mutaxassisi Sarvar Shamsiddinovning ma'lum qilishicha, mazkur voqeadan so‘ng tuman hokimligi, tuman IIB, obodonlashtirish, veterinariya bo‘limlari hamda ekologiya inspeksiyasi bilan birgalikda tungi guruh tashkillangan. Guruhga 5 ta ko‘ngilli ovchilar ham jalb etilgan holda voqea joyiga borib o‘rganilgan. 5 soat davomida hudud kuzatuvda bo‘lgan. Biroq, ishchi guruh hech qanday hayvonga duch kelmagan.

«Tegishli yoritish chiroqlari bilan ham ko‘rdik. Yarim chalajon bo‘lgan hayvonni qo‘yib turib, uzoqdan kuzatdik ham. Biroq odamlar aytgan noma'lum yirtqich kelmadi. Aholi buni bo‘ri demoqda, biroq biz buning bo‘ri ekanligiga aniq ishonch hosil qilmadik», — deya ma'lumot berdi ekologiya bo‘limi mutaxassisi.

Bog‘ibo‘stonliklar mazkur masalaga mas'ullar jiddiy e'tibor qaratishlarini so‘rar ekan, vaziyat kundan-kunga yomonlashib borayotgani, aholi xavotiri aslo pasaymaganini bildirib o‘tishdi. Xavotirni so‘ndirish uchun Furqat tumani mutasaddilari qanday yechim topishar ekan? Yoki ular kattaroq fojia ro‘y berishini — o‘sha aytilayotgan yirtqich uy hayvonlaridan odamlarga o‘tishini poylab turishibdimi?

Fayzullo Sultonov tayyorladi

Mavzuga oid