Oltiariqlik 57-raqamli askar: u 7 yil deganda urushdan ona qishlog‘iga qaytgan
Farg‘ona viloyati, Oltiariq tumani, Eskiarab qishlog‘i, Guzar mahallasida istiqomat qilgan Homidjon ota O‘zganov 1942 yilda – 17 yoshida urushga jo‘nab ketadi.
U 57-raqam bilan Stalingrad jangida ishtirok etgan. Jangchi ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan urush dahshatlarini boshidan kechiradi. Yapon urushida ham qatnashib 1949 yilda, 7 yil deganda uyga kirib keladi.
«1942 yilda Yo‘ldosh Oxunboboyev Farg‘onada o‘zbek diviziyasi tuzdi. Diviziyaga bor erkak va ayollarni oldi. 1925 yilda tug‘ilganman. 17 yoshda edim o‘shanda. Jangga kirishdan avval bizni obdon tayyorlashdi, o‘qitishdi. Jang qilish uchun ko‘nikmaga ega bo‘ldik.
Hitler «Moskvani yo‘qotasan», degan. 1942 yil Farg‘onaga yapon askarlarini olib kelishgan. 14 ta davlatni nemis bosib olgan ekan. Hozirgi Satkak buvada nemislardan qochib kelgan askarlar to‘planishgan. Pulemyotchilikka o‘qidim. Maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan bo‘lajak askarlarni ichimizdan tanlab frontga olib ketishdi.
Hali-xanuz yodimda. Frontgacha vagonda 40 kishi ketganmiz. Bo‘lajak askarlarni 3 yil o‘qitib, keyin qo‘liga qurol berarkan. Ungacha tanklar qarshi o‘ralar, okoplar qazib berganmiz.
Urushning sovug‘i qattiq bo‘larkan. O‘lganlarni qishda ko‘mdirmagan. O‘liklarga birov qaramagan. Odamlar uvol bo‘lib ketgan. Haqiqiy qirg‘inbarot jang bo‘lgan. Biz ana shunday kunlarni boshimizdan o‘tkazdik. U kunlar endi qaytib kelmasin», – deya so‘zlab bergan edi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda urush faxriysi Homidjon ota O‘zganov.
Otaxon 2000 va 2017 yillarda Haj ziyoratida bo‘lgan edi.
Homidjon ota O‘zganov bilan 2021 yilning mart oyida oxirlarida gaplashgan edik. Niyatimiz – otaning xotiralarini 9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida chiqarish edi. Bizga ma'lum qilishlaricha, urush faxriysi 4 may kuni olamdan o‘tgan. Yana bir tirik tarixdan ayrildik. Biz otaxonning yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor qilamiz. Oxiratingiz obod bo‘lsin, Homidjon ota.
Sarvar Ziyayev,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
12:39 / 12.11.2024
Farg‘onada korrupsiyaga qarshi kurashuvchi mansabdorning o‘zi korrupsiya bilan qo‘lga tushdi
13:10 / 10.11.2024
“Bahordan boshlab qishga tayyorlanamiz” – qish qarshisidagi farg‘onaliklar
10:06 / 10.10.2024
Farg‘ona viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
12:23 / 07.10.2024