O‘zbekiston | 10:24 / 12.05.2021
7283
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda dunyodagi eng katta qo‘lyozma Qur'oni Karim sahifasi qo‘lda ko‘chirib chiqildi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida dunyoda eng katta qo‘lyozma Qur'oni Karim sahifasini qo‘lda ko‘chirish ishlari yakuniga yetdi. Bu haqda Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, ushbu sahifa Boysunqur Mirzo tomonidan otasi sulton Shohruh Mirzo uchun maxsus ko‘chirilgan Boysunqur Qur'oni sahifasining biroz kattalashtirilgan takroridir.

“Sahifani Markaz xattoti, Toshkent Islom instituti bitiruvchisi Najmiddin Fayoziy Nuriddin o‘g‘li 6 oy mobaynida ko‘chirdi. Maxsus qog‘oz Yaponiyadan, bo‘yoqlar Turkiyadan keltirildi va sahifaga o‘zbek oltini suvi bilan hal berildi. Tabarruk sahifa Islom sivilizatsiyasi markazidagi Usmon Qur'oni uchun jihozlanayotgan xonaqohdan joy oladi”, – deyiladi xabarda.

Shuningdek, ayni damda Islom sivilizatsiyasi markazi qo‘lyozma Qur'on sahifasini Ginnes ro‘yxatiga kiritish yuzasidan muzokaralar olib borishga kirishgan.

Mavzuga oid