Norvegiya AstraZeneca vaksinasini qo‘llashdan voz kechdi
AstraZeneca britan-shved kompaniyasining koronavirusga qarshi vaksinasi Norvegiyada aholini emlashda qo‘llanmaydigan bo‘ldi. Bu haqda Norvegiya bosh vaziri Erna Sulberg ma'lum qildi.
«AstraZeneca vaksinasi emlash dasturidan to‘liq chiqarildi», deb ma'lum qilgan bosh vazir matbuot anjumanida.
Sulberg Johnson & Johnson kompaniyasining Janssen vaksinasini qo‘llash bo‘yicha alohida qaror qabul qilinishini qo‘shimcha qilgan. Uning ta'kidlashicha, hukumat «koronavirus avj olishi holatiga ko‘proq vaksina kerak bo‘lib qolishi ehtimoli sabab Janssen’ni hozircha omborlarda qoldirmoqchi».
Bosh vazirning ta'kidlashicha, Yevropa Ittifoqida 11 martda qo‘llash uchun ma'qullangan Janssen vaksinasi Norvegiyada hali qo‘llanmagan, chunki ushbu vaksinaning tromb hosil qilishi mumkinligi yanada ko‘proq o‘rganilishi lozim.
Sulbergning aytishicha, mamlakatda 18 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lganlarga emlash avval taxmin qilingandan ertaroq taklif qilinadi. Ular 40 yoshdan 44 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar bilan birga emlanishlari mumkin bo‘ladi. Bu qaror yoshlar infeksiyaning tarqalishiga ko‘proq sababchi bo‘layotgani bilan bog‘langan. Bosh vazirning ma'lum qilishicha, mamlakatda yoshlar o‘rtasida eng ko‘p kasallanganlar qayd qilingan.
25 yoshdan 39 yoshgacha kishilar esa oxirgi navbatda emlanadi. Hukumat rejasiga ko‘ra, 18 yoshdan katta barcha fuqarolarga vaksinaning birinchi dozasi iyul oxiri — avgust boshida taklif qilinadi.
Sulberg hozirda mamlakatda 1,5 mln kishi vaksinaning birinchi dozasini olgani, 500 ming kishi esa to‘liq emlanganini ma'lum qilgan.
10 may kuni Norvegiya hukumatidagi ekspertlar guruhi AstraZeneca va Johnson&Johnson vaksinalarini emlash dasturidan chiqarib yuborishni tavsiya qilgan. Shu bilan birga, ular xohlovchilarga bu vaksinalar bilan emlanish imkoniyatini saqlab qolishni taklif qilishgan.
Norvegiyadan tashqari Shvetsiya, Slovakiya va Fransiya ham AstraZeneca’ni qo‘llashdan voz kechdi. Bunga ushbu vaksina bilan emlanganlarda tromblar hosil bo‘lishi mumkinligi sabab bo‘lgan. 7 may kuni Fransiyada ushbu vaksina bilan emlangan ikki kishida kam uchrovchi miya trombozi qayd qilingan. Buning oqibatida ulardan biri — 60 yoshli ayol vafot etgan.
Mavzuga oid
19:45 / 22.11.2024
Norvegiyada AQSh elchixonasi qo‘riqchisi josuslikda gumonlanib qo‘lga olindi
12:00 / 21.11.2024
Norvegiya valiahd malikasining o‘g‘li zo‘ravonlik ishi bo‘yicha hibsga olindi
20:40 / 06.11.2024
AstraZeneca aksiyalari qiymati Xitoydagi tergovlar fonida tushib ketdi
13:50 / 25.10.2024