Jamiyat | 20:52 / 18.05.2021
68576
7 daqiqa o‘qiladi

«Shu maktabda o‘qimoqchi bo‘lsang, ro‘molingni yechasan» - maktab direktori o‘quvchilarga tahdid qildi

Toshkent viloyati Chinoz tumanida o‘zbekistonliklar uchun og‘riqli mavzu – xotin-qizlarning ro‘mol o‘rashi masalasida navbatdagi xunuk voqea sodir bo‘ldi.

Tumandagi 45-maktab direktori Zubayda Toshpo‘latova maktab o‘quvchilari bo‘lgan bir necha qizga ro‘mol o‘ragani uchun o‘dag‘aylagan va ulardan maktabga boshqacha libosda kelishini talab qilgan.

Holat audiosi internetda tarqalib, o‘zbek segmentidagi minglab foydalanuvchilar maktab direktorining sha'nida «iliq» so‘zlarni bildirib ulgurdi.

«Saylov o‘tib olsin, ko‘rasanlar»

Maktab direktorining bir gapi ayniqsa e'tiborni tortadi. Uning aytishicha, ro‘mol o‘rayotganlarga saylov yaqin bo‘lgani uchun indashmayotgan ekan (kim indamayotgani aytilmagan). Maktab direktori Zubayda Toshpo‘latovaning aytishicha, saylov o‘tganidan keyin hammasi boshqacha bo‘ladi va ro‘mol o‘raganlarning ota-onalari «ba'zi tashkilotlar» tomonidan surishtirilishi mumkin. Biroq mamlakatdagi «siyosiy holatdan boxabar» direktor qaysi tashkilotlar haqida gapirayotganini ochiq aytmagan.

«Sizlarga aytib qo‘yay, hozir [ro‘mol o‘rashingizga] indamayapti, saylov o‘tishini kutyapti. Saylov o‘tib olsin, ko‘rasanlar. Ota-onangni qanaqadir tashkilotlar kelib surishtirishi kerakmi senga? Undan ko‘ra hozir o‘qi, institutlarni bitirvol, keyin o‘rasang o‘rayverasan. O‘shanda ham davlat ishida ishlamasang», – degan direktor.

U qizlarning Islom universitetiga o‘qishga kirmoqchi ekani haqidagi gapini zaharxanda bilan qarshilab, bu oliygohga kirish uchun ro‘mol o‘rashning o‘zi yetarli bo‘lmasligini aytgan.

«Shu maktabda o‘qimoqchi bo‘lsang, ro‘molingni yechasan»

Maktab direktori qizlarning ba'zilaridan maktabda o‘qishni istasa, ro‘molini yechishini talab qilgan.

«Bu ikkalasi-ku 11-sinf, ketadi, lekin senlar maktabda o‘qimoqchi bo‘lsang, ro‘molingni yechasan. Qayerga nima deb borsang, mana shu gapimni yetkaz. Ro‘mollilar safi maktabda ko‘payib ketishini xohlamayman. Chunki maktabning o‘z ustavi bor.

Yo‘q, ro‘molimni yechmayman, desang, boshqa maktabda o‘qi. Sen ikkalang 11-sinf bo‘lganing uchun mayli, sharfni orqadan boylab kelasan. Oq sharf bo‘lsin, qora emas. So‘g‘diyona, ey, senga qayerdan vahiy keldi? Tepadan keldimi?» – degan 45-maktab direktori.

Ko‘p o‘tmay Zubayda Toshpo‘latova gapirgan gaplari uchun kechirim so‘rab chiqdi

Uning aytishicha, o‘quvchi qizlar bilan suhbatda «vakolati doirasida» harakat qilgan.

«Ro‘mol bilan saylov jarayonining aloqasi yo‘q. Faqatgina saylov vaqtida xalqaro kuzatuvchilar kelganda dunyoviy maktabga [nisbatan] ularning fikri o‘zgarmasligi uchun ularga tushuntirish ishlarini olib bordim. Bu borada menga hech kim buyruq bergani yo‘q.

Noto‘g‘ri tushunchaga ega ekanimni tushunib yetdim. Qilgan noto‘g‘ri munosabatim uchun jamoatchilikdan va ota-onalardan uzr so‘rayman», – degan direktor va o‘zi ham musulmon farzandi ekanini aytgan.

Maktab direktori o‘zi bilib yoki bilmay juda ko‘p mavzularda xato gaplarni aytgan. Tarqalgan audiodagi eng nozik gap saylov haqida.

2021 yil oktyabr oyida O‘zbekistonda prezidentlik saylovlari bo‘ladi. O‘qituvchi mana shu saylovdan keyin ro‘mol o‘raganlarga nisbatan munosabat o‘zgarishi, maktab o‘quvchilarining ota-onalari ro‘mol o‘ragani uchun surishtirilishini aytgan. Bu gap dunyoga ochilib, bu orqali iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishni ko‘zlayotgan O‘zbekistondek katta davlatga nisbatan tuhmat va haqoratdir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekistonda ro‘mol o‘rashga hech kim hech qachon qarshi bo‘lmaydi», degan va prezidentning aytgan gapi rasman davlat pozitsiyasi hisoblanadi.

Odamlarda davlatning pozitsiyasiga shubha uyg‘otish esa «siyosiy hushyorlik qilyapman» deb o‘ylagan maktab direktori tomonidan yo‘l qo‘yilgan qo‘pol siyosiy xatodir.

Shuningdek, o‘qituvchi O‘zbekiston saylovgacha boshqacha, saylovdan keyin boshqacha davlat bo‘lishini iddao qilgan. Albatta, direktor fuqaro sifatida davlatning siyosati haqida har qancha gapirishi, uni tanqid qilishi mumkin, lekin u minglab o‘quvchi va o‘qituvchilarga mas'ul davlat xizmatchisi sifatida boshqalarda davlat siyosati haqida boshqacha fikr uyg‘otishga urinishi qanchalik mumkinligini o‘ylab ko‘rish kerak.

Zubayda Toshpo‘latova maktab o‘quvchilariga keyinchalik ro‘mol o‘rayverishi, shunda ham davlat ishida ishlamasa, deb aytgan. Bu ham davlatning rasmiy pozitsiyasiga zid. Chunki davlat tashkilotlariga ro‘molda borish mumkin emas degan cheklov yo‘q. Yana o‘sha gap, prezident bu borada davlatning rasmiy pozitsiyasini bildirib bo‘lgan.

Direktorning navbatdagi chalg‘ituvchi gapi uning kechirim so‘rash bayonotida ko‘zga tashlanadi. Uning aytishicha, qizlarga saylov vaqtida xalqaro tekshiruvchilar kelganda dunyoviy maktab haqida boshqacha taassurot uyg‘otmasliklari uchun ro‘mol o‘ramasliklarini aytgan. Lekin mamlakatning kelajagi, bevosita iqtisodiy holatiga ta'sir qiluvchi kadrlarni tarbiyalashga mas'ul maktab direktori dunyoviy davlat fuqarolari ro‘molda yurganlardan qo‘rqmasligini, buni oddiy qabul qilishlarini unutgan. Masalan, AQSh demokratik partiyasining mashhur vakili Ilhan Omar saylovchilari oldida yoki kongressda ro‘molda chiqishiga hech kim qarshilik qilmaydi.

45-maktab direktorining ilmi ham haminqadar ekani ko‘rinib turibdi. U o‘quvchi qizlarning biridan ro‘mol o‘rash borasida vahiy qayerdan kelganini so‘ragan. Vahiy esa saralab olingan xos insonlar – payg‘ambarlarga Alloh tomonidan yuboriladigan mujdadir.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mamlakat hamma o‘z ishi bilan shug‘ullansagina rivojlanadi, boy bo‘ladi. Biz 30 yil ro‘mol o‘rash kerakmi yoki o‘ramaslik deb tortishib o‘tirganimizda, dunyoning o‘rtamiyona davlati Xitoy butun iqtisodiy gigantga aylandi. Yoki bo‘lmasa Turkiyani olaylik. U yerda ham bir vaqtda bizdagi muhokamalar bo‘lgan va turklar ajoyib kunlarning birida odam xohlagandek yashashi, davlat esa iqtisodiy rivojlanish haqida o‘ylash kerakligini tushunib yetishdi. Natijada shuncha yil faqat tarixi bilangina faxrlangan Turkiya bugun mintaqaning hamma hisoblashadigan gigantiga aylandi. Xulosa o‘zingizdan...

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid