O‘zbekiston | 09:38 / 18.05.2021
4480
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyat hokimligi: Rasul Kusherbayevdan umumiy qabul qilingan odob-axloq normalariga qat'iy amal qilishi so‘raladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev bloger Otabek Sattoriy haqida so‘z yuritib, «Surxondaryo viloyati hokimiga shu masalada alangali salom, deb qo‘ymoqchi edim. Otabek Sattoriyning qanday jigarlari, farzandlari bo‘lsa, u kishining ham xuddi shunday yaqinlari bor. Bu dunyo qaytar dunyo ekanligini unutmaslik kerak. Buni nima uchun aytayotganimni u kishi juda yaxshi bilib turibdilar, menimcha. Qolganlarga ham insof bersin», - deya fikr bildirdi.

Deputatning ushbu chiqishiga nisbatan Surxondaryo viloyat hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.

Rasmiy munosabatda: «Deputat Rasul Kusherbayev ommaviy axborot vositasidagi o‘z chiqishida Surxondaryo viloyati hokimiga nisbatan «U kishining ham xuddi shunday yaqinlari bor, qaytar dunyo bu» deya mavhum ayblov qo‘yib, tomoshabinlarda go‘yoki, bloger Otabek Sattoriyning sud ishiga viloyat hokimi aloqadordek fikr uyg‘otdi.

Deputat tomonidan Surxondaryo viloyati hokimiga nisbatan qo‘yilayotgan bu asossiz ayblov deputatlik odobi qoidalariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

Ta'kidlash lozimki, viloyat hokimligi tomonidan bloger Otabek Sattoriyga qarshi hech qanday harakat amalga oshirilmagan. Viloyat hokimligining ushbu ishga aloqasi yo‘qligi bois, sud jarayonida hokimlik hatto guvoh sifatida ham chaqirilmagan.

Qolaversa, odil sudlov faqat sud organlari tomonidan amalga oshiriladi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘zlariga qonun bilan belgilab berilgan vakolatlardan foydalangan holda ish yuritadi. Sud organlarining ishlariga aralashish hokimlik vakolatiga kirmaydi.

Shuningdek, protsessual normalarga asosan tomonlar birinchi instansiya sudining hal qiluv qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda yuqori instansiyalarga shikoyat qilish huquqiga ega ekanligi belgilangan.

Deputatlik odobi qoidalariga ko‘ra, deputat ommaviy axborot vositalarida chiqishda davlat organlari va boshqa organlarning faoliyatiga munosabat bildirganda, haqoratomuz ibora va so‘zlarni qo‘llashga, asossiz ayblovlarga yo‘l qo‘yishga haqli emasligi belgilab qo‘yilgan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, deputat Rasul Kusherbayevdan o‘z chiqishlarida deputatlik odobi qoidalariga hamda umumiy qabul qilingan odob-axloq normalariga qat'iy amal qilishi so‘raladi», deyilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid