O‘zbekiston | 22:39 / 21.05.2021
10763
3 daqiqa o‘qiladi

1 milliard so‘m va 40 mingdan ziyod yoshlar – «Toshkent 5 tashabbus harakati» festivali boshlandi

21 may kuni yoshlarni birlashtirishni maqsad qilgan «Toshkent 5 tashabbus harakati» boshlandi. Tadbirlar 25 maygacha davom etadi. Festivalda IT mutaxassislari, mediatorlar, vazirlar, jurnalistlar, yozuvchilar, blogerlar, vaynerlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Festival tashkilotchilaridan biri Abror Ismoilovga ko‘ra, maxsus dekoratsiya asosida qurilgan shaharchada 5 kun davomida muntazam ravishda turli tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

«Bularga ham madaniy, ham ma'rifiy tadbirlar kiradi. Bundan tashqari, asosiy urg‘uni siyosatchilar, deputatlar bilan uchrashuvlarga qaratdik  hamda intellektual o‘yinlar tashkillashtirdik. Festivalda 40 mingdan ziyod yoshlar ishtirok etadi», – dedi u.

Abror Ismoilov

Qayd etilishicha, dastur doirasida Tashkent Dance Fest va Tashkent Voice Fest raqs va vokal tanlovlari, Brain Ring intellektual o‘yini va Street Art tanlovi bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, futbol, Street Ball, stol tennisi, armrestling va Street Workout bo‘yicha musobaqalar tashkil etiladi.

Yosh IT mutaxassislar o‘z bilim va ko‘nikmalarini «ProjectX» ideatoni va Tashkent Cyber Cup-2021da namoyon etishlari mumkin. Birinchi tanlovda ishtirokchilar jamoalarga bo‘linadi va ta'lim, innovatsiyalar, ishsizlikka qarshi kurash, sog‘liqni saqlash hamda ekologiya bo‘yicha loyihalar ishlab chiqishadi. Eng yaxshi startap tadbir homiylari tomonidan moliyalashtiriladi.

Festival doirasida qizlar uchun Women Networking Week o‘tkaziladi. Unda jamoalar 4 yo‘nalish: ilm-fan va texnologiyalar (STEM), biznes, ijtimoiy soha hamda art bo‘yicha loyihalarini taqdim etadi. G‘olib jamoalar homiylar tomonidan rag‘batlantiriladi.

Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev matbuot anjumanida tadbir bosh g‘oyasi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Behzod Musayev

«Bu tadbirga bitta yakuniy nom qilib, «Yoshlar, birlashaylik» desak bo‘ladi. Chunki yoshlar ko‘p joyda tarqoq. Asosiy maqsad – birlashish. Bu yerda ko‘p odamlar yangi tanish orttiradi. Bir-biri bilan ahillashadi. Bo‘lib o‘tadigan turli anjumanlar orqali bir-birini ko‘rish, bilish, tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi», – dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bu festivalga 1 milliard so‘m sarflangani va bunday tadbirlarni tashkillashtirish uchun 10–15 kun emas, yillar ketishini ma'lum qildi.

Mavzuga oid