O‘zbekiston | 12:24 / 25.05.2021
6259
3 daqiqa o‘qiladi

«Bu faqat ijobiy natija beradi» – Moliya vaziri davlat banklari xususiylashtirilsa, budjet xarajatlari kamayishini aytdi

Moliya vaziri Timur Ishmetov bugungi kunda davlat banklarini xususiylashtirish jarayoni ketayotgani, ularni sotish tizimni rivojlantirishi va budjet xarajatlari kamayishiga olib kelishini ma'lum qildi.

Vazirlik rahbari Toshkentda o‘tkazilayotgan besh tashabbus festivalida davlat banklarini xususiylashtirishning ijobiy jihatlari haqida gapirdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, vazir uzog‘i bilan uchta yirik davlat banki xususiylashtirilsa, 12 oy davomida bozorda katta o‘zgarishlar bo‘lishini aytdi.

«O‘tgan yili prezident qarori bilan keyingi 5 yilda bank tizimini isloh qilish strategiyasi tasdiqlangan. U yerda aniq ko‘rsatilganki, bir necha banklargina xususiylashtirilmaydi. Qolganlari xususiylashtiriladi. Hozirda shu strategiya doirasida ish ketmoqda.

Har bir bankka tegishli tashkilotlar yollangan. Banklarni ozgina epaqaga keltirib, sotsa bo‘ladigan tijorat banklariga aylantirish kerak. Bu ish deyarli barcha davlat banklarida jadal amalga oshirilmoqda.

Kuni kecha Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ikkita kichik bankni sotuvga qo‘ydi. Qiziquvchilar bo‘lsa sotiladi.

Bundan tashqari, kamida bitta katta yirik bankni shu yilning oxirigacha xususiylashtirish rejalashtirilgan. Uni hozir ayta olmayman. Chunki jarayon ketyapti. Keyingi yilda esa bundan ham ko‘proq, 3 ta yirik bankni xususiylashtirish rejamiz bor.

Bu faqatgina ijobiy natijaga olib keladi. Birinchidan, Moliya vazirligi sifatida davlat banklaridan, ya'ni qanaqadir boqimandalardan qutulamiz. Chunki ular doim pul va resurs so‘raydi. Faqat xarajat. Ikkinchi tomondan, bu albatta sifat olib keladi. Chunki xususiylashtirilganda strategik investorga, ya'ni bu shunchaki puli bor boy odamga emas, haqiqatan ham bank sohasida yuqori malakali bo‘lgan tashkilotlarga sotiladi. Ya'ni xorijiy banklarga. Ular o‘zining to‘g‘ridan to‘g‘ri sifatli yangi mahsulotlarini olib keladi. Va bozorda sifatli xizmatlar paydo bo‘lib, qolgan banklar orasida ham raqobat yuzaga keladi.

Aminmanki, ikkita yoki uzog‘i bilan uchta yirik davlat banki xususiylashtirilsa, 12 oy davomida bozorda ko‘zga ko‘rinadigan juda katta o‘zgarishlar bo‘ladi», dedi Timur Ishmetov.

Avvalroq, Markaziy bank departamenti direktori Sanjar Nosirov 2021 yilda 6 ta bank xususiylashtirishga tayyorlanishi, bitta bankni strategik investorlarga sotish bo‘yicha choralar ko‘rib borilishini ma'lum qilgandi.

Xususan, «Sanoatqurilishbank», «Asaka», «Ipoteka», «Aloqa», «Turon» hamda «Qishloqqurilishbank» banklari xususiylashtirishga tayyorlanishi, «Agrobank», «Milliy bank» va «Mikrokreditbank» esa davlat ulushida qolishi bildirilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid