O‘zbekiston | 08:38 / 25.05.2021
4154
4 daqiqa o‘qiladi

Metroda yo‘lovchi tashish bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy tartibga soluvchi normativ hujjatlar amalda mavjud emas - Agentlik

Foto: KUN.UZ

Yo‘lovchilar hayoti, sog‘lig‘i va xavfsizligini ta'minlash, transport vositalari xavfsizligi – transport kompaniyalarining yo‘lovchilar oldidagi asosiy vazifalaridan biri. Ammo, keyingi vaqtlarda poytaxt aholisi yerosti transportida tez-tez muammolarga duch kelmoqda. Yo‘lovchilar tomonidan suratga olinayotgan videorolik keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, poytaxt aholisi orasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lyapti.

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan poytaxt metropoliteni yo‘lovchilarining huquqlarini himoya qilish maqsadida olib borilgan ishlar natijalariga ko‘ra, iste'molchilarga bevosita metropolitenda yo‘lovchilarni tashish bilan bog‘liq munosabatlarni huquqiy tartibga soluvchi normativ hujjatlar (“Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida”gi qonundan tashqari) amalda mavjud emasligi ma'lum bo‘ldi. 

“Holbuki, mamlakatimizda temir yo‘l, havo hamda avtomobil transportlarida yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagaj tashish qonun bilan aniq tartibga solingan. Agentlik, shuningdek, Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina va boshqa mamlakatlarning metropolitendan foydalanish va eskalatorda o‘zini tutish qoidalari, yo‘lovchilar xavfsizligi, bagaj va qo‘l yuklarini tashish hamda ularni saqlash tartibi, tijorat obektlari va reklamalarni joylashtirish tartiblari bo‘yicha tajribalarini o‘rgandi. Bunday hujjatlar iste'molchilar uchun ochiq manbalarda berilgan”, deyiladi ma'lumotda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, agentlik Transport vazirligiga iste'molchilar huquqlari va xavfsizligini to‘laqonli ta'minlash maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar taqdim etgan:

1. Yo‘lovchilar hayoti, sog‘lig‘i va xavfsizligini ta'minlash nuqtayi nazardan metropolitenda yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagaji tashish qoidalarini ishlab chiqish hamda normativ-huquqiy hujjat shaklida tasdiqlash hamda unda quyidagilar: yo‘lovchi va tashuvchi huquq va majburiyatlari, avariya va texnik nosozliklar yuzaga kelganda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan harakatlar (batafsil yoritgan holda), avariya va texnik nosozlik sababli xizmat ko‘rsatish to‘xtatilganda yo‘lovchiga yetkazilgan zararlarni (shu jumladan to‘langan pullarni) qoplab berish aniq tartibi va mexanizmlari; yo‘lovchi-iste'molchilar bilan pullik hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi; metropolitenda yo‘lovchi xavfsizligini ta'minlashning davlat kafolatlarini nazarda tutish zarur;

2. Moddiy-texnik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, metropoliten xizmatlarining sanitariya-gigiyena, shu jumladan, radiologiya, epidemiyaga qarshi talablarga va amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ko‘rsatilishini hamda yo‘lovchilar hayoti, sog‘lig‘i, atrof-muhit uchun xavfsiz bo‘lishiga, shuningdek, uning mol-mulkiga zarar yetkazmasligiga kafolat berilishi imkoniyatlarini ta'minlash;

3. Aholining axborot xabardorligini yanada oshirish, xizmat ko‘rsatish qoidalarini tushunarli (videografikli, animatsiyali) tarzda yo‘lovchilarga yetkazish, shu jumladan bekat va vagonlardagi monitorlarda muntazam ravishda berib borish.

“Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart, shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.

Shunga ko‘ra, ijrochi (tashuvchi)ning aybi bilan yo‘lovchi belgilangan manzilga yetkazib qo‘yish ta'minlanmagan taqdirda ijrochi yo‘lovchini belgilangan boshqa transport vositasi orqali belgilangan manzilga yetkazib qo‘yish yoki yo‘lovchi tomonidan to‘langan pul mablag‘larini qaytarish choralarini ko‘rishi shart, deyiladi agentlik ma'lumotida.

Mavzuga oid