O‘zbekiston | 18:13 / 28.05.2021
1947
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda xatolik tufayli pensiya bir necha oy to‘lanmay qolgan onaxonning pensiyasi to‘lab beriladi

Bundan bir necha kun oldin Kun.uz’da Samarqandda 84 yoshli onaxonning pensiyasi hech qanday sababsiz berilmagan, murojaatlar e'tiborsiz qolgani yoritilgan edi. Pensiya jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi xatolik bartaraf etilganini va onaxonning to‘lanmay qolgan bir necha oylik pensiyasi to‘lab berilishini ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, Samarqand shahar Galaosiyo mahallasida istiqomat qiluvchi, 1937 yil 30 dekabrda tug‘ilgan Barno Xalilovaga dastlab 1992 yil 15 fevralda boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi tayinlangan bo‘lib, nafaqa pullari 2021 yil fevral oyiga qadar oyma-oy to‘lab kelingan. Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi miqdori 446 012 so‘mni tashkil etgan.

Barno Xalilovaning mart va aprel oylari uchun boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi PK «Pensiya» dasturiga to‘lov muddati xato qo‘yilganligi sababli to‘xtab qolgan. Unga 2021 yil 26 yanvardan TMEK tomonidan 1-guruh nogironi, deb tashxis qo‘yilgan. Shu sababli, uning boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi 2021 yil 1 fevraldan nogironlik nafaqasiga o‘tkazilib, bir oylik nogironlik pensiyasi 710 202 so‘mni tashkil etgan. Ushbu tayinlangan nogironlik nafaqasi 2021 yil may oyida Barno Xalilovaga to‘lab berish uchun to‘lov qaydnomasi yuborilgan bo‘lsa-da, ushbu pensiya pullari Xalilova Barno tomonidan talab qilib olinmagan.

Ta'kidlanishicha, Barno Xalilovaga 2021 yil fevral oyi uchun 214 190 so‘m, mart oyi uchun 710 202 so‘m, aprel oyi uchun 710 202 so‘m va may oyi uchun 710 202 so‘m, jami bo‘lib 2 344 796 so‘m nafaqa pullari to‘lanmay qolgan. Pensiya jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi Barno Xalilovaga to‘lab berilishi kerak bo‘lgan nafaqa pullari iyun oyi to‘lov qaydnomasi orqali bir yo‘la to‘lab berilishini ma'lum qilgan.

Shuningdek, onaxonning pensiyasini hisoblashda mas'uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan xodimga intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid