O‘zbekiston | 17:40 / 28.05.2021
12870
6 daqiqa o‘qiladi

Samarqandning abgor ahvoldagi 9 ko‘chasi: ular chang-to‘zon va tirbandlikka sabab bo‘lmoqda

Samarqand shahri ko‘chalarida keng miqyosdagi obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Juda ko‘plab ko‘chalar qaytadan loyihalanib, kapital ta'mirlanmoqda. Biroq...

Albatta, barchasi samarqandliklar hamda shahar mehmonlarining qulayligi uchun amalga oshirilayotgani aniq. Lekin shoshilinch tarzda, birvarakayiga ko‘plab ko‘chalarning qazib tashlangani oqibatida shaharda transport kollapsi kelib chiqqan.

Ehtimol, mutasaddi rahbarlarning g‘ildiragi katta, oynasi qoraytirilgan mashinalaridan bu noqulayliklar bilinmas yo ko‘rinmas, lekin Samarqand xalqining qiynalayotgani rost. Ular «oyning yorug‘ o‘n besh kuni»ni sabr bilan kutishmoqda. Holbuki, bu masala shaharliklarni kamida ikki yildan buyon qiynamoqda. Kun.uz avval ham bu mavzuda chiqish qilgan edi.

Oldinga o‘tib aytish mumkinki, ko‘chalarning barchasi yil oxirigacha to‘liq ta'mirlanib foydalanishga topshirilishi viloyat hamda shahar rahbarlari, mutasaddilar tomonidan va'da qilinmoqda.

Kun.uz muxbirlari bugungi Samarqand ko‘chalaridagi vaziyat bilan yaqindan tanishib chiqishdi.

Bo‘stonsaroy ko‘chasi. Shaharning markaziy ko‘chalaridan biri bo‘lgan ushbu ko‘cha kengaytirilmoqda. Aholi uylari «snos» qilingan. Rudakiy ko‘chasi bilan kesishmada tunnelli yangi yo‘l o‘tkazgich barpo etilmoqda. Shuningdek, Siyob kanali ustidan o‘tadigan ko‘prik ham ko‘tariladi va kengaytiriladi. Ayni paytda ko‘chaning bir qismi yopib qo‘yilgan, avtomobillar yo‘lining yarmidan ikki tomonlama harakat qilishmoqda.

Ro‘dakiy ko‘chasi. Bo‘stonsaroy va Dahbed ko‘chalari chorrahalarida qurilish ishlari olib borilmoqda. Siyob bozori yaqinida nihoyat aholi uylari «snos» qilinib, ko‘cha kengaytirilmoqda. Ayni paytda tramvay yo‘llarini yotqizish, ko‘chani loyiha bo‘yicha qum-shag‘al to‘shamasiga tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Ko‘chaning bu qismi qatnov uchun berkitilgan.

Akademik Vohid Abdullayev ko‘chasi. Samarqand Xalqaro aeroportiga eltuvchi bu ko‘cha o‘zi yaqinginada kengaytirilib, asfaltlangan edi. Endi negadir uning bir qismidan asfalt qoplamasi shilib olingan. Ko‘cha berkitilmasdan ta'mirlash ishlari olib borilmoqda.

Zarafshon shohko‘chasi. Kengaytirilib, mukammal ta'mirlangan Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasidan M37 yo‘liga olib chiquvchi Zarafshon shohko‘chasida ham katta qurilish ishlari boshlangan. Yo‘lning qoplamasi ostidagi tuproq qazib olinib, tosh-shag‘al yotqizilmoqda. Chang to‘zon ko‘tarilib, ko‘chadagi umumiy ovqatlanish korxonalarining aksariyati vaqtincha ish faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Ko‘cha qatnov uchun berkitilgani e'lon qilingan bo‘lsa-da, mashinalar hammayoqni changga to‘ldirib qatnashmoqda.

Sadriddin Ayniy ko‘chasi. Bu ko‘chada Turkiya firmasi bilan hamkorlikda gaz, ichimlik suvi, kanalizatsiya tarmog‘i o‘tkazilishi munosabati bilan ko‘chaning bir qismi qazib tashlangan. Qatnov yo‘lning qolgan yarmisida davom ettirilmoqda va katta tirbandliklar keltirib chiqarmoqda.

Abdurahmon Jomiy ko‘chasi. Shaharning qoq markazida joylashgan ko‘chaning hozircha faqat shahar hokimligi yonidan o‘tuvchi qismi asfaltlangan. Qolgan qismida harakat cheklangan va asfalt yotqizish ishlari davom ettirilmoqda. Bugun sanab o‘tgan ko‘chalarimiz ichida bir hafta–o‘n kun muddat ichida — eng tez bitadigani shu ko‘cha.

Dahbed ko‘chasi. Ushbu ko‘chada asfalt kesilgan, qazilgan, so‘ngra qandaydir quvur o‘tkazilgan. Ish tugagach, shunchaki shag‘al bilan ko‘mib qo‘yilgan. Asfaltlashni esa unutishgan. Ko‘chani to‘liq asfaltlash reja qilingandir, degan yaxshi gumonga borib qo‘ya qoldik.

Ali Qushchi ko‘chasi. So‘g‘diyona mavzesida joylashgan ushbu ko‘chada ham asfalt yo‘l ostiga quvur yotqizish ishlari davom etmoqda. Buning evaziga yo‘l qisqargan va avtomobillar tirbandligi yuzaga kelmoqda. Umid qilamizki, quvur yotqizish ishlari tugagach, yo‘lsozlar darhol ko‘chani avvalgi ko‘rinishiga keltirib qo‘yishadi.

Xishrav yo‘li ko‘chasi ham ijtimoiy tarmoqlarda haqli e'tiroz keltirib chiqarayotgan ko‘chalardan biri. Darg‘om kanali ustidan o‘tgan ko‘prik qismida asfaltning yuqi ham qolmagan. Qolaversa, ko‘cha bo‘ylab quvur yotqizilgach, shunchaki shag‘al bilan ko‘mib qo‘yilgan. Bu esa haydovchilarga noqulaylik keltirib chiqarmoqda.

Qayd etib o‘tish joizki, Samarqandda harakat uchun noqulaylik bo‘lib turgan ko‘chalar mana shulargina emas. Biz ataylab eng markaziy ko‘chalarni sanab chiqdik. Bulardan tashqari, ta'mirlashga muhtoj boshqa ko‘chalar ham bor.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov prezident raisligida o‘tkazilgan selektorlardan birida viloyatda asfalt qorishmasi ishlab chiqarish bir necha baravarga ortganini ta'kidlab o‘tgan edi. Umid qilamizki, yozning bulutsiz va yog‘insiz kunlari, pandemiya chog‘ida turistlar kamroq tashrif buyurayotganidan unumli foydalanib ko‘chalar mukammal ta'mirlanadi, Samarqand shahri ko‘chalari tez orada o‘zining ravonligi va qulayligi bilan tillarga tushadi.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist.
Fotosuratlar muallifi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid