Yozgi intrigalar: Katta murabbiylarning ko‘chishi, top-klublar afsonalari va yosh yulduzlar
2021 yilning yozgi transferlarida Yevropa klublarida global o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda.
Asosiy jihatlar:
- «Barselona», «Siti», «Tottenhem», «Real» va «Yuventus»ning asosiy yulduzlari ketishi mumkin. Ularning aksari shunchaki yetakchilar emas, balki o‘z jamoalarining 21 asrdagi ramzlaridir;
- Yangi to‘lqinning asosiy qahramonlari — Erling Holand va Kilian Mbappe — o‘sishni va o‘z faoliyatlarida cho‘qqiga chiqishni istashmoqda. Bu kategoriyaga Sancho, Donnarumma va Kamavingani ham qo‘shish mumkin;
- Katta klublar faollik bilan murabbiylarni o‘zgartirmoqda: «PSJ», «Inter», «Real», «Chelsi», «Bavariya», «Leypsig», «Borussiya» D, «Borussiya» M, «Bayyer», «Roma», «Napoli», «Lill», «Lion», «Tottenhem» va «Yuventus» klublari yangi murabbiylar bilan ilk transferlar oynasini o‘tkazadi. Bu ro‘yxatga «Barselona» ham qo‘shilishi mumkin;
- Yozda Yevropa chempionati bo‘lib o‘tadi va bu hamisha qo‘shimcha transferlarga sabab bo‘ladi;
- Yozgi transferlar qizg‘in o‘tishiga qarshi bo‘lishi mumkin bo‘lgan yagona omil — iqtisodiy inqiroz. Futbolchilarni avvalgi kabi yuqori narxlarda sotishga urinadigan sotuvchilar va xaridorlar o‘rtasida jiddiy qarama-qarshilik yuzaga kelishi tayin. Bu omil savdolarni to‘xtata olmaydi, lekin transferlar murakkablashib, uzoq vaqt davom etadi.
1. Leo Messi va uning kelajagi.
Shartnoma muddati tugamoqda, rasmiy qaror esa hali ma'lum emas. Xabarlar turlicha: «Barsa» hozirgi miqdordagi maoshni taklif eta olmaydi, ko‘k-anorranglilar qayta qurish davrida va keyingi mavsumda YeChL g‘olibligi uchun da'vogarlik qilishi juda qiyin. Bu vaqtda esa «PSJ» tomonidan jiddiy qiziqish bor, parijliklar katta maosh to‘lashga tayyor, Neymar ham klubda qoldi, qo‘shimchasiga argentinalik tanish murabbiy Pochettino va kuchayish bo‘yicha rejalar. Boshqa tomondan, Leo bir yildan buyon klub tomon qadam tashlamayapti. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, kataloniyaliklar unga 10 yillik shartnoma (2 yil klubda o‘ynash, 3 yil klub elchisi sifatida MLSga borish va keyin qaytib klubda ishlash bo‘yicha 5 yillik shartnomaga ega bo‘lish). U yana o‘ylab ko‘rib, baribir klubda qolishga qaror qilishi mumkin.
2. «Barselona»da ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilishi kutilmoqda.
Leoning qarori qanday bo‘lishidan qat'i nazar, klubning yangi prezidenti o‘zgarishlarni anons qilgan. Lekin aynan qanday o‘zgarishlar bo‘lishi hozircha noma'lum, OAVda Kuman, Pike, Buskets, yana 10ga yaqin futbolchi ketishi haqida yozilgan. Prezident Messi bilan yangi shartnoma bo‘yicha ishlar davom etayotganini ma'lum qilgan.
Joan Laporta: «Biz Chempionlar ligasini erta tark etdik, La Ligadagi mag‘lubiyatga izoh yo‘q. Ko‘pdan ko‘p qarorlar qabul qilinadi. Biz «Barsa» milliy turnirlarda ham, Chempionlar ligasida ham raqobatbardosh jamoaga aylanishi uchun qattiq ishlashimiz kerak. Bu bir siklning yakuni bo‘ladi».
Bu juda jiddiy gaplar, agar chempionat boy berilganidan keyin muxlislarga taskin berish uchun aytilgan navbatchi gaplar bo‘lmasa. Kuzatamiz.
3. Aguero «Siti»ni tark etadi, Veynaldum — «Liverpul»dan, Depay «Lion»dan ketadi.
Serxio 10 yildan ortiq vaqt davomida yangi «Siti»ning yuzi, boylik va muvaffaqiyatli davr ramzi bo‘ldi. Yoshi o‘tgach esa Kun Manchesterda juda kam o‘ynay boshladi, ammo u hali katta futbolda yana ikki-uch yil to‘p surishda davom etishi mumkin. Xuddi Veynaldum kabi.
Depay esa yosh va «MYu»dagi muvaffaqiyatsizlikdan keyin ikkinchi bor top-klubda o‘zini ko‘rsatishga urinib ko‘rishi mumkin.
Ularning barchasi «Barsa»ga keladimi? Bu kataloniyaliklar uchun sifat tomondan kuchayish bo‘lardi, ammo bunday transferlar haqida hozircha faqat insayderlar yozishmoqda. Aguero va Veynaldum masalasi hal qilib bo‘lingani aytilayotgan bo‘lsa, Depay bo‘yicha ko‘p narsa mavhum. Aftidan, bu moliyaviy masalaga taqaladi.
4. Mbappe «PSJ»dan ketadimi?
Shartnoma 2022 yil yozigacha tuzilgan. «PSJ» Neymar, Di Mariya, Navas va Draksler bilan shartnomalarni yangiladi, ammo «Parij»ning asosiy aktivi hamon intrigani saqlab turibdi. Aftidan, Kilian «Real»ga o‘tishni istamoqda, «Real»dagilar ham uni juda ko‘p vaqtdan buyon uni tarkibda ko‘rishni istashadi, ammo «Madrid» bu transferni qanday hal qilishi savol ostida.
Vaziyatni «PSJ» xo‘jayinlarining pozitsiyasi murakkablashtirmoqda, ular Mbappeni saqlab qolish uchun bor imkoniyatlarni ishga solishmoqchi. Ular bunga qodirliklarini Neymar bilan bog‘liq vaziyatda ham ko‘rsatishgan, «Barsa»ga qaytishi deyarli hal bo‘lgan futbolchi yangi shartnoma tuzishga ko‘ndirilgandi.
Avvalroq «PSJ» hujumchiga 2025 yilga qadar amal qiluvchi shartnoma taklif qilgan, futbolchi esa Yevropa chempionati yakunini kutmoqchiligini ma'lum qilgandi.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Zidan Mbappening qaroriga ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Jurnalist Nikolo Shiraning yozishicha, shu kunlarda «Real»ni tark etgan Zinedin Zidan parijliklar boshqaruviga kelishi kutilmoqda. Qayl etilishicha, Zidanning kelishi Kilian Mbappe klub bilan yangi shartnoma imzolashini ta'minlaydi.
OAVning yozishicha, «PSJ»ni shu yil qishda qabul qilib olgan bosh murabbiy Maurisio Pochettino «Tottenhem»ga qaytadi, u shuningdek, Antonio Konte va Raul bilan birga «Real» short-listida turibdi.
5. Serxio Ramos «Real» bilan xayrlashadimi?
Futbolchi jarohati tufayli mavsumning ko‘p qismini o‘tkazib yubordi va Ispaniya terma jamoasining Yevro-2020 uchun qaydnomasiga kiritilmadi. Uning «Real» bilan yangi shartnomasi bo‘yicha yakuniy qaror yo‘q.
«Real» maoshni kamaytirgan holda 1 yillik shartnoma taklif qilmoqda, Ramos — 2 yillik shartnoma istamoqda. Marca ma'lumotiga ko‘ra, Florentino Peres agar kelishuvga erishib bo‘lmasa, ushbu himoyachini qo‘yib yuborishga qarshi bo‘lmaydi. «Real»da markaziy himoyada Militao va Nacho bor, qolaversa, Madridga Germaniyadan erkin agent maqomida Alaba kelmoqda.
6. Varan ham ketadimi?
Varan bilan shartnomani uzaytirish (shartnoma muddati 2022 yil yozigacha) — rahbariyat uchun yoshi kattaroq Ramos bilan yangi shartnoma tuzishdan ko‘ra ustuvorroq vazifa, ammo bu borada ham ilgarilash kuzatilmayapti. Agar yaqin vaqtlar ichida kelishuvga erishilmasa, «Real» fransuz futbolchisini keyingi yil tekinga qo‘yib yubormaslik uchun shu yilda sotishga harakat qiladi. Arzonlashgan narxdagi Rafaelga da'vogarlar ko‘p bo‘lishi tayin.
7. Harri Keyn Gari Nevillga bergan intervyusida yangi chaqiriqlar istayotganini yashirib o‘tirmadi.
Shu bilan birga, u Angliyadan ketmoqchi emas, shu tufayli unga da'vogarlar doirasi «Siti», «MYu», «Chelsi» va «Liverpul» bilan cheklanadi, ammo uning uchun so‘raladigan narxni ro‘yxatdagi faqat uch klub to‘lay olishi mumkin.
— Mening kasbim — g‘alaba qilish. Ha, men ham g‘olib bo‘lishni istayman. Men uchun faoliyatim yakunida hech narsadan afsuslanmaslik muhim. Men o‘z salohiyatimni to‘liq ro‘yobga chiqarishni istayman. Men hech qachon butun faoliyatimni «Tottenhem»da o‘tkazishimni aytmaganman. Yanada o‘sa olishimni his qilyapman. Ronaldu va Messi darajasiga chiqishni istayapman — bu mening maqsadim. Buni yo‘llar ayrilishi deb atash mumkinmi? Menimcha, ha. Men bu masalani klub bilan muhokama qilib olishim darkor. Ehtimol, Levining o‘zi ham meni sotishni istar. Birdan u shunday o‘ylab qolar: «Agar sen uchun 100 mln funt berishsa, nima uchun yo‘q?» Axir men ikki-uch yildan keyin men uchun buncha mablag‘ to‘lamasliklari mumkin.
U katta ehtimol bilan 19 may kuni «Aston Villa»ga qarshi «Tottenhem»ning uy stadionidagi oxirgi uchrashuvini o‘tkazdi.
8. Janluiji Donnarumma — yana bir katta lot.
Agent Mino Rayola ko‘p vaqt davomida mijozi uchun katta maosh va o‘zi uchun katta komissiya puli talab qilib keldi. Yakunda «Milan» yulduzli tarbiyalanuvchisi bilan xayrlashishga qaror qildi va uning o‘rniga «Lill»dan Menyanni sotib oldi. Paradoks shundaki, yangi darvozabon transferi, uning maoshi bilan qo‘shib hisoblaganda ham, Donnarumma bilan shartnomani uzaytirishdan ancha arzonroqqa tushdi. Janluiji esa «Yuventus» safiga borib qo‘shilishi mumkin.
9. «Yuventus» baribir Chempionlar ligasiga yo‘llanma olgach, Ronaldu ketishi haqidagi gap-so‘zlar kamaydi, ammo Krishtianu «MYu»ga qaytishi haqidagi gaplarni butunlay istisno qilib ham bo‘lmaydi. U «Yuve»ga to‘rtinchi o‘rinni olish uchun kelmagani aniq. Klub Pirloni ham iste'foga chiqardi va jamoa keyingi mavsumda hozirgidan yaxshiroq bo‘lishiga kafolat yo‘q, shu tufayli Yevro-2020 chempionatidan keyin Krish yangi jamoa haqida jiddiyroq o‘ylay boshlashini kutish mumkin.
10. Erling Holand — yozda klubini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan yana bir yulduzli futbolchidir.
Aprel oyida uning agenti va otasi Yevropa bo‘ylab turne o‘tkazdi va futbolchiga qiziqish bildirayotgan klublar vakillari bilan uchrashishdi. «Dortmund» YeChLga yo‘llanma olgan bo‘lsa-da, Erling baribir ketishi oydinlashmoqda.
Rayola Holandning «Borussiya»ga transferi xato bo‘lganini tan olgan: «Men unga biroz bo‘shashish va nisbatan kattaroq klubga emas, Dortmundning «Borussiya» klubiga o‘tishni tavsiya qilganimda xato qilgan ekanman».
11. Jyeydon Sanchoning boshqa chempionatga o‘tishi ham shu yoz ro‘y berishi kerak.
U Dortmundda yana bir yil ushlanib qolgandi, ammo bu yozda ketadi. To‘g‘ri, bu oson amalga oshmaydi, unga «Borussiya» talab qilayotgan 100 milliono yevroni to‘laydigan klub topilishi qiyin.
12. Yosh yulduzlar mavzusi: Eduardu Kamavinga «Renn» bilan klub tarixidagi ilk Chempionlar ligasida ishtirok etdi, ammo endi qolishdan ma'no yo‘q. Konferensiyalar ligasi — albatta, yo‘qdan ko‘ra yaxshi, ammo Yevropa grandlaridan qiziqish bo‘lib turganda, qolish mantiqsizlik. Ushbu yosh futbolchiga «PSJ» jiddiy taklif bergan, ammo boshqa variantlar ham paydo bo‘lishi aniq.
13. Yozda klubini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan boshqa futbolchilar:
Hoqon Chalxono‘g‘li: «Milan» bilan shartnomani uzaytirmayapti;
Jyek Grillish va Deklan Rays: «Aston Villa» va «Vest Hem» yulduzlariga APLning top-klublari xaridor bo‘lmoqda;
Ikardi: u Pochettino davrida asosiy tarkibga kirishi savol ostida;
Moyze Kin: «PSJ»da kuchli mavsum o‘tkazdi, ammo bu mavsum ham o‘ynashi uchun uni «Everton»dan sotib olish kerak bo‘ladi;
Ussem Auar: o‘tgan yodzda transfer amalga oshmay qolgandi, ammo bu safar u «Lion»ni tark etishi tayin.
14. Yana bir kategoriya — shartnomasi 2022 yil yozida yakunlanadigan, shu tufayli yoki shu yozda sotish yoki yangi shartnoma tuzish kerak bo‘lgan futbolchilardan iborat.
Paulo Dibala
Pol Pogba
Ansu Fati
Leon Goretska
Pedri
Usmon Dembele
Frank Kessi
Lorenso Insine
Marsel Zabitser
Dani Karvaxal
Marselo Brozovich.
15. Konte va klub rahbariyati o‘rtasidagi ziddiyat kutilmagan tarzda yakunlandi.
Konte chempionlikdan ko‘p vaqt o‘tmay «Inter»ni tark etdi. Mister sovrinni himoya qilish va YeChLdagi natijalarni yaxshilashda yordam beruvchi futbolchilar sotib olishini istadi, xo‘jayinlar esa iqtisod qilish va budjetdagi teshiklarni yopish uchun yetakchilarni sotishni. Aftidan, murabbiy ortidan Hakimi, Shkrinyar, Martines, Lukaku kabi futbolchilar ham ketadi.
16. Zidan «Real»dan yana bir marta ketdi.
Deyarli transferlarsiz boshlangan juda qiyin mavsumni o‘nlab jarohatlar yanada qiyinlashtirdi va yakunda jamoa birorta sovrinsiz qoldi. Fransuz mutaxassis charchadi, u vatani Fransiyadan ish topishi mumkin, Madrid klubi esa qayta qurish davriga kirmoqda.
17. Murabbiylar almashinuvi futbolchilar transferlariga ham ta'sir ko‘rsatadi.
Masalan, «Roma»dagi yorqin mavsumdan keyin Genrix Mxitaryan Joze Mourino kelgani tufayli klubdan ketadi. Genrix qayerga ketishi — so‘roq ostida, ehtimoliy variantlardan biri «Zenit». Armanistonlik futbolchi RPLda legioner deb hisoblanmaydi, u piterliklarga YeChLdagi ishtirokini yaxshilashda yordam ko‘rsatishi mumkin, Peterburg klubi bunday yulduz futbolchi uchun pulni ayamaydi.
18. «Roma»da — Joze Mourino, «Fiorentina»da — Gattuzo, «Inter», «Napoli» va «Sassuolo» yangi murabbiy qidirmoqda.
Andrea Pirlo o‘rniga «Yuventus»ga Allegri qaytadi, Simone Indzagi ham «Latsio» bilan yangi shartnoma tuzmayapti, uni «Inter» bosh murabbiyligi uchun asosiy nomzod sifatida ko‘rishmoqda.
19. Germaniyada ro‘y berib bo‘lgan o‘zgarishlar.
Hans-Diter Flik: «Bavariya» — Germaniya milliy jamoasi;
Yulian Nagelsmann: «Leypsig» — «Bavariya»;
Jyessi Marsh: «Zalsburg» — «Leypsig»
Marko Roze: «Borussiya» M — «Borussiya» D
Adi Hyutter: «Ayntraxt» — «Borussiya» M
Oliver Glasner: «Volfsburg» — «Ayntraxt»
YeChLga qaytgan «Volfsburg» yangi bosh murabbiy izlamoqda, «Bayyer» shu kunlarda Hannes Volfning tayinlovini e'lon qiladi. Natijada Bundesliga yetakchilari bo‘lgan 8 klubdan 7tasida bosh murabbiylar o‘zgaradi, faqat «Union»da Urs Fisher o‘z postini saqlab qoladi.
20. Fransiyada chempion bo‘lgan «Lill»dan bu jaomani qurgan Kristof Galte ketdi, u «Nitssa»da katta maosh va tarkibni kuchaytirish uchun kafolatga ega bo‘ldi. «Lion»da ham yangi murabbiy bo‘ladi. «Chelsi» (Tuxel) va «PSJ» (Pochettino) bu yozda yangi murabbiylar bilan ilk transferlarni amalga oshiradi. Shuningdek, «Tottenhem» bosh murabbiyligi masalasi ochiq qolmoqda.
Mavzuga oid
19:01 / 15.10.2023
Qozog‘iston dosh berolmadi, Ronaldu va Mbappe hal qildi. Yevro-24 saralashida tur yakunlari
01:02 / 03.11.2020
Yevropa chempionati 12ta davlat o‘rniga bir davlatda o‘tkazilishi mumkin – UYeFA
10:00 / 01.07.2019
Ispaniya yoshlar terma jamoasi – 5 karra Yevropa chempioni
02:23 / 09.06.2019