Sport | 19:01 / 15.10.2023
57605
28 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston dosh berolmadi, Ronaldu va Mbappe hal qildi. Yevro-24 saralashida tur yakunlari

7-turdan keyin qator guruhlarda yo‘llanma masalasini hal qilgan va deyarli hal qilgan jamoalar ma’lum bo‘lib ulgurdi. Turnirda bir necha syurpriz jamoalar ham bo‘lishi mumkin.

A guruhi

Ispanlar shotlandlardan qasdini oldi

Ispaniya — Shotlandiya 2:0
Gollar:
Morata (73), Sanset (86). 
Ispaniya – Simon, Karvaxal (Navas, 67), Laport, Le Norman, Balde (F.Garsiya, 46), Merino (Sanset, 67), Rodri, Gavi, Oyarsabal (Saragosa, 46), Torres, Morata (Xoselu, 85).
Shotlandiya – Gann, Hiki, Makkenna, Hendri, Porteus (Gilmor, 87), Roberson (Patterson, 44), Makginn, Kristi (Armstrong, 79), Makgregor (Maklin, 87), Maktominey, Dayks (Adams, 79)

Fakt shuki, Sevilyadagi o‘yinga Ispaniya emas, balki saralash siklida sensatsiya ko‘tarib, besh o‘yinda besh g‘alabaga erishgan Shotlandiya guruhning yakkapeshqadami sifatida yetib keldi. Britaniyaliklar «Qizil furiya»ning saralash bosqichlaridagi 22 o‘yidan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasiga barham bergandi, pireneyaliklar esa qasos olish o‘tida yonayotgandi. Birinchi hujumdayoq Ferran Torres hisobni ochganida ispanlar tarkibidagi muammolar haqida hech kim eslab o‘tirmasdi.

Ammo u xato zarba berdi, Morataning goli esa ofsayd tufayli bekor qilindi va tanaffusga qadar hisob ochilmay qoldi. Mudofaa yetakchilaridan biri Tirnisiz o‘ynagan mehmonlar esa jarohat tufayli o‘z sardori Robersondan ayrildi. Chunki shotlandlar bo‘lim davomida himoyada o‘ynadi, to‘psiz harakatlanishga majbur bo‘ldi va ilk bor 45 daqiqalikda darvoza sohasiga biror marta zarba yo‘llay olmadi.

Bu safar ham Maktominey qahramonga aylanishi mumkin edi. O‘tgan hafta oxirida zaxiradan tushib ikki gol urgan holda «MYu»ga g‘alaba keltirgan yarimhimoyachi jarima zarbasidan aylanma zarba yo‘lladi va burchakni aniq nishonga oldi. Ammo VAR ofsaydda qolgan Hendri darvozabonga xalal bergan deb topdi va barchasini yo‘qqa chiqardi.

Yakunda Ispaniya baribir raqibni taslim etdi. Ikkinchi bo‘limda maydonga tushib, milliy jamoadagi debyutini o‘tkazgan futbolchilar, jumladan, dam olish kunlarida «Barselona» darvozasiga ikki gol yo‘llagan Saragosa o‘yinga impuls berdi. Natijani esa tajribali jokerlar ta’minlashdi — 37 yoshli Xesus Navas qanotdan Morataga ideal uzatma berdi. Shotlandiya ilk mag‘lubiyatidan qutulishga harakat qildi, ammo o‘yin oxirida qanotda toyib ketgan Hiki Sansetga debyutini gol bilan nishonlash imkonini taqdim etdi.

Kipr — Norvegiya 0:4
Gollar:
Syorlot (33), Holand (65, 72), Eursnes (81).
Norvegiya – Nyuland, Ryuerson, Ayyer, Estigor, Meling, Eursnes (Finne, 88), Edegor (Torstvedt, 78), Berge, Solbakken (Bobb, 63), Syorlot (Nusa, 64), Holand (Larsen, 77).

Dastlabki ikki o‘rinni egallash uchun imkoniyati juda kam bo‘lgan Norvegiya qilishi kerak bo‘lgan ishni bajarmoqda - o‘z o‘yinida g‘alaba qozonish. Dastlab Holand ishi yurishmadi, bo‘limning ikkinchi yarmida esa Serlot milliy jamoadagi 50-o‘yinida rikoshet orqali hisobni ochdi. Milliy jamoadagi gollari sonini 17 taga yetkazib olgan «Vilyarreal» forvardi o‘z otasi — 1994 yilgi jahon chempionatida ishtirok etgan Yyeran Serlotni ikki golga ortda qoldirmoqda.

Holand esa ikkinchi bo‘limda baribir o‘z maqsadiga erishib, chiroyli gol urdi. Uzun oyoqlari hisobiga havodagi to‘pga yetib olgan futbolchi bir teginish bilan uni yaqin «to‘qqizlik»ka joylashtirdi. «Manchester Siti»ning so‘nggi to‘rt o‘yinini golsiz tark etgan Erling barcha energiyasini shu zarbaga yo‘naltirgandek edi. Ruhiy yukdan qutulganidan keyin u ikkinchi bo‘limda Serlot o‘rniga tushirilgan Nusaning uzatmasini ham golga aylantirdi. «Bir o‘yinga bir gol» grafigiga chiqib olgan (milliy jamoadagi 27 o‘yinda 27 gol) Holand ham shundan keyin dam olishga yo‘l oldi. Skandinavlar yetakchilari keyingi turda, bugun Ispaniyaga qarshi bo‘lib o‘tadigan o‘yin uchun kuch tejashdi.

15 oktyabr. Gurjiston — Kipr, Norvegiya — Ispaniya.

V guruhi

Niderlandlarni greklarga qarshi jang kutmoqda

Niderlandiya — Fransiya 1:2
Gollar:
Hartman (83) — Mbappe (7, 53). 
Niderlandiya – Verbryuggen, Gertryuyda, van Deyk, Ake (van de Ven, 80), Hartman, Dumfris (Frimpong, 62), de Ron (Viffer, 46), Verman, Reynders, Simons (Bergveyn, 80), Vegorst (Malen, 38).
Fransiya – Menyan, Kloss (Gyusto, 80), L.Ernandes, Konate, T.Ernandes, Rabo, Tchuameni, Koman (Jiru, 71), Grizmann (Fofana, 87), Mbappe, Kolo-Muani (Tyuram, 80).

Niderlandiya milliy jamoasi boshqaruviga qaytgan Ronald Kuman ilk o‘yinida Fransiyadan 0:4 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. Jamoaning muammolari shundan keyin ham davom etdi. Saralash bosqichining sentabr oyidagi o‘yinlarida greklar va irlandlar ustidan qozonilgan g‘alabalar tufayli vaziyat biroz yaxshilangan bo‘lsa-da, hali guruh masalasi tuman ichida qolmoqda. Muammolar jahonning amaldagi vitse-chempionlari fonida yaqqol ko‘rinmoqda.

21 yoshli Verbryuggen — Niderlandiya darvozasida so‘nggi 54 yillikdagi eng yosh darvozabon — oltinchi daqiqadayoq gol o‘tkazdi. Mbappe Klossning uzatmasidan keyin to‘pni to‘xtatmasdan darvozaga yo‘lladi va milliy jamoadagi gollari soni bo‘yicha Mishel Platini bilan tenglashib oldi. Bunga ishonish qiyin, ammo Kilian buyuk fransuz hujumchisi bilan bir xil grafikni qayd etdi — 72 o‘yinda 41 aniq zarba.

Ammo bu — tanaffusgacha bo‘lgan ish. Ikkinchi bo‘lim boshida to‘pni to‘sin ostidan darvozaga aniq yo‘llagan Mbappe milliy jamoa tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar reytingida Platinini ham ortda qoldirib, to‘rtinchi o‘rinni yakka o‘zi egallab turibdi. Agar uning keyingi zarbasi to‘sindan qaytmaganida, milliy jamoalar miqyosida o‘zi uchun sevimli raqibga urgan gollari evaziga (6 gol) Grizmannga (44) yaqinlashib olgan bo‘lardi. Yanada oldinroqda esa Jiru (54) va Tiyerri Anri (51) bor.

Faqat 2:0 — juda ishonchli hisob emasdi. Agar Malenning goli unga assistentlik qilgan Akedagi ofsayd tufayli bekor qilingan bo‘lsa, milliy jamoaga yangi chaqirilgan Hartaman yaqin burchakka yo‘llagan zarbasi bilan Menyanni dog‘da qoldira oldi. Ammo bu hali hammasi emasdi — Bergvayn to‘pga yeta olganida mezbonlarni mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan bo‘lardi. Shu bilan birga, bu o‘yindagi durang Niderlandiyaning vaziyatini jiddiy o‘zgartira olmasdi, barchasi keyingi turda greklarga qarshi hayot-mamot jangida hal bo‘ladi, Fransiya esa 6 o‘yinda yuz foizlik natija qayd etgan holda muddatidan oldin Yevro-2024 yo‘llanmasini hal qildi.

Irlandiya — Gretsiya 0:2
Gollar:
Yakumakis (20), Masuras (45+4). 
Irlandiya – Bazunu, Daffi, Doerti, Kollinz (Menning, 46), Skeylz, Braun (Jonston, 70), Kallen, Nayt, Smollboun (Robinson, 70), Ogbene (Ida, 86), Fergyuson.
Gretsiya – Vlahodimos, Rota, Retsos, Mavropanos, Tsimikas, Bakasetas (Siopis, 88), Mantalos, Kurbelis (Buxalakis, 64), Pelkas (Xatsiyovanis, 64), Masuras (Kulerakis, 88), Yakumakis (Ioannidis, 70).

Gretsiya asosiy raqobatchisining mag‘lubiyatidan foydalandi. Dublindagi o‘yinda ellinlar kuchli ekani ko‘rinib turardi va Yakumakis Tsimikasning uzatmasidan keyin bosh bilan aniq zarba berib hisobni ochdi. Masuras esa birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda hisobni qulay ko‘rinishga keltirdi. Jamoa ikkinchi bo‘limda aql bilan harakat qildi va dushanba kuni Afinada niderlandlarga qarshi bo‘ladigan o‘yin uchun kuch tejab o‘ynadi. Gretsiyani ikkinchi o‘ringa o‘tkazib yuborgan niderlandlarda Yevropa chempionatiga yo‘llanma olish uchun boshqa yo‘l ham bo‘lishi mumkin. Gap Millatlar ligasi guruh bosqichi g‘oliblarining pley-off o‘yinlari orqali yo‘llanma olish haqida bormoqda.

16 oktyabr. Gibraltar — Irlandiya, Gretsiya — Niderlandiya.

S guruhi

Italiyani inglizlar bilan hal qiluvchi o‘yin kutmoqda 

Italiya – Malta 4:0
Gollar:
1:0 – 22 Bonaventura, 2:0 – 45 Berardi, 3:0 – 63 Berardi, 4:0 – 90 Frattezi.
Italiya – Donnarumma, Darmian, Manchini, Bastoni, Dimarko (Udodji, 79), Bonaventura (Biragi, 87), Barella (Frattezi, 65), Lokatelli, Berardi (Orsolini, 65), Raspadori, Kin (Skamakka, 79).
Malta – Bonello, Pepe, Muskat, Apap, Kamenzuli, Kristensen (Muskat, 66), Giyome, Yankam (Nvoko, 84), Mbong (Attard, 66), Montebello (Satariano, 55), Mbong (Payber, 84).

Bukmekerlar mojarosi tufayli Tonali va Dzaniolodan ayrilgan Italiya maydonga ukrainlar kutilganidek makedonlar ustidan g‘alaba qozonganini bilgan holda chiqib kelishdi. Yakunda «Skuadra adzurra» ham kutilganidek ikkinchi o‘rinni o‘ziga qaytarib oldi. Shu bilan birga, italiyaliklarda avvaliga vaziyatlardan foydalanish bo‘yicha muammolar kuzatildi. Bir necha vaziyatda mezbonlardan omad yuz o‘girdi, Manchinining zarbasi to‘singa tegdi.

Yakunda ajoyib formada bo‘lgan futbolchilar gol urishdi, ammo tom ma’noda alohidalik kasb etdi. Zarbaning chiroyidan tashqari, Bonaventura uchun bu milliy jamoa safidagi ilk gol bo‘ldi - 34 yoshu 53 kunlikda. Bungacha Italiyada hech kim bilan bunday bo‘lmagan.

Bunday o‘yinlarda asosiysi — aynan birinchi golni urib olish bo‘ladi, shundan keyin voqealar rivoji favorit ssenariysi bo‘yicha ketadi. Hatto Berardi ham milliy jamoada uch yil cho‘zilgan sukutini buzdi. Dubl muallifi milliy jamoada 2021 yilgi Millatlar ligasida «To‘rtlik finali»dan buyon gol urmagandi. Ikkinchi golni urganidan keyin forvard zaxiraga olindi, u Angliyaga qarshi kechadigan og‘ir o‘yin uchun kuch tejashi kerak edi. Seshanba kuni «Uembli»da bo‘lib o‘tadigan o‘yindagi mag‘lubiyat jamoani uchinchi o‘ringa tushirib yuborishi ham mumkin. Lekin nima bo‘lganda ham italiyaliklar uchun barchasi noyabrda Makedoniya va Ukrainaga qarshi kechadigan o‘yinlarda hal bo‘ladi. Ammo muvaffaqiyatsizlikka uchralgan taqdirda ham Yevroga zaxira yo‘li bor — Millatlar ligasi guruh bosqichlari o‘rtasidagi pley-off orqali.

Ukraina – Shimoliy Makedoniya 2:0
Gollar:
1:0 – 30 Sudakov, 2:0 – 90 Karavayev.

17 oktyabr. Angliya — Italiya, Malta — Ukraina.

Turkiya guruhdagi raqobatchisini yengdi

D guruhi

Xorvatiya — Turkiya 0:1
Gol:
Yilmaz (30). 
Xorvatiya – Livakovich, Stanishich, Shutalo, Gvardiol, Barishich (Sosa, 80), Modrich, Kovachich (Belo, 80), Brozovich, Pashalich (Mayer, 63), Brekalo (Vlashich, 63), Musa (Petkovich, 63).
Turkiya – Chaqir, Bardakchi, Akaydin, O‘zkajar, Chalxono‘g‘li, Qahvachi (Akgun, 65), O‘zjan, Yuksek (Ayxan, 86), Kadio‘g‘li, Akturko‘g‘li (Yildiz, 86), Yilmaz (Yildirim, 75).

Turklar sentabrda bosh murabbiyni almashtirdi, Shtefan Kuns o‘rniga Vinchenso Montella tayinlandi. O‘z vaqtida «Adana Demirspor»da ishlagan italiyalik mutaxassis turk futbolidan xabardorligi ma’lum edi, ammo mehmonlarning Osiyekdagi o‘yini baribir hayron qoldirdi. Shu bilan birga, Montella — klubda bo‘lgani kabi — klassik markaziy hujumchisiz sxemani tanladi.

Bu bir tomondan kadrlar muammosi tufayli majburiy taktika bo‘lsa ham, reja ish berdi. Livakovich bir necha bor qutqardi, ammo xorvatlar bosimni oshirgandek va tashabbusni to‘liq o‘z qo‘liga olgandek ko‘ringan mahalda, turklar qarshi hujum uyushtirdi. Uning yakunida milliy jamoa safidagi ilk golini urgan Barish Yilmaz to‘pni oldinga chopib chiqqan darvozabon ustidan oshirib tashladi. 

Ikkinchi bo‘limda u yanada qulayroq vaziyatda gol ura olmadi va o‘yin oxiri asabiy tus oldi. Ammo Turkiya mezbonlar bosimiga dosh beroldi, vaziyatlardan birida monitorga yaqinlashib, to‘p Hoqon Chalxono‘g‘lining qo‘liga tegmaganini tasdiqladi. Montella esa 2010 yildan buyon turklar boshqaruvidagi ilk o‘yinida g‘alaba qozongan ilk xorijlik murabbiyga aylandi.

Latviya — Armaniston 2:0
Gollar:
Ikauniyek (39), Balodis (68).

15 oktyabr. Turkiya — Latviya, Uels — Xorvatiya.

Ye guruhi

Albaniya bir oyog‘i bilan Yevroda

Albaniya — Chexiya 3:0
Gollar:
Asani (9), Seferi (51, 73). 
Albaniya – Berisha, Hyusay, Jimshiti, Ayyeti, Mitay, Bayrami (Muchi, 67), Ramadani, Aslani, Asani (Muya, 54), Tsikaleshi (Daku, 67), Seferi (Gyasula, 86).
Chexiya – Pavlenka, Tsoufal, Brabets, Golesh (Provod, 46), Kreychi, Yurasek (Doudera, 86), Souchek, Sadilek, Cherni (Glojyek, 64), Xitil, Kuxta (Chvanchara, 64).
Chetlatish: Xitil (39).

Sensatsiya jamoalardan biri Albaniya sentabr oyida polyaklar va chexlarga qarshi o‘yinlarda to‘rt ochko olib, guruh g‘olibiga aylanib oldi. Shu bilan birga chexlarda o‘yinlar soni bitta kam edi va bu turdagi o‘zaro o‘yindan keyin barchasi o‘zgarib ketishi ham mumkin edi. Ammo albanlar uyda doimo kuchli o‘ynashadi va ularning faolligi Asanining uzoqdan yo‘llagan zarbasi evaziga hisobdagi ustunlikni ham ta’minladi. Mehmonlar vakili Xitil bir amallab to‘pni darvozaga joylaganida esa VAR u to‘pni qo‘li bilan o‘ynaganini qayd etdi. Natijada — gol bekor qilindi va «Viktoriya» forvardi ikkinchi sariq kartochkani olib maydonni tark etdi.

Ko‘pchilik bo‘lib qolgan Albaniya qarshi hujumlarda raqibni jazoladi va bir necha metrdan turib to‘pni darvozaga yo‘llagan Seferi amalda o‘yin masalasini hal qildi. Ikkinchi bo‘limda o‘yinga qo‘shilgan Daku esa yana golli hujumda qatnashdi, sentabr oyida debyut kunida u Polsha darvozasini ishg‘ol etgandi, bu safar Seferini bo‘sh burchak qarshisiga chiqardi - 3:0. Chexiya yirik hisobda mag‘lub bo‘lib, uchinchi o‘ringa tushib ketdi, Albaniya esa deyarli Yevroda.

Farer orollari — Polsha 0:2
Gollar:
Shimanskiy (4), Buksa (65). 

Saralash siklida muvaffaqiyatsizlikka uchragan Polshaga Fernandu Santushning iste’fosidan keyin Mixal Probej bosh murabbiy etib tayinlandi. Bungacha yoshlar jamoasini boshqargan mutaxassis jarohat tufayli safdan chiqqan Levandovskisiz boshlashiga to‘g‘ri keldi, ammo Farer orollarida usiz ham uddalash mumkin edi. Shimanskiy o‘yin startidayoq aylanma zarbasi bilan hisobni ochdi, ikkinchi bo‘limda Buksa hisobni ishonchli ko‘rinishga keltirdi. Polyaklar ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi, oldinda esa ikkita muhim uy uchrashuvi kutmoqda. Bugun bu siklda hayron qoldirayotgan Moldavaga qarshi o‘yin bo‘lib o‘tadi, noyabrda esa — Chexiya bilan.

15 oktyabr. Chexiya — Farer orollari, Polsha — Moldaviya.

F guruhi

Lukaku Peleni ortda qoldirdi

Avstriya — Belgiya 2:3
Gollar:
Laymer (72), Zabitser (84, penalti) — Lukebakio (12, 55), Lukaku (58). 
Avstriya – Shlager, Linhart, Danzo (Baydu, 66), Veber (Prass, 71), Laymer, Vimmer (Zabitser, 79), Shlager, Grillich, Baumgartner (Cham, 66), Zayvald, Sarkariya (Kalayjich, 66).
Belgiya – Zels, Kastan, Vertongen, Fas, Teate, Mangalya (Tilemans, 64), Onana, Lukebakio (Bakayoko, 71; Vermeren, 87), Doku (Keyta, 88), Lukaku, Openda (Karrasko, 46).
Chetlatish: Onana (78). 

Ralf Rangnik va Domeniko Tedesko qarama-qarshiligi mehmonlarning ishonchli g‘alabasi bilan yakunlandi va Belgiya ham muddatidan oldin Yevro yo‘llanmasini hal etdi. Bu o‘yinda ham «qizil iblislar»ning yangi yuzlarini ifodalovchi vaziyatlar yetarlicha bo‘ldi. Lukebakioning dubli — Belgiyaning yangi avlodining ovozidir. Saralash bosqichidagi to‘qqizinchi golini urgan Lukaku esa turnirning eng yaxshi to‘purariga aylandi — uning milliy jamoadagi ishlari yana izga tusha boshladi. Darvoqe, Romelu milliy jamoa safidagi 78-goli orqali Peleni ortda qoldirdi. Rangnik ham keyingi turda Yevro yo‘llanmasini hal etishi mumkin, avstriyaliklar dushanba kuni Bokuda, bu turda Estoniyaga qarshi o‘ynab, saralash siklidagi ilk g‘alabasini nishonlagan Ozarboyjonga qarshi maydonga tushadi.

Estoniya — Ozarboyjon 0:2
Gollar:
Bayramov (9), Sheydayev (45+4, penalti).

16 oktyabr. Ozarboyjon — Avstriya, Belgiya — Shvetsiya.

G guruhi

Vengriya – Serbiya 2:1
Gollar:
1:0 – 20 Varga, 1:1 – 33 Pavlovich, 2:1 – 34 Shallai.
Vengriya – Dibus, Nego (Bolla, 63), Fiola (Botka, 74), Lang, Salai, Kerkez, Shallai (Kata, 75), Nad, Soboslai, Staylz (Kalmar, 63), Varga (Adam, 84).
Serbiya – Milinkovich-Savich, Milenkovich, Erakovich (Tadich, 46), Pavlovich, Terzich (Kostich, 46), Gudel, Lukich (Ratkov, 84), Gachinovich (Jurichich, 67), Milinkovich-Savich, Jivkovich (Radonich, 75), Mitrovich.
Chetlatish: Kalmar (90).

Bir oy oldin Vengriya Belgradda g‘alaba qozongan va guruh yetakchiligini o‘z qo‘liga olgandi. Budapeshtdagi o‘yin boshida mezbonlarga omad ham kulib boqdi. Gachinovich darvoza yaqinida turib to‘pni to‘rga yo‘llay olmadi, «2 ga 1» vaziyatda esa Jivkovich Mitrovichga to‘g‘ri pas bera olmadi. Vengriya esa o‘z imkoniyatlaridan ehtiyotkorlik bilan foydalandi.

«Paksha» safida o‘tgan mavsum Vengriya chempionatining eng yaxshi to‘purari bo‘lgan Varga birinchi imkoniyatdayoq hisobni ochdi. 33-daqiqada Pavlovich burchakdan uzatilgan to‘pga to‘g‘ri zarba berib hisobni tenglashtirdi, ammo bir daqiqa o‘tmasdan Sholloi chiroyli zarba bilan jamoasini yana hisobda oldinga olib chiqdi.

Mehmonlar ustozi Dragan Stoykovich tanaffusda o‘yinni qaytadan qurib qanot himoyachisi Erakovich o‘rniga hujum vakili Tadichni tushirdi. Terzich o‘rniga Kostich tushirilishi ham o‘yinga ta’sir ko‘rsatdi. O‘yin tabiati keskin o‘zgardi, ammo shu kuni mehmonlardan omad yuz o‘girdi.

Serblarning ikki goli ofsayd tufayli bekor qilindi, keyin esa bir hujum davomida to‘p ikki bor ustunga tegdi. Boshqa tomondan, vengrlar ham jarima maydoniga qamalib olmadi, qarshi hujumlardan biri Varganing zarbasi to‘singa tegishi bilan yakunlandi. Qo‘shimcha daqiqalarda Dibus Milenkovichning bir necha metrdan yo‘llagan zarbasini to‘sib, g‘alabani saqlab qoldi.

Endi Vengriya — uch ochkolik farq bilan guruhning yaqqol peshqadami. Serbiya esa ikkinchi o‘rinda qolgan bo‘lsa-da, barchasi bu turda dam olgan Chernogoriyaga qarshi bahsda hal bo‘ladi. Seshanba kungi Bolqon derbisi Budapeshtdagi jangdan ko‘ra shiddatliroq bo‘lishi mumkin.

Bolgariya – Litva 0:2
Gollar:
0:1 – 45 Shirvis, 0:2 – 55 Shirvis.
Chetlatish: Krayev (42, B).

17 oktyabr. Litva — Vengriya, Serbiya — Chernogoriya.

N guruhi

Sloveniya masalani deyarli hal qildi

Sloveniya – Finlandiya 3:0
Gollar:
1:0 – 16, penalti Sheshko, 2:0 – 28 Sheshko, 3:0 – 90 Yanja.
Sloveniya – Oblak, Stoyanovich (Gorens-Stankovich, 90), Karnichnik, Blajich, Biyol, Yanja, Gnezda-Cherin, Elshnik, Shporar (Kurtich, 80), Sheshko (Vipotnik, 60), Mlakar (Verbich, 80).
Finlandiya – Gradetski, Alxo, Xoskonen, Vyaysyanen, Ivanov (Forss, 77), Uronen, Shyuller (Xokans, 46), Kayrinen, Kamara, Pukki, Chellman (Poxyanpalo, 46).

Bu guruhda shanba kuni ikkita markaziy o‘yin bor edi. Avvaliga guruhda birinchi va uchinchi o‘rinlarni egallab turgan jamoalar munosabatlarga oydinlik kiritib olishdi. Yakunda kutilmalar amalga ko‘chmadi, Sloveniya bu o‘yinga finnlardan ko‘ra ancha yaxshiroq tayyorlangani ma’lum bo‘ldi, hujumdagi Shporar — Sheshko bog‘lami birinchi bo‘limdayoq natijani ta’minlab qo‘ydi. Shporar bu juftlikda ikkinchi plandagi rolni bajarmoqda, ammo uning harakatlarisiz Sheshkoning benefisi ham bo‘lmasdi. Birinchi holatda u sherigi ishlagan penaltini golga aylantirdi. Ikkinchisida — Shporar maydon markazida to‘pni raqibdan olib qo‘yib, oldinga tashlaganida himoyachilardan qochib ketib, uzoq burchakni aniq nishonga oldi. Finnlarning o‘yinni qutqarish uchun urinishlariga hisob 2:0 holatida yakkama-yakka vaziyatda ustun kelgan Oblak chek qo‘ydi. Arbitr tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda uchinchi golni urgan Sloveniya guruh peshqadamligini saqlab qoldi, agar noyabrdagi ikki o‘yindan birida g‘alaba qozonsa, Yevroga borishi aniq — jamoa Shimoliy Irlandiya va Daniyaga safar qiladi.

Daniya – Qozog‘iston 3:1
Gollar
: 1:0 – 36 Vinn, 2:0 – 45 Skov, 3:0 – 48 Skov, 3:1 – 58 Vorogovskiy.
Daniya – Shmeyxel, Mele, Kiyer, Kristensen, Andersen, Eriksen, Heyberg, Dolberg (Poulsen, 69), Vinn (Nergor, 83), Hoylund (Lindstrem, 90), Skov (Kristensen, 69).
Qozog‘iston – Shatskiy, Kairov, Bistrov, Marochkin, Alip, Dosmagambetov (Vorogovskiy, 46), Beysebekov (Kuat, 62), Zaynutdinov (Darabayev, 75), Orazov, Samorodov (Chesnokov, 80), Aymbetov (Tagibergen, 46).

Favorit o‘ziga kerak natijaga erishdi. Daniyaliklar nafaqat shunchaki uch ochkoga ega bo‘lishni, balki Astanadagi uchrashuv uchun javob qaytarishni qattiq xohlashardi, bahordagi o‘sha o‘yinda 2:0 hisobi yakunda 2:3 ko‘rinishiga o‘zgarib ketgandi. O‘shanda jamoa sardori Kiyev dubl muallifi Hoylundga o‘yindan keyin intervyu berishni ham taqiqlagandi. Bu safar natijani bundesliganing ikki vakili ta’minladi. «Volfsburg»da fantastik samaradorlik qayd etayotgan Vinn va dubl qayd etgan Skov.

Qozog‘istonni ham bu kecha juda umidsiz ko‘rindi deb bo‘lmaydi. Masalan, birinchi bo‘lim o‘rtalarida Kiyer raqibning xavfli hujumini taktik fol va ogohlantirish evaziga to‘xtatdi. Ikkinchi bo‘limda Vorogovskiyning javob golidan keyin mehmonlarda bir necha ajoyib vaziyatlar bo‘ldi. Ammo qozog‘istonliklarda navbatdagi mo‘jiza bo‘lmadi. Jamoada dastlabki ikki o‘rindan birini egallash imkoniyati kamaygandan kamaymoqda va keyingi turda Finlandiyada g‘alaba qozonish talab etiladi. Aks holda qozoqlar pley-offdan umid qilishi kerak, chunki jamoa Millatlar ligasida o‘z guruhida g‘olib bo‘lgan.

Shimoliy Irlandiya — San-Marino 3:0
Gollar:
Smit (5), Majyennis (11), Makmenamin (81).

17 oktyabr. Finlandiya — Qozog‘iston, Shimoliy Irlandiya — Sloveniya, San-Marino — Daniya.

I guruhi

Isroil — Shveytsariya o‘yini bekor qilingani tufayli bu guruhdagi tur chala bo‘lib qoldi. Yakunda ruminlar ikkinchi o‘rinni o‘zida saqlab qolgan bo‘lsa-da, isroilliklardan o‘zib keta olishmadi. Bu esa nihoyat qiziqarli o‘yin ko‘rsatayotgan Belarus foydasiga xizmat qildi, bosh murabbiylikka ispaniyalik mutaxassis Karlos Alos Ferrera kelganidan keyin tarkibi jiddiy o‘zgargan jamoa yana ochko oldi.

Belarus — Ruminiya 0:0

Andorra — Kosovo 0:3
Gollar:
Rashitsa (26, 71), Zekiri (83).

Isroil — Shveytsariya o‘yini noyabrga qoldirilgan.

15 oktyabr. Shveytsariya — Belarus, Kosovo — Isroil, Ruminiya — Andorra.

J guruhi

Ronaldu portugallarni Yevroga olib chiqdi

Portugaliya — Slovakiya 3:2
Gollar:
Ramush (18), Ronaldu (29 penalti, 72) — Gansko (69), Lobotka (80). 
Portugaliya – Koshta, Kanselu, Diash, A.Silva, Dalot, Fernandesh, B.Silva (R.Nevesh, 86), Palinya (Otavio, 86), Leau (Felish, 65), Ronaldu, Ramush (Jota, 87).
Slovakiya – Dubravka, Pekarik (Tomich, 76), Shkrinyar, Vavro, Gansko, Kutska (Benesh, 46), Lobotka, Duda, Mak (Suslov, 46), Shrans (Dyurish, 87), Bojyenik (Poliyevka, 65).

Juma kuni Roberto Martines Portugaliya milliy jamoasida ayrim futbolchilarga maydonda joy topilmayotgani haqidagi gap-so‘zlarga nuqta qo‘ydi. Ikkinchi o‘rindagi Slovakiyaga qarshi o‘yinning boshlang‘ich tarkibidan Krishtianu Ronaldu bilan birga Rafael Leau ham, Gonsalu Ramush ham o‘rin olgandi. Va bu, tabiiyki, hujumlar shiddatli bo‘lishini anglatardi, mehmonlar himoyasi birinchi hujumdayoq qulashi mumkin edi.

Ammo ish faqat darvoza ustuni nishonga olinishi bilan yakunlandi. Ko‘p o‘tmay kutilgan ish baribir ro‘y berdi — saralash siklining eng yaxshi assistenti Brunu Fernandesh Ramushning boshiga to‘pni yetkazib berib, oltinchi golli uzatmani o‘z nomiga yozib qo‘ydi. Leauning uzatmasi vaqtida to‘p himoyachilardan birining qo‘liga tegishi Ronalduning navbatdagi muvaffaqiyati bilan yakunlandi va muxlislar uni nihoyat milliy jamoadagi 200-o‘yini bilan tabriklab, banner ko‘tarish imkoniga ega bo‘lishdi. Sardor bu natijaga iyun oyidayoq erishgandi, ammo shu vaqtgacha Portugaliya faqat safarda o‘ynayotgandi.

Olti o‘yin davomida darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan portugallarning seriyasi bu o‘yinda barham topdi. Bayramni buzgan slovaklar birinchi javob golini urib olganidan keyin to‘liq hujumga o‘tib yana bir yaxshi vaziyatga ega bo‘lishdi. Ammo Fernandesh o‘z vaqtida yettinchi golli uzatmasini amalga oshirdi, bo‘sh burchak qarshisiga chiqib borgan Krishtianu dublni rasmiylashtirdi. Portugaliya guruhdagi birinchi o‘rinni kafolatlab, Yevroga yo‘llanma olgan jamoalar qatoriga qo‘shildi.

Lixtenshteyn — Bosniya va Gersegovina 0:2
Gollar:
Rahmanovich (13), Stevanovich (41). 

Islandiya — Lyuksemburg 1:1
Gollar:
Oskarsson (23) — Rodrigesh (46).

Ikkinchi yo‘llanma uchun esa jang davom etmoqda, Lyuksemburg bu tur omadsiziga aylandi. Gersoglik jamoasi Reykyavikdagi birinchi bo‘limda kutilgan o‘yinni namoyish eta olmadi. Birgina gol o‘tkazilgani mehmonlarning omadi kelgani evaziga bo‘ldi, buning uchun to‘singa rahmat aytish kerak. Ikkinchi bo‘lim esa Rodrigeshning yorqin harakatlari bilan boshlandi, u jarima maydoni tashqarisidan turib pastki burchakni aniq nishonga oldi.

Yakunda — faqat durang, bundan ham so‘nggi daqiqalarda quruq qolish mumkin edi. Yana darvoza to‘sini Lyuksemburgga yordamga keldi, ammo baribir Slovakiyani quvib yetish imkoni boy berildi. Bu ikki jamoa kurashiga Bosniya ham aralashishi mumkin.

16 oktyabr. Bosniya — Portugaliya, Islandiya — Lixtenshteyn, Lyuksemburg — Slovakiya.

Mavzuga oid