Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Aguero - «Barselona»da. Messi endi qoladimi?
33 yoshni qoralayotgan argentinalik futbolchining Kataloniyaga ko‘chib o‘tishi nimani anglatadi?
Amalga oshmagan va'da
O‘tgan haftada ijtimoiy tarmoqlarda Serxio Agueroning 2014 yilgi intervyusidan iqtibos tarqaldi. O‘shanda argentinalik hujumchi o‘z avtobiografiyasi taqdimotida va klub bilan yangi shartnoma imzolaganidan keyin Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lmaguncha «Manchester Siti»ni tark etmasligini aytgandi.
It was written in the stars Sergio Aguero might Win the champions league 🙃 #ManCityPSG #ChampionsLeague #MCIPSG pic.twitter.com/jMZB8lNXcW
— ...... (@Lfc_Ivy) May 4, 2021
Aguero — ingliz klubining uyg‘onish davri ramzidir. To‘g‘ri, millionlab investitsiyalarsiz «Siti» maqsadlariga erisha olmasdi. Ammo argentinalik futbolchi «shaharliklar» yangi davrda Angliyadagi birinchi chempionligini nishonlashidan avval o‘ynay boshlagandi.
Birgina gol uni «Manchester Siti» afsonasiga aylantirgandi. 2012 yilda KPR bilan kechgan dahshatli so‘nggi tur o‘yinining so‘nggi soniyalarida aynan Kun g‘alaba golini urib (3:2), jamoaga 44 yil ichidagi ilk chempionlikni keltirgandi. O‘sha mavsumda oxirgi turning oxirgi lahzalarigacha intriga saqlanib qolgan, parallel kechgan o‘yinda «MYu» ham g‘alaba qozonib, chempionlikni nishonlashga tayyor turgandi.
🗣️ "Manchester City are still alive here..
— SPORTbible (@sportbible) May 13, 2021
Balotelli...
AGUEROOOOOOOOO!!
I swear you will never see anything like this again.
So watch it, drink it in."
9 years ago today, Sergio Aguero scored THAT goal against QPR 🔥
pic.twitter.com/qmDY7MNw84
Aguero bu bilan to‘xtab qolmadi. U faoliyatining o‘n yilini «shaharliklar»ga bag‘ishladi va ushbu klub tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylandi - barcha turnirlar doirasida 390 o‘yinda 260 gol. Kun APL tarixidagi eng yaxshi to‘rtinchi snayper (184 gol) - undan oldinda faqat Alan Shirer (260), Ueyn Runi (208) va Endi Koul (187). Shu bilan birga, xorijlik futbolchilar orasida eng yaxshi to‘purar. Bundan tashqari, u APL tarixidagi eng samarali forvard - uning bir goli uchun o‘rtacha 100 daqiqa atrofida vaqt ketgan, bu esa Terri Anri, Harri Keyn, Mo Saloh va Rudd van Nistelroy kabi futbolchilarnikidan ham yaxshiroq.
U klub bilan jami 15 sovrinni qo‘lga kiritdi, ammo baribir va'dani bajara olmadi: Nihoyat Chempionlar ligasi finalida o‘ynagan «Manchester Siti» «Chelsi»ga 0:1 hisobida yutqazdi, shunday ekan argentinalik futbolchi ingliz fanatlari bilan alamli notada xayrlashishga majbur bo‘ldi.
Kunning ketishi mart oyidayoq ma'lum edi. Barchasi chiroyli kechdi: hatto klub prezidenti Xaldun Al Muborak «Etihad» stadioni oldida Agueroning haykali o‘rnatilishini ma'lum qildi. Bu yerda klubning so‘nggi o‘n yillikdagi yana ikki afsonasi — David Silva va Vensan Kompanining ham haykallari bo‘ladi. Aynan shu trio «Siti»ni shunchaki pul qopidan haqiqiy top-klubga aylantirgandi.
Qizig‘i bu uch futbolchi klubni birin-ketin tark etishdi. Kompani 2019 yilda ketgandi, Silva 2020 yilda, Aguero 2021 yilda xayrlashdi. Uch holatda ham futbolchilar shunchaki shartnoma yakunlangani uchun ketishdi. Belgiyalik himoyachining ketishi ham argentinalik bilan bo‘lgani kabi avvaldan ma'lum bo‘lgandi. Barcha holatlarda futbolchilarga maksimal darajada hurmat ko‘rsatildi.
Xaldun al Muborak futbolchi haqida shunday iliq fikrlar bildirgandi: «Serxioning so‘nggi 10 yil ichida «Manchester Siti» uchun qo‘shgan hissasini o‘lchab bo‘lmaydi. U klubni va hatto shunchaki futbolni sevuvchi barchaning qalbida umrbod qoladi».
Futbolchining o‘zi ham instagramdagi sahifasida hurmat bilan post qoldirib, «butun bir davr poyoniga yetgani» hamda «klub xo‘jayinlari va futbolchilar yordamida «Siti» dunyoning buyuk klublari qatoridan o‘rin olgani» haqida gapirdi. Bir davr yakunlangani haqidagi gap bejiz emas - argentinalik futbolchi 2011-2012 yilgi mavsumda chempion bo‘lgan «Siti» tarkibining so‘nggi vakili edi...
Mart oyi oxirida klub uning ketishi haqida rasman e'lon qildi. «Siti»ning ichki oshxonasidagi vaziyat bilan barchadan ko‘ra yaqin tanish bo‘lgan The Athletic jurnalisti Sem Li klub ushbu forvardga agar jismoniy holatini tiklay olganida 2020 yil oxirida yangi shartnoma taklif qilmoqchi bo‘lgani, ammo Kun qator jarohatlardan keyin avvalgi holatiga qayta olmagani haqida yozdi. O‘tgan yil yozida uning chap tizzasi jarohatlanib, operatsiya qilingan, lekin og‘riqlar u tiklangach ham yo‘qolmagan, qolaversa u qishdagi o‘yinlarni Covid-19ga chalinib qolgani tufayli o‘tkazib yuborgandi. Natijada — mavsumda jami 17 o‘yin (11tasi boshlang‘ich tarkib) va 4 gol. Shunday ekan, klub undan voz kechishga qaror qilganini to‘g‘ri tushunish kerak.
Pep Gvardiola APLning so‘nggi turida «Everton»ga qarshi o‘yindan keyin (Aguero ushbu o‘yinda 2 gol urib, jamoasining yirik, 5:0 hisobida g‘alaba qozonishiga hissa qo‘shgandi) ko‘z yoshlarini tiya olmadi: «Biz uni juda sevamiz. U har birimiz uchun alohida shaxs. Biz uning o‘rnini to‘ldira olmaymiz. Buning iloji yo‘q».
An emotional Pep Guardiola was reduced to tears when asked about Sergio Aguero, who will leave Manchester City this summer...pic.twitter.com/PthCDZVBhI
— Sky Spors Premier League (@SkySporsPL) May 24, 2021
Gvardiola YeChL finalida, jamoa hisobda ortda qolayotganiga qaramasdan Aguero va'dasini bajarishiga imkon berish uchun ikkinchi bo‘lim oxirida uni maydonga tushirdi, lekin futbolchi qolgan vaqt ichida hech narsa qila olmadi.
Leo omili
Agueroda faoliyatini davom ettirish uchun bir necha variantlar bo‘lgan. Yoshi va tizzasidagi muammoga qaramasdan u formasini tiklay olsa, hamon Yevropaning eng yaxshi hujumchilaridan biri ekanini isbotlashi mumkin. Daily Mail futbolchi bilan bog‘liq vaziyatni «Chelsi» diqqat bilan kuzatib borayotgani haqida yozdi. Italiya bo‘yicha variantlar («Yuventus» i «Milan») haqida yozishdi — forvardning sevgilisi Sofiya Kalsetti Apenninga ko‘chib o‘tishga qarshi emasdi.
Lekin ishonchli insayderlar Agueroning keyingi klubi — «Barselona» bo‘lishini ayta boshlashdi. Ispaniyaning AS gazetasi esa agar Lionel Messi klubda qoladigan bo‘lsa, Agueroga ikki yillik shartnoma taklif etilishini yozdi. Leoning kelajagi bo‘yicha saga ko‘p vaqtdan buyon davom etib kelmoqda. Argentinalik yulduz o‘tgan yozda hatto demarsh uyushtirib, mavsum arafasida jamoa bazasiga kelishni istamagandi. O‘shanda «Manchester Siti» argentinalik futbolchini safiga qo‘shib olish uchun faol harakatlar olib borgan, ammo yakunda baribir Messini qolishga ko‘ndirishgandi. Endi uning shartnomasi muddati tugamoqda va barchasi yanada murakkablashgan: argentinalik futbolchi bir oy ichida yangi shartnoma tuzishi yoki klubni erkin agent sifatida tark etishi kerak bo‘lib qolgan.
Aguero — Messining yaqin do‘sti hisoblanadi. Serxio o‘z rafiqasi bilan 2017 yilda Leo va Antonella Rokutssoning nikoh marosimida mehmon bo‘lishgan. Lionel — «Barselona»ning yangi futbolchisining o‘g‘li, Maradonaning nabirasi Benyaminning cho‘qintirgan otasi hisoblanadi.

Ular 15 yildan ortiq vaqt davomida, Argentina yoshlar jamoasida o‘ynagan davrlardan beri milliy jamoa yig‘inlari vaqtida mehmonxonaning bir nomerida tunashadi. Messi Agueroning avtobiografiyasi uchun kirish so‘zi yozib bergan. Qisqasini aytganda, «Barselona» uchun shunchaki taniqli forvardni safga qo‘shib olish emas, balki Messini tarkibda olib qolish uchun katta yurishdir.
«Biz terma jamoalar yig‘inida edik. Men 16 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar jamoasida edim, u esa boshqa yosh toifasidagi jamoada edi va Janubiy Amerika qit'asida yoshlar chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayotgandi. Biz barchamiz bir joyda edik. Eslayman, u yerda televizorda ko‘rganim bir bola bor edi. Biz Garay, Leo, Formika va men bir stolda o‘tirdik. Leo ro‘paramda edi, Garay undan krossovkalari haqida so‘radi. Leo aytdi: «Men ularni AQShdan oldim».
U ro‘paramda edi. O‘shanda men u AQShda o‘ynaydi deb o‘ylaganman. Keyin undan ismini so‘radim. U Leo deb javob berdi. Men unga nima deb ism qo‘yilganini so‘radim, u kulib ismini to‘liq aytdi. Familiyayasini so‘radim, Messi dedi.
Garay va Formika menga qarashdi va aytishdi: «Sen chindan ham u kimligini bilmaysanmi?» Barcha kulib yubordi. Bizning do‘stligimiz shunday boshlangandi. Shundan keyin biz birgalikda tayyorlana boshladik va men hamisha o‘sha uchrashimizni eslab yurdim. Keyin biz juda qalin do‘st bo‘lib ketdik. Meni 20 yoshgacha bo‘lgan terma jamoaga chaqirishdi va biz birga o‘ynay boshladik. Bu jahon chempionatidan oldin bo‘lgandi va o‘shandan buyon biz yig‘inlar vaqtida doim bir xonadan joy olamiz», — deya hikoya qiladi Aguero.
Ammo bu yigitlarni faqat g‘alabalar do‘stlashtirmagan. Oqshomlardan birida jamoga qo‘rqinchli xabar yetib keladi – Serxioning do‘sti, «Independente» darvozaboni Emiliano Molina avariyaga uchrab halok bo‘ladi. Messi bu haqda birinchilardan bo‘lib xabar topadi va xonadoshini ovuntiradi. Ularning haqiqiy do‘stligi o‘sha oqshomdan boshlanadi.
O‘shandan buyon Leo va Serxio yig‘inlar chog‘ida hamisha bir xonada yashashadi. Messi alohida yashash bo‘yicha barcha takliflarni rad etadi – u faqat Aguero bilan birga turishga rozi bo‘ladi. Qaysidir futbolchi yig‘inga kelmaganida ikkinchisi yolg‘iz yashaydi.
Aguero «Barselona»ga nima berishi mumkin?
Katta ehtimol bilan «Barselona» yetakchisi shartnomasini yangilaydi. Klubda prezident o‘zgargan — Messi bilan ziddiyatga borgan Jozep Bartomeu o‘rnini futbolchi bilan qalin aloqalarga ega Joan Laporta egallagan. Qolaversa, o‘tgan yili ham uning ketishi amalga oshmagani klubdagilar uni qo‘yib yuborishni istamasligini ko‘rsatgandi.
«Manchester Siti»dan u asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotgani uchun ketdi. Koronavirus va jarohatlar tufayli Aguero Angliya chempionatida mavsumning yarmida maydonga tusha olmadi va 12 o‘yinda atigi 4 gol urdi. Kun keksaydi: so‘nggi ikki mavsumda uning sog‘liq bilan bog‘liq muammolari ko‘paydi va «Barselona»ga transferidan keyin bu muammolar o‘z o‘zidan yo‘q bo‘lib qolmaydi. Ammo, ushbu forvard La Liganing 29 o‘yinida atigi ikki gol urgan Martin Breytueytdan bir bosh ustunroq. U aynan daniyalik hujumchi o‘rniga olib kelindi. Qolversa, Antuan Grizmann ham ishonchni oqlamayapti — fransuz doimiy ravishda katta o‘yinlarda yo‘qolib qolmoqda va o‘z darajasidan past o‘yin ko‘rsatmoqda
«Barsa»ga forvard zarur, ammo yoshroqlar ko‘proq zarur. 2 iyun kuni Aguero 33 yoshga to‘ladi, u shusiz ham katta yoshli jamoa yoshini kattalashtiradi. Grizmann — 30, Pike — 34, Alba — 32, Pyanich — 31 yoshda. Messi esa shu yozda 34 yoshga chiqadi, Breytueyt — 30da, Buskets — 33da. «Barselona»ga «Liverpul»dan yana bir 30 yoshli futbolchi Jinni Veynaldum kelmoqda. Ha, kataloniyaliklar safida yoshlar ham yetarli — Fati, Pedri, Dest, Trinkau, Puch, Moriba bor, bugun Manchesterdan 20 yoshli himoyachi Garsiya qaytib keldi. Ammo ko‘k-anorranglilar jamoasi o‘zagi hamon yoshi katta futbolchilardan iborat.
Shu bilan birga, Agueroning transferi o‘tgan yil Luis Suaresning ketishi bilan solishtirganda hayratlanarli ko‘rinadi. Urugvaylik futbolchi olti yilini «Barselona»ga bergan, ammo klub u bilan shartnomani uzaytirmagan va sentyabrda arzimagan pulga asosiy raqiblardan biriga sotib yuborilgandi. Luis «Atletiko» safida yana porlab, 21 gol urdi va jamoa bilan Ispaniya chempionatida g‘olib bo‘ldi. U bu g‘alabadan keyin hissiyotga berilib, «Barselona» va Bartomeu o‘zini qanday xavf qilgani haqida aytib berdi.
Suares ketayotganida 33 yoshda edi va «Barsa»dagilar uni yoshi o‘tgan futbolchi deb hisoblashgandi. Aguero ham yaqinda 33 yoshga kiradi, ammo kataloniyaliklar u bilan ikki yillik shartnoma imzolashdi...
Mavzuga oid
10:44 / 26.05.2025
Hakamning xatosi «Aston Villa»ni, «Yuventus»ning penaltisi «Roma»ni YeChLsiz qoldirdi. Kun o‘yinlari
11:33 / 19.05.2025
«Roma» «Milan»ni yengdi va YeChL uchun kurashda qoldi, «Barsa» sovrin olgan kunida yutqazdi. Kun o‘yinlari
09:37 / 16.05.2025
«Barselona» - Ispaniya chempioni! Yamal «Oltin to‘p» uchun asosiy da’vogar
21:21 / 11.05.2025