Iqtisodiyot | 22:07 / 02.06.2021
13299
4 daqiqa o‘qiladi

«Berilgan soliq imtiyozlari qanaqa samara bergani hozircha monitoring qilinmayapti» - Mubin Mirzayev

DSQ raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev berilayotgan soliq imtiyozlarining samaradorligi va eng ko‘p QQS qaytarib oluvchilarning ro‘yxati ochiqlanishi borasida Kun.uz savollariga javob berdi.

2 iyun kuni «O‘zbekistonda biznes muhitini yanada yaxshilash va yangi muammolar: soliq, bojxona va boshqa masalalar» mavzusidagi virtual davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda Moliya vazirligi, soliq va bojxona qo‘mitalari hamda boshqa idoralar mutasaddilari, xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Tadbir doirasida Kun.uz muxbiri Davlat soliq qo‘mitasining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevdan shu paytgacha berilgan individual va ommaviy soliq imtiyozlarining samaradorligi haqida so‘radi.

Kun.uz: Shu kungacha berilgan turli individual va ommaviy soliq imtiyozlari va ularning berilishi natijasida erishilgan iqtisodiy samaradorlikni aniqlash masalasiga to‘xtalsangiz. Deylik, bir milliard summa miqdoridagi soliq imtiyozi natijasida «N» miqdordagi iqtisodiy samaradorlikka erishildi, deb ayta olamizmi?

Mubin Mirzayev: Bizning eng katta yetishmovchilik nima desa, soliq imtiyozlarini beramiz, lekin u nima samara berdi, degan savolga birorta vazirlik yoki idora monitoring qilmaydi. Shuning uchun, mana shu davra suhbatida ham shu masala ko‘tarildi. Birinchi navbatda imtiyozlar berilishi va berilgan imtiyozlar qanday samara berdi, degan savolga javob berish kerak. Moliya vazirligi va Soliq qo‘mitasi to‘liq invertizatsiyadan o‘tkazib...

Soliq kodeksiga asosan, soliq imtiyozlarini individual tarzda berish mumkin emas, lekin ayrim holatlarda berilyapti. Shuni alohida tartibga solib, sohalarga imtiyozlar berilgandan keyin u qanaqa samara berishini monitoring qiladigan tizimni yo‘lga qo‘ymasak, bu iqtisodiyotning rivojlanishiga hamda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilishiga to‘sqinlik qiladi.

Imtiyoz beriladi, lekin u ishlab chiqarish yoki sohaning rivojlanishiga ijobiy ta'sir ko‘rsatmaydi.

Soliq kodeksi qabul qilinganidan keyin soliq imtiyozlarini bekor qilish, ya'ni bir xil sharoit yaratishga harakat qilyapmiz. Lekin ayrim sohalarga baribir imtiyoz berishimizga to‘g‘ri keladi. Jahon banki bilan hamkorlikda samaradorlikni baholash tizimini joriy qilib, 2022 yil 1 yanvardan boshlab yo‘lga qo‘ysak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Shuningdek, DSQ raisi o‘rinbosari yirik QQS qaytarib oluvchilar ro‘yxati ochiqlanishi borasidagi savolga ham javob berdi.

Kun.uz: Yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxati ochiqlanganidek, yirik QQS qaytarib oluvchilarning ham ro‘yxatini ochiqlash vaqti kelmadimi?

Mubin Mirzayev: Yirik miqdordagi qo‘shimcha qiymat solig‘ini qaytarish masalasini o‘rganib chiqamiz. Haqiqatan, soliq siri bo‘lmaydigan bo‘lsa, veb-saytga ochiq tarzda qo‘yib boramiz. O‘ylaymanki, bu ham bir ochiq va shaffof bo‘ladi va soliq to‘lovchilar kimlarga, nima uchun QQSdan qancha qaytarib berildi, biladi.

1 iyuldan boshlab buning tartib-tamoyillarini qilib, ochiq qilib beramiz.

Mavzuga oid