O‘zbekiston | 14:14 / 03.06.2021
14118
5 daqiqa o‘qiladi

Bojxona qoidalari: dori-darmonlar olib kirish va olib chiqish tartibi

Kun.uz Davlat bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda turkum ko‘rsatuvlarni berib bora boshlaydi. Bundan maqsad – bojxona chegarasi orqali turli ashyolarni (oltin, valuta, zargarlik buyumlari, dori-darmonlar, chorva mollari, transport vositalari kabi) olib o‘tish tartibi haqida aholini xabardor qilish.

Ilk ko‘rsatuvda Davlat bojxona qo‘mitasi bosh inspektori Elyor Hakimov bojxona chegarasi orqali dori-darmon mahsulotlarini olib o‘tish tartibi qanday, bunda nimalarga e'tibor qaratish zarur degan savollarga javob beradi.

— Amaldagi qonunchilikka asosan, jismoniy shaxslar bojxona chegarasi orqali qanday transport vositasida kirib kelganidan qat'i nazar, belgilangan me'yorlar doirasida olib kirishi mumkin. Bu holatda jismoniy shaxs olib kirayotgan dori vositalarini deklaratsiyalash og‘zaki tartibda bo‘ladi.

Umuman, dori vositalarini olib kirish va olib chiqish tartibi Vazirlar Mahkamasining «Dori vositalari va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish hamda olib chiqish tartibi to‘g‘risida»gi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

Jismoniy shaxslar biror hujjat taqdim etmagan holda shaxsiy foydalanish uchun quyidagi miqdordagi dorilarni olib kirishi yoki olib chiqishi mumkin:

  • turli nomdagi 10 tagacha dori preparatlaridan iborat dori vositalari va ularning har biri uchun 5 o‘ramdan ortiq bo‘lmagan dori vositalari;
  • 5 birlikdan ortiq bo‘lmagan tibbiy buyumlar.

Bunda bir o‘ramda:

  • qattiq (tabletkalar, drajyelar, granulalar, kukunlar, kapsulalar) dori shakllari uchun – 100 birlikdan ortiq bo‘lmagan;
  • eritma tayyorlash uchun qo‘llaniladigan kukunlar uchun – 500 grammdan ortiq bo‘lmagan;
  • granula shakldagi gomeopatik dori vositalari uchun – 50 grammdan ortiq emas;
  • infuzion eritmalar va oral (og‘iz orqali) qo‘llaniladigan eritmalar uchun – 500 millilitrdan ortiq bo‘lmagan;
  • inʼeksiyalar uchun eritmalar – 10 ampuladan yoki 10 flakondan ortiq emas;
  • tashqi dorilar, ya'ni surtma gellar, mazlar – 200 millilitrdan yoki 200 grammdan ortiq bo‘lmagan me'yor belgilangan.

Masalan, paratsetamol uchun 5 o‘ram, aspirin uchun 5 o‘ram va hakozo. Ketonal mazini oladigan bo‘lsak, undan 5ta tubik va har bir tubiki 200 gr.dan oshmasligi talab etiladi.

Dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchining o‘ramida bo‘lishi kerak. Ya'ni ular bankada yoki paket o‘ramlarda olib o‘tish holatlari bo‘lmasligi lozim. Bunday holatda fuqaro bojxona organi xodimi tomonidan to‘xtatilib, ekspertiza tayinlanishiga sabab bo‘ladi. Natijada ortiqcha vaqt yo‘qotadi.

Alohida ta'kidlash o‘rinli, belgilangan me'yordan oshmagan dori-darmonlari bor fuqaro bemalol og‘zaki deklaratsiyalash tartibida yashil yo‘lakdan o‘tishi mumkin.

***

O‘zbekistonda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni bojxona nazorat postlari orqali olib kirish, olib chiqish va olib o‘tishga ham ma'lum bir shartlarda yo‘l qo‘yiladi. Ya'ni ayrimlar vositalar va moddalarga ruxsat berilsa, ba'zilari taqiqlanadi. Bunday vositalar va moddalar ro‘yxati Vazirlar Mahkamasining 330-son qarori bilan tartibga solingan.

Dori vositalarini olib o‘tish tartibiga asosan, ma'lum bir giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalari va prekursorlarni olib o‘tish, olib chiqish va olib kirish taqiqlangan, ayrimlariga ruxsat berilgan.

Elyor Hakimov

Giyohvandlik vositalarini 7 sutkalik ehtiyojdan ortiq bo‘lmagan miqdorda olib chiqishga tibbiyot muassasasining davolash-maslahat komissiyasining muhri bilan tasdiqlangan xulosasi mavjud bo‘lganda ruxsat beriladi.

Giyohvandlik vositalarini 7 sutkalik ehtiyojdan ortiq bo‘lmagan miqdorda olib kirishga yashagan yoki bo‘lib qaytgan mamlakatining tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan, davolash kursining tavsiya etiladigan soni ko‘rsatilgan hujjatlar mavjud bo‘lganda ruxsat beriladi.

Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun psixotrop moddalarni yashagan yoki bo‘lib qaytgan mamlakatining tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjat taqdim etilmasdan turli nomdagi 5 tagacha davolash preparatlarini va ulardan har birining ikkitadan ortiq bo‘lmagan o‘ramini davolash kursi doirasida olib kirish va olib chiqishda ruxsat beriladi.

O‘tkazish punktlarida bojxona chegarasini kesib o‘tishda jismoniy shaxslar ularda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar borligini deklaratsiyada qayd etishlari shart, bunda giyohvandlik vositalari uchun – bojxona organiga jismoniy shaxsning yashash yoki bo‘lish mamlakati tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan, dori vositasining nomi, uning dori shakli va davolash kursining tavsiya etiladigan soni ko‘rsatilgan hujjat taqdim etilishi kerak.

Jismoniy shaxslarda ortiqcha doira vositalari bo‘lsa, deklaratsiyalash tartibi asosida qizil yo‘lakdan olib o‘tish tavsiya qilinadi. Chunki ortiqcha yukni ko‘rib chiqish masalasi yo‘lovchi tomonidan bojxona idorasiga taqdim etilgan hisoblanadi va ko‘rib chiqishda yengillik beradi.

Mavzuga oid