O‘zbekiston | 13:14 / 03.06.2021
3716
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda sovuq qurollar bilan bir-biriga tan jarohatlari yetkazgan bezorilarga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Surxondaryo viloyati Denov tumanida o‘zaro janjallashib, sovuq qurollar bilan bir-biriga tan jarohatlari yetkazgan bezorilarga jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 28 may kuni soat 01:30larda Denov tumanining So‘fi Olloyor mahallasida joylashgan savdo do‘konining oldida, tumanning Vodiy mahallasida yashovchi, A.Anvar o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan, tumanning Guliston mahallasida yashovchi X.Valijon bilan o‘zaro gaplashib olishmoqchi bo‘lib uchrashgan. Uchrashuvda, A.Anvar bilan birga kelgan sheriklari, tumanning Vodiy mahallasida yashovchi A.Akmal, Angor tumani Yangiro‘zg‘or mahallasida yashovchi U.Feruz, Quyoshli yurt mahallasida yashovchi P.Odiljon hamda uning ukasi P.Suxrob va boshqalar qo‘llarida bo‘lgan «bita», pichoq va boshqa sovuq qurollar bilan X.Valijonning duch kelgan joyiga urib, unga tan jarohati yetkazishgan. O‘z navbatida X.Valijon ham ularga tan jarohatlari yetkazgan.

Shundan so‘ng, ularning bezorilik harakatlari oldini olmoqchi bo‘lgan, Denov tumani Jomiy mahallasida yashovchi, Ch.Otabekjonga ham faol qarshilik ko‘rsatib, bezorilik jinoyatini sodir etishgan. Natijada A.Anvar «hayot uchun xavfli bo‘lgan», A.Akmal, P.Odiljon, U.Feruzlar «yengil» tan jarohati olib, kasalxonaga murojaat qilishgan.

Qayd etilishicha, 29 may kuni A.Anvar, A.Akmal , U.Feruz, P.Odiljon, P.Suxrob va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan, X.Valijonga nisbatan 104-moddasi 2-qismi «l» bandi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid