Jahon | 23:54 / 04.06.2021
41106
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston Tojikiston bilan chegaradagi qishloqlar aholisini evakuatsiya qildi

Qirg‘iz-tojik chegarasidagi keskin vaziyat saqlanib qolayotgani va Tojikiston harbiylari tomonidan tajovuzkor harakatlar qaytarilishi mumkinligi xavotirida Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Cho‘n-Oloy tumanidagi 5ta qishloq aholisi xavfsiz joyga ko‘chirildi. Bu haqda prezident ma'muriyati vakili Fayzidin Nizomov ma'lum qildi.

Uning ta'kidlashicha, Jyekendin okrugining 8 mingga yaqin aholisi o‘z uylarini tark etgan.

«Aholining bir qismi Daraut-Qo‘rg‘on qishlog‘iga keltirildi. Ular mahalliy aholi uylariga joylashtirildi. Evakuatsiya qilinganlarni joylashtirish uchun sport zallar va ijtimoiy obektlar hozirlangan, biroq hozircha u yerda hech kim yo‘q», deb ma'lum qilgan Nizomov.

Amaldorning ta'kidlashicha, Tojikiston bilan chegaradagi Cho‘n-Oloy tumanida hozircha vaziyat barqarorligicha qolmoqda. «Biz ixtilof kuchayishi holatiga xavfsizlik maqsadida aholini evakuatsiya qilamiz», deb qo‘shimcha qilgan Nizomov.

Avvalroq Qirg‘iziston Tojikiston tomoni 4 iyunga o‘tar kechasi chegaraning Cho‘n-Oloy tumani Unju-Buloq hududidan o‘tuvchi qismida konteyner o‘rnatishni boshlagani va bu maqsadda Qirg‘iziston ichkarisiga ming metrgacha kirganini ma'lum qilgan. Soat 6ga kelib tojikistonlik harbiylar o‘rnatilgan konteynerdan 600 metr ortga chekinishgan.

Shuningdek, Tojikiston tomondan chegarada avtomobil va yengil zirhli texnikada harbiylar to‘planayotgani ma'lum qilingan.

Aprel oxirida ikki davlat chegarasida to‘qnashuvlar yuz berib, ular og‘ir qurol qo‘llangan holdagi janglarga aylanib ketgandi. Mojaroga suv taqsimotidagi bahs sabab bo‘lgan. 1 may kuni tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuvni imzolagan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid