O‘zbekiston | 15:52 / 05.06.2021
5740
2 daqiqa o‘qiladi

«Saralang va o‘rganing» - Toshkentda plastik va qog‘oz evaziga bilim beradigan loyiha boshlandi

Sergeli tumanida “Saralang va o‘rganing” ekologik ijtimoiy loyihasi boshlandi. Loyiha darslari 5 oy davom etib, bolalarda chiqindi saralash ko‘nikmasi shakllantiriladi. Unda ishtirok etish uchun darsga qog‘oz va plastik olib borish kerak.

Bugun, 5 iyun — Xalqaro atrof-muhitni muhofaza qilish kunida Sergeli tumanida maktab o‘quvchilari uchun “Saralang va o‘rganing” ta'lim loyihasi boshlandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar qilmoqda.

Dastur tashabbuskori Shahnoza Ishmatovaning ta'kidlashicha, loyiha yozgi ta'tilga chiqqan bolalar uchun ayni muddao. Iyundan oktyabrgacha davom etadigan darslar “Atrof-muhit, biologik xilma-xillik”, “Sog‘lom ovqatlanish” va “Mas'uliyatli iste'molchi” mavzularida o‘tkaziladi. Loyiha mutlaqo tekin bo‘lib, bir oyda 8ta mashg‘ulot o‘tiladi. Bolalar har bir darsga uyda saralab ajratilgan plastik va qog‘oz olib kelishlari kerak. Bundan maqsad — bolalarda chiqindilarni saralash bo‘yicha foydali odatlarni shakllantirish. Darslarni o‘z yo‘nalishining malakali mutaxassislari, xalqaro ekspertlar va o‘qituvchilar olib boradi.

Shahnoza Ishmatovaning so‘zlariga ko‘ra, yozgi ta'til paytida bolalar kompyuter yoki telefonda o‘yin o‘ynash bilan cheklanib qolmasdan, o‘z vaqtini foydali o‘tkazishlari juda muhim.

“Sergelida bolalar bo‘sh vaqtini unumli o‘tkazishi uchun ko‘p imkoniyat mavjud emas, shuning uchun biz bolalarning yangi bilimga ega bo‘lish, atrof-muhitni asrash ko‘nikmalarini rivojlantirish, ijodiy tadbirlarda, tadqiqot tajribalarida qatnashishlari mumkin bo‘lgan dasturni ishga tushirishga qaror qildik”, – deydi loyiha tashkilotchisi.

Ma'lumot o‘rnida, “Hashar Week: Joy-Sergeli” loyihasi 2021 yil mart oyida boshlangan. Loyiha doirasida “Sof Sergeli”, “Sergeli kitobxonlari” o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilib, bu —aholining ekologik madaniyatini oshirish va shahar joylari ozodaligini saqlashga qaratilgan.

Зуҳра Абдуҳалимова
Tayyorlagan Зуҳра Абдуҳалимова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid