O‘zbekiston | 20:02 / 10.06.2021
45863
6 daqiqa o‘qiladi

Bojxona qoidalari: Qancha miqdorda valuta olib chiqish va olib kirish mumkin?

Ko‘pchilik fuqarolar valutani olib o‘tishga doir ma'lumotga ega bo‘lmaganliklari sababli bojxona chegara postlaridan o‘tayotganda turli muammolarga duch kelib qolishlari bor gap. Ayrim hollarda, jismoniy shaxslar mablag‘laridan ajralib qolishi ham mumkin.

Kun.uz «Bojxona qoidalari» ruknining navbatdagi sonida ushbu mavzuga aloqador masalalarga oydinlik kiritadi.

Davlat bojxona qo‘mitasi bosh inspektori Avazbek Isroilov jismoniy shaxslar tomonidan naqd xorijiy valutani bojxona chegarasi orqali olib kirish va olib chiqib ketish tartibi haqida so‘zlab berdi.

— Jismoniy shaxslar O‘zbekiston Respublikasiga cheklanmagan miqdorda naqd xorijiy valutani olib kirishlari mumkin. Bunda birgina shart bor. Olib kirilayotgan naqd xorijiy valutaning jami summasi 70 mln so‘m ekvivalentidan oshsa, buni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatishi shart.

Mabodo jismoniy shaxs yonidagi naqd xorijiy valuta 70 mln so‘m ekvivalentidan kam bo‘lsa, og‘zaki deklaratsiyalash orqali olib o‘tadi. Yo‘lovchi bu holda «yashil yo‘lak»dan bemalol harakatlanadi.

Shu o‘rinda yo‘lovchilarning diqqat qilishi kerak bo‘lgan jihat shuki, agarda jismoniy shaxs 70 mln so‘mdan ko‘p miqdorda naqd valutani olib kirayotgan bo‘lsa, uning jami summasini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etib, «qizil yo‘lak»dan harakatlanishlari lozim bo‘ladi.

Mabodo, naqd xorijiy valutasi 70 mln so‘mdan ko‘p bo‘lgani holda «yashil yo‘lak»dan harakatlanadigan bo‘lsa, bu qonunbuzilish hisoblanadi. Bunday holatda jami valuta qimmatliklari rasmiylashtirilib, olib qo‘yiladi va tegishliligiga ko‘ra, ma'muriy yoki jinoiy ish materiallari yuritiladi. Naqd valuta qimmatliklarining keyingi taqdiri sud qarori bilan hal etiladi».

Demak, naqd xorijiy valutani O‘zbekistonga olib kirish tartibi tushunarli.

Xo‘sh, bugungi kunda O‘zbekistondan qancha miqdorda naqd xorijiy valutani olib chiqish mumkin va bu jarayon qanday tartibga solingan?

— Amaldagi qonunchilik me'yorlariga muvofiq, jismoniy shaxslar bojxona chegara postlari orqali harakatlanayotganda 100 mln so‘m ekvivalentidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda naqd xorijiy valutani olib chiqishga ruxsat etiladi. Bunda e'tibor beriladigan jihatlar bor.

70 mln so‘mga teng, ya'ni shu summadan oshmagan naqd xorijiy valuta bo‘lsa, deklaratsiyada ko‘rsatmasdan, og‘zaki deklaratsiyalash orqali «yashil yo‘lak»dan harakatlangan holda olib chiqishga ruxsat beriladi.

70 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha ekvivalentdagi naqd xorijiy valutalarning jami yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilgan holda olib chiqishga ruxsat etiladi. Bunda jismoniy shaxs «qizil yo‘lak»dan harakatlanishi lozim bo‘ladi.

Shuningdek, ko‘pchilik jismoniy shaxslarda deklaratsiyalashga doir «70 mln so‘mdan ortiq summadagi xorijiy valutaning ortiqcha qismi deklaratsiyada ko‘rsatiladimi yoki jami miqdorimi, degan savol paydo bo‘ladi.

Jismoniy shaxs o‘zi olib chiqib ketayotgan naqd xorijiy valutaning jami miqdorini deklaratsiyada ko‘rsatadi, uning 70 mln so‘mdan ortiq qismi qo‘shib hisoblanganda 100 mln so‘mdan oshmasligini bojxona xodimi hisob-kitob qiladi.

Davlat bojxona qo‘mitasi bosh inspektori Avazbek Isroilov

Qaysi hollarda 100 mln so‘m ekvivalentidan ko‘p bo‘lgan naqd xorijiy valutani olib chiqishga ruxsat beriladi?

— Uchta holatda 100 mln so‘mdan ko‘p bo‘lgan naqd xorijiy valutani olib chiqishga ruxsat beriladi:

  • norezidentlarga, O‘zbekistonga kirib kelishda to‘ldirgan bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilgan naqd xorijiy valuta miqdorida (misol uchun, xorijiy fuqaro O‘zbekistonga kirish chog‘ida 20 ming AQSh dollarini olib kirgan bo‘lsa, bu yerda qanchadir mablag‘ini sarflagach, qolgan qismi 100 mln so‘mdan ortiq bo‘lsa-da, olib chiqib keta oladi);
  • xorijiy mehnat safariga ketayotgan delegatsiya a'zolariga hukumat farmoyishi asosida;
  • norezidentlarga, ya'ni O‘zbekistonda tashkil etilgan xalqaro tanlov, olimpiadalar, sport musobaqalarining g‘oliblari naqd xorijiy valuta sovrin ekanini isbotlovchi hujjatni taqdim etgan holda.

O‘zbekistonlik mehnat migranti vatanga qaytishda 100 mln so‘mdan ko‘p bo‘lgan xorijiy valutani, misol uchun 20 ming AQSh dollari olib kirdi, xorijiy davlatga ketishda ushbu mablag‘ni olib chiqib keta oladimi?

— 100 mln so‘m ekvivalentidan ortiq naqd xorijiy valutani olib chiqishga ruxsat faqatgina norezidentlarga tatbiq etiladi.

Rezidentlarga, ya'ni O‘zbekiston fuqarolariga, (ular qancha miqdorda naqd xorijiy valutani olib kirganlaridan qat'i nazar – tahr.) 100 mln so‘mdan oshmagan miqdorda naqd xorijiy valutani olib chiqishga ruxsat etiladi.

DBQ bosh inspektori Avazbek Isroilov xorijiy davlatlarga safar qiluvchi yoki safar qilishni rejalashtirayotgan o‘zbekistonliklarga o‘z tavsiyalarini ham bildirdi.

— O‘zbekiston fuqarolari tomonidan bojxona chegarasi orqali naqd xorijiy valutalarni olib chiqish jarayonida o‘zlarida mavjud bo‘lgan naqd valutalarning barchasini ko‘rsatishni tavsiya qilib qolardim. Sababi, ko‘p qonunbuzilish holatlari qonunchilik me'yor va talablarini bilmaslikdan ham sodir etilmoqda. Shunga ko‘ra, 70 mln so‘mdan ortiq qiymatdagi naqd xorijiy valutani olib chiqayotgan o‘zbekistonlik jismoniy shaxslar deklaratsiyani to‘ldirib, deklaratsiyalash talab etiladigan qiymatdagi, ya'ni 70 mln so‘mdan ortiq miqdordagi xorijiy valutani olib chiqayotganliklari sababli «qizil yo‘lak»dan harakatlanishlarini so‘rab qolardik, – dedi Avazbek Isroilov.

Mavzuga oid