O‘zbekiston | 16:22 / 10.06.2021
7025
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligini mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi prezidenti Imomali Rahmon muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda davom ettirdi. Muzokaralarda rasmiy delegatsiyalar a'zolari, ikki mamlakat vazirliklari va yirik kompaniyalari, chegaradosh viloyatlar rahbarlari ishtirok etdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa'y-harakatlari tufayli birodar mamlakatlarning munosabatlari teng huquqli va o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikning sifat jihatidan yangi darajasiga ko‘tarilgani qayd etilgan.

«Birgalikdagi sa'y-harakatlar bilan beqiyos ishlarni amalga oshirdik va ular o‘zaro munosabatlarimiz solnomasidan o‘rin oldi», deya ta'kidlagan Shavkat Mirziyoyev.

Tomonlar strategik sheriklikni kengaytirishda qat'tiy ekani va bu borada aniq choralarni ko‘rishga tayyorligini ta'kidlashgan.

Muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, transport sohasidagi va hududlar o‘rtasidagi sheriklikni rivojlantirish, energetika yo‘nalishidagi ulkan salohiyatni samarali ishga solish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e'tibor qaratilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tovar ayirboshlashdagi ijobiy sur'atga qaramay, kelgusi yilda uni ikki barobarga ko‘paytirish uchun yangi «o‘sish nuqtalari»ni topish muhim ekanini aytgan.

«Shu maqsadda erkin savdo rejimidan istisnolarni bekor qilish va notarif to‘siqlarni bartaraf etish masalalarini kelishishni tez fursatda yakunlash muhim», deb ta'kidlagan O‘zbekiston rahbari.

O‘zaro tovar yetkazib berish hajmini oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, uchinchi mamlakatlarga birgalikda chiqish imkoniyatlarini izlash lozim.

Mirziyoyev O‘zbekiston ikki mamlakat hududlari va yetakchi korxonalarining sanoat kooperatsiyasini kengaytirishdan manfaatdorligini ta'kidlagan.

«Muvaffaqiyatli hamkorlikning real misollari va istiqbolga mo‘ljallangan aniq rejalarimiz bor.

Bu haqda so‘z yuritganda, O‘zbekiston avtomobillarini yig‘ishni tashkil etish, zamonaviy transformatorlar va qishloq xo‘jaligi uskunalarini ishlab chiqarish, maishiy texnika va qurilish materiallari, kalava ip va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, mamlakatlarimizdagi boshqa qo‘shma loyihalarni tilga olish lozim», degan Shavkat Mirziyoyev.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan qo‘shma investitsiya kompaniyasi faoliyatini ilg‘or xorijiy tajriba asosida samarali yo‘lga qo‘yish hamda uning imkoniyatlaridan loyihalarni ilgari surishda maksimal darajada foydalanish zarurligi qayd etilgan.

Ikki mamlakatning ulkan gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish va suvdan foydalanish masalalari bo‘yicha konstruktiv va o‘zaro manfaatli muloqotni davom ettirish masalalari muhokama qilingan.

Yetakchilar an'anaviy faol gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga kelishib olishgan. O‘zbekiston rahbari diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan qo‘shma madaniy tadbirlar dasturini amalga oshirish, shuningdek, ikki mamlakat yoshlari festivalini tashkil etish, Dushanbe va Toshkentda zamonaviy o‘zbek va tojik adabiyotining tanlangan asarlari - antologiyalarini nashr etishni taklif etgan.

Muzokaralarda zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashish sohasida, ayniqsa Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat asnosida hamkorlikni kuchaytirish muhim ekani qayd etilgan.

O‘zbekiston va Tojikiston Afg‘oniston bo‘yicha tinchlik muzokaralarini qo‘llab-quvvatlash, ushbu mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan loyiha va dasturlarni amalga oshirish, uni mintaqaviy iqtisodiy sheriklikka faol jalb etish tarafdori ekani ta'kidlangan.

Tomonlar BMT, MDH, ShHT, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida hamkorlikni davom ettirish va bir birini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini tasdiqlashgan.

Prezident Imomali Rahmon Tojikiston birodar O‘zbekiston bilan hamkorlikda erishilgan bugungi yuksak darajani qadrlashini, bunda Prezident Shavkat Mirziyoyevning katta hissasi borligini alohida ta'kidlagan. Muzokaralar chog‘ida kelgusi ishlar uchun rejalar belgilab olingani, ularning natijalari ikki mamlakat strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish uchun yangi omil bo‘lib xizmat qilishini qayd etgan.

Mavzuga oid