O‘zbekiston | 15:14 / 10.06.2021
20392
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Tojikiston shaharlari o‘rtasidagi havo qatnovlarini kengaytirib, avtobus qatnovlarini tiklashni taklif etdi

Dushanbedagi «Qasri Millat» qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda davom ettirishdi. 

Muzokaralarda rasmiy delegatsiyalar a'zolari, ikki mamlakat vazirliklari va yirik kompaniyalari, chegaradosh viloyatlar rahbarlari ishtirok etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tovar ayirboshlashdagi ijobiy sur'atga qaramay, kelgusi yilda uni ikki barobarga ko‘paytirish muhim ekanini ta'kidladi.

«Shu maqsadda erkin savdo rejimidan istisnolarni bekor qilish va notarif to‘siqlarni bartaraf etish masalalarini kelishishni tez fursatda yakunlash muhim», deya ta'kidladi O‘zbekiston prezidenti.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tomoni ikki mamlakat hududlari va yetakchi korxonalarining sanoat kooperatsiyasini kengaytirishdan manfaatdorligini qayd etdi.

«Muvaffaqiyatli hamkorlikning real misollari va istiqbolga mo‘ljallangan aniq rejalar mavjud. Bu haqda so‘z yuritganda, O‘zbekiston avtomobillarini yig‘ishni tashkil etish, zamonaviy transformatorlar va qishloq xo‘jaligi uskunalarini ishlab chiqarish, maishiy texnika va qurilish materiallari, kalava ip va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, mamlakatlarimizdagi boshqa qo‘shma loyihalarni tilga olish lozim», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan qo‘shma investitsiya kompaniyasi faoliyatini ilg‘or xorijiy tajriba asosida samarali yo‘lga qo‘yish hamda uning imkoniyatlaridan loyihalarni ilgari surishda maksimal darajada foydalanish zarurligi qayd etilgan.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, uchrashuvda transport va tranzit tashishlar sohasidagi hamkorlik ham strategik yo‘nalish ekaniga e'tibor qaratilgan, O‘zbekiston prezidenti ikki mamlakat tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, shaharlar o‘rtasidagi havo qatnovlarini kengaytirish va avtobus qatnovlarini tiklashni taklif etgan.

Shavkat Mirziyoyev ikki mamlakat viloyatlari va tumanlari kesimida to‘g‘ridan to‘g‘ri tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish muhim ekanini ta'kidlagan.

Xatlon viloyatining Boxtar shahrida o‘tgan birinchi Hududlararo forum bunday shakldagi hamkorlikning samaradorligini isbotlagani aytib o‘tilgan.

«Masalalarni tezkor hal qilish uchun hududlar rahbarlari izchil “harakatlar rejalari”ni kelishib olishlari va har oy kamida bir marta joylarda uchrashuvlar o‘tkazib borishlari lozim», deya qayd etgan O‘zbekiston rahbari.

Ikki mamlakatning ulkan gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish va suvdan foydalanish masalalari bo‘yicha konstruktiv va o‘zaro manfaatli muloqotni davom ettirish masalalari muhokama qilingan.

Mavzuga oid