Jamiyat | 20:19 / 11.06.2021
3958
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda ikki nafar firibgar tomonidan aldangan fuqarolar yo‘lni to‘sib namoyish o‘tkazdi

Navoiy viloyati Navbahor tumanida ikki nafar firibgar tomonidan aldangan odamlar yo‘lni to‘sib namoyish o‘tkazgan. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 10 iyun kuni Navoiy viloyati Navbahor tumanida bir guruh fuqarolar tumanning Qalqonota qishlog‘i markazidan o‘tuvchi yo‘lni yopib, namoyish o‘tkazgan. Odamlarning bunday ish tutishiga Navbahor tumani Halovattepa mahallasida yashovchi fuqarolar S.Y. va M.A.ning noqonuniy xatti-harakati sabab bo‘lgan.

Qayd etilishicha, mazkur ikki shaxs mahalliy aholining ishonchiga kirib, ularga tegishli chorva mollari hamda turli ko‘rinishdagi moddiy qiymatga ega narsalarni qimmat narxda olgan va 2-3 oy ichida ma'lum miqdorda ko‘paytirib berishni va'da qilib, pulini bermasdan olib ketgan. So‘ng, olingan moddiy boyliklar va chorva mollarini esa yarim bahosida boshqa fuqarolarga pullab, firibgarlik jinoyatini sodir etgan. Firibgarlardan o‘z pullarini ololmagan odamlar yo‘lni yopib, namoyish o‘tkazgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur ikki shaxsning ishi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan atroflicha o‘rganilib, gumonlanuvchilarning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlari borligi aniqlangan. Navbahor tumani IIB tomonidan S.Y. va M.A.ning yashash xonadonlarida belgilangan tartib asosida tintuv o‘tkazilgan. Surishtiruvda to‘plangan hujjatlar asosida ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, bu ikki shaxs ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Shuningdek, yo‘lni yopishga harakat qilib, boshqalarni ham bunga da'vat qilgan shaxslar IIB tomonidan alohida nazoratga olingan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Navbahor tuman sudi tomonidan yo‘l yopib namoyishda ishtirok etganlarning xatti-harakatlari yuzasidan sud jarayoni o‘tkazilgan va namoyishchilardan biri 7 sutkaga qamalgan.

Mavzuga oid