O‘zbekiston | 22:10 / 16.06.2021
29735
4 daqiqa o‘qiladi

1-sinfga qabul: 6 yoshdan bola qabul qilinmaydi, arizalarni onlayn topshirish ham mumkin

15 iyundan boshlab maktablar 1-sinfiga o‘quvchilar qabuli boshlandi. Kun.uz «Kun mavzusi» ruknida maktablarga qabul tartibi va boshqa savollar bilan xalq ta'limi mutacaddisiga murojaat qildi.

Savollarga Samarqand viloyat Xalq ta'limi boshqarmasining Umumiy o‘rta ta'lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Farrux Boltayev javob berdi.

Maktablarning 1-sinflariga qabul qachondan boshlanadi va qachongacha davom etadi?

2021/22 o‘quv yili uchun respublikadagi barcha umumta'lim maktablarining 1-sinfiga qabul kecha, 15 iyundan boshlandi va 15 avgustga qadar davom etadi.

Birinchi navbatda, 15 iyun sanasidan 15 iyulga qadar 1-sinfga boradigan bola oilasi bilan muqim yashaydigan mikrohududda joylashgan maktablarga hujjatlar topshirilishi amalga oshiriladi.

Ikkinchi navbatda, agar ota-onalar o‘zlari yashaydigan mikrohududdan tashqaridagi hududdagi maktabga bolasini o‘qishga bermoqchi bo‘lishsa, 16 iyuldan 15 avgustga qadar boshqa mikrohududga taalluqli bo‘lgan maktabga, agar o‘sha maktabda qo‘shimcha o‘rinlar (kvotalar) mavjud bo‘lsa hujjat topshirib, qo‘yishlari mumkin.

Maktablarga bolalar necha yoshdan qabul qilinadi va qanday hujjatlarni topshirish talab etiladi?

«Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunning 9-moddasiga binoan, maktablarning 1-sinflariga ta'lim yilida 7 yoshga to‘ladigan o‘quvchilar qabul qilinadi. Joriy, 2021/22 o‘quv yili uchun 2014 yilning 1 yanvaridan 31 dekabri oralig‘ida tug‘ilgan bolalar 1-sinfga qabul qilinadi.

Maktabga qabul qilish uchun quyidagi hujjatlar zarur bo‘ladi:

  1. Ota-onasining shaxsini tasdiqlovchi hujjati (nusxasi);
  2. Bolaning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi (nusxasi);
  3. 35×45 mm o‘lchamli 4 dona rangli fotosurat;
  4. Tibbiy ma'lumotnoma;
  5. Umumta'lim maktabi direktori nomiga ariza.

Hujjatlarni onlayn topshirsa ham bo‘ladimi?

Ayni paytda test-drayv tarzida Toshkent va Nukus shaharlarida, shuningdek barcha viloyat markazlarida my.maktab.uz portali orqali umumta'lim maktablarining 1-sinfiga boradigan bolalarning ota-onalari onlayn ravishda hujjat topshirish imkoniyati yaratilgan.

Maktablarga qabul uchun qandaydir to‘lov yoki sinov nazarda tutilganmi?

Umumta'lim maktablarining 1-sinfiga qabul qilish mutlaqo tekin. Hech qanday to‘lov yoki sinov nazarda tutilmagan.

Bolani maktabga 6 yoshdan qabul qilishni shartlari qanday? Qaysi normativ hujjatga ko‘ra, 6 yoshdan bolani maktabga qabul qilish cheklangan? Istisnolar bormi?

2020 yil 23 sentyabrda qabul qilingan yangi tahrirdagi «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunning 9-moddasida belgilanishicha, umumiy o‘rta ta'lim tashkilotining birinchi sinfiga bolalar ular yetti yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinadi.

Bola maktabga 6 yoshdan qabul qilinmaydi. Hech qanday istisnolar belgilanmagan.

Bola boshqa mikrohududda joylashgan maktabga qanday qabul qilinadi?

Bolaning ota-onasi o‘z farzandini o‘zlari yashaydigan mikrohududdan tashqarida joylashgan maktabda o‘qitish istagini bildirsa, bu 16 iyuldan 15 avgustga qadar – ikkinchi navbatda hujjat qabul qilish amalga oshiriladi.

Mikrohududdan tashqaridagi maktabda ortiqcha bo‘sh o‘rinlari (qo‘shimcha kvota) mavjud bo‘lsa, kvota asosida o‘sha maktabga qo‘yishlari mumkin.

Masalan, mikrohududdagi maktabda qo‘shimcha 20 ta o‘rin kvotasi bo‘lsa, lekin arizalar soni 35 ta bo‘lsa, ota-onalari eng dastlab ariza topshirgan 20 ta bola ariza sanasiga qarab qabul qilinadi.

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid