O‘zbekiston | 16:48 / 16.06.2021
2478
4 daqiqa o‘qiladi

Aholiga tarqatiladigan ko‘mir to‘liq va sifatli yetib borishi uchun kim javobgar?

«Ko‘mir ta'minot» MChJ omborlari orqali aholi va budjet tashkilotlariga sotilayotgan bir tonna ko‘mir narxi 300 ming so‘m ekani ma'lum qilindi.

AOKAda «O‘zbekko‘mir» AJ axborot xizmati rahbari Ne'mat Dushayev ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Dushayevga ko‘ra, 2021 yilda «O‘zbekko‘mir»da 4 mln 570 ming tonna ko‘mir qazib olinadi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 67 ming tonnaga ko‘p. May oyida mavjud konlardan 383 ming 465 tonna ko‘mir qazib olingan.

May oyida issiqlik elektr stansiyalariga – 293 ming 856,8 tonna, budjet tashkilotlariga – 111 ming 740 tonna ko‘mir yuklandi.

May oyida kon ustki qatlamini ochish ishlari 2 million 919 ming kub metrga teng bo‘ldi va bu boradagi reja ham 101,8 foizni tashkil etdi.

«O‘zbekko‘mir» AJ tomonidan 2021-2022 yillar kuz-qish mavsumi uchun tasdiqlangan reja bo‘yicha ijtimoiy soha obektlariga 450 ming tonna, respublika aholisiga 985 ming tonna ko‘mir yetkazib beriladi.

Aholi uchun mo‘ljallangan ko‘mirning 705 ming tonnasini mahalliy, 280 ming tonnasini import yoqilg‘isi tashkil etadi.

Yoqilg‘i «Ko‘mir ta'minot» MChJ tasarrufidagi 96 ta hududiy ko‘mir ombori va savdo shoxobchasi orqali tarqatiladi.

Ma'lum qilinishicha, «O‘zbekko‘mir» AJ respublika budjet tashkilotlarini 1 avgustga qadar ko‘mir bilan to‘la ta'minlaydi. 15 iyun holatiga, «Ko‘mir ta'minot» MChJ hududiy omborlariga budjet tashkilotlari uchun 175,8 ming tonna ko‘mir yetkazib berilgan. Bu belgilangan rejaning qariyb 40 foizini tashkil etadi.

Ko‘mirga ehtiyojmand aholi yoqilg‘i xarid qilish uchun kimga murojaat qilishi lozim?

Tabiiy gaz yetib bormagan aholi punktlarida MFYlar tomonidan ko‘mirga bo‘lgan ehtiyoj aniqlanadi va tegishli ro‘yxat shakllantirilib, tuman (shahar) hokimliklariga takdim etiladi.

Mahalliy hokimliklar ushbu ro‘yxatlar asosida hududiy ko‘mir omborlariga buyurtma beradi va ko‘mir tarqatish jadvalini tasdiqlaydi. Aholi ushbu jadvalga asosan o‘ziga yaqin hududiy ko‘mir omboriga murojaat qiladi.

Bir tonna ko‘mir narxi qancha?

Ma'lum qilinishicha, «Ko‘mir ta'minot» MChJ omborlari orqali aholi va budjet tashkilotlariga sotilayotgan bir tonna ko‘mir narxi 300 ming 300 so‘mni tashkil qiladi.

Konlardan ortilgan ko‘mirning iste'molchiga to‘liq va sifatli yetib borishi uchun kim javobgar?

Brifingda ta'kidlanishicha, «O‘zbekko‘mir» AJ ko‘mirni «Ko‘mir ta'minot» MChJning ko‘mir omborlari manziliga yuklab jo‘natishni ta'minlaydi hamda uning sifati va hajmi uchun javob beradi.

«Ko‘mir ta'minot» MChJ esa o‘z omboriga kelib tushgan ko‘mir sifatli saqlanishi hamda iste'molchilarga sotilishini ta'minlaydi.

Angren ko‘mir konidan yuklangan yoqilg‘i ko‘mir jamlanmasiga yetkazilgach, u yerda laboratoriyadan o‘tkaziladi. Har bir vagondagi mahsulotga sifat sertifikati beriladi.

Xaridor ko‘mirni o‘z hududidagi omborlardan sotib olayotgan chog‘ida o‘sha sifat sertifikatini talab qilish huquqiga ega.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid