O‘zbekiston | 15:51 / 16.06.2021
14199
5 daqiqa o‘qiladi

Noqonuniy buzishlardan so‘ng. Toshkentda reklama konstruksiyalari o‘rnatishga qo‘yilgan moratoriy bekor qilindi

So‘nggi ikki oy davomida Toshkentdagi tashqi reklama konstruksiyalari ayovsiz buzildi. Ularning mulkdorlari dod deganicha qolaverdi. «Kerakli» joylar egallab bo‘lingach, reklama bannerlarini yil oxirigacha o‘rnatishni cheklovchi moratoriy ham bekor qilindi. Moratoriyni e'lon qilgan va uni bekor qilgan qaror adliya organlarida huquqiy ekspertizadan o‘tmagan.

Foto: Kun.uz

2021 yil 4 iyun kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi poytaxt hokimligi xati asosida «Toshkent shahrida tashqi reklama faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida»gi qaroriga o‘zgartirish kiritdi.

Hali jamoatchilikka rasman e'lon qilinmagan hujjatda (Kun.uz'da nusxasi mavjud) 2021 yil 1 apreldan 31 dekabrga qadar tashqi reklama obektlarini joylashtirish, o‘rnatish, o‘zgartirish va pasportlarining berilishiga e'lon qilingan moratoriy bekor qilindi.

Toshkent shahar kengashining yangi qarorida moratoriy e'lon qilingan eski band quyidagicha tahrir qilinishi belgilangan:

«Toshkent shahrida o‘rnatilgan tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) xatlovdan o‘tkazib, yagona elektron reyestrni shakllantirish maqsadida 2021 yil 1 apreldan 2021 yil 31 dekabriga qadar tashqi reklama sohasida barcha tadbirkorlik sub'yektlariga teng sharoitlarni yaratib berish hamda bu sohada korrupsiya holatlarining oldini olish va tadbirkorlar bilan shartnomalar tuzish tizimini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida raqamlashtirishga o‘tkazish chora-tadbirlari ko‘rilsin».

Kengashning 2021 yil 27 martdagi 323/37-6-son qarorida ushbu band quyidagicha edi:

«Toshkent shahrida o‘rnatilgan tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) xatlovdan o‘tkazib, yagona elektron reyestrni shakllantirish maqsadida 2021 yil 1 apreldan 2021 yil 31 dekabriga qadar tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish, o‘rnatish, o‘zgartirish va pasportlarining berilishiga moratoriy e'lon qilinsin».

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Bir qancha vaqt avval Biznes-ombudsman Kun.uz'ga Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 27 martdagi ushbu qarori reklama konstruksiyalari demontaj ishlarini amalga oshirishga asos sifatida ko‘rsatilayotganini bildirgan edi. Lekin, Biznes-ombudsmanga ko‘ra, qarorda demontaj bo‘yicha topshiriq ketmagan va hujjat umummajburiy xususiyatga ega bo‘lgan normalarni o‘z ichiga olgan bo‘lishiga qaramay, adliya organlarida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmagan.

Shundan kelib chiqib, kengash qarori qonuniyligiga baho berish uchun Senatga so‘rov kiritilgan.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Ta'kidlash joiz, poytaxt hokimligi va kengashi qarorlaridagi o‘zgarishlar Toshkentda reklama bilbordlariga keng miqyosli «snos» e'lon qilinishi fonida yuz bergan.

Avvalroq, poytaxtdagi tashqi reklama biznesi egalarining o‘zlariga mulk huquqi bilan tegishli bo‘lgan, bahosi 300 million so‘mgacha turadigan yuzlab reklama konstruksiyalari noma'lum sabablarga ko‘ra buzib tashlanayotgani ma'lum qilgan edi.

Toshkent shahar hokimligi agarda tadbirkorlarning qo‘lida hamma kerakli xulosa va hujjatlari bo‘la turib, mulki buzib tashlanayotgan bo‘lsa, albatta huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishi mumkinligini bildirgan.

Tadbirkorlarning o‘z qonuniy manfaatlarini himoya qilishni so‘rab prezident xalq qabulxonasi, Bosh prokuratura, ombudsman va Toshkent shahar hokimliklariga qilgan murojaatlari natija bermagan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi reklama obektlarini tartibga keltirish jarayonida qatnashayotgan barcha ishtirokchilarni qat'iy ravishda «Reklama to‘g‘risida»gi qonun va «Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida»gi 104-sonli qaror talablariga rioya qilishga chaqirish bilan cheklandi.

Keyinroq tadbirkorlar o‘z mulklarini himoya qilishning noodatiy usulidan foydalanib, reklama qurilmalariga qonunga ko‘ra o‘z mulklarini faqat sud qarori asosida buzib tashlanishi haqidagi eslatmani yozib chiqib, prezidentdan yordam so‘rashdi. Lekin bu reklama konstruksiyalari ham sirli tarzda buzib tashlandi.

Bu orada «G‘afur G‘ulom» bog‘i oldida sud qarorisiz demontaj qilinayotgan reklama konstruksiyasi yo‘lda harakatlanib ketayotgan Spark ustiga qulab tushdi. Haydovchiga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligi topshirig‘i bilan bu ishni qilayotganini aytgan mas'ullar mashinaga yetgan zararni to‘liq qoplamoqchi emasligini bildirgan.

Bu mavzuni yoritish jarayonida Kun.uz'ga bosimlar ham bo‘lganini ta'kidlash lozim.

Mavzuga oid