Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bayden va Putinning uchrashuvi xalqaro muvozanatni o‘zgartiradimi?
AQSh va Rossiya prezidentlarining uchrashuvi doim katta voqelik sifatida qaraladi. Doim ularning uchrashuvidan oldin qandaydir intriga ham bo‘ladi. Bu gal esa intriga jiddiy edi. Bayden Putinni qotil deb atadi. Keyinchalik dahanaki janjallar boshlanib ketdi. Shu sabab Putin va Baydenning Shveytsariyadagi uchrashuvi yuqori haroratda o‘tishi kutilayotgandi. Biroq bunday bo‘lmadi.
Yumshoqlikmi yoki aqllilik?
Putin va Baydenning uchrashuvidan keyin amerikaliklar yana norozi bo‘lishdi. Xuddi 2018 yil Xelsinkidagi sammitdan keyin Trampdan norozi bo‘lishgani kabi. Amerikalik kongressmen Loren Bobert amerikaliklarning noroziliklarini shunday ifodaladi: «Muzokaralarda juda yomon nomzod qatnashdi. Umid qilaman, Bayden muzokaralarda Putinga Alyaskani qaytarishni va'da qilmagan».
Ma'lumot uchun, Alyaska 1853 yil Sharqiy Sibir general-gubernatori Muravyov-Amurskiy taklifidan so‘ng 1867 yil AQSh tomonidan Rossiyadan sotib olingan. O‘sha savdodan Rossiya 7,2 million dollar ishlab olgan. Bugungi kunda bu 20 milliard dollar atrofidagi pulga teng bo‘ladi. Ya'ni Alyaskani qaytib berishi haqidagi gap Baydenga nisbatan haqoratdir.
Xo‘sh, Baydenni nega yumshoqlikda ayblashmoqda? Bu adolatdanmi? Gap shundaki, har ikki mamlakatda, ayniqsa, Amerikadagilar Rossiyaga nisbatan keskin, hatto haqoratomuz munosabatda bo‘lish kerak deb hisoblashadi. Amerikaliklar Rossiyaga nisbatan har qanday diplomatik munosabatlarni ham qabul qila olishmaydi. Shunday ekan, Baydenning «odamga o‘xshab yashaylik, dunyoda bizdan kattasi yo‘q» degan gapi amerikaliklarga yumshoqlik bo‘lib tuyuldi. Aslida esa Rossiya har qancha agressiv harakat qilmasin, ikki davlat munosabatlarining keskinlashuvi dunyodagi muvozanatga salbiy ta'sir qiladi. Bayden Putinga, Rossiya olib borayotgan siyosatga nisbatan yetarlicha qattiqqo‘l ekanini isbotlab bo‘ldi. Undan oldingi Tramp Putinning gaplaridan ilhomlanib yurgan edi, Bayden esa ilk telefon suhbatidayoq Putindan hisob so‘radi, kelajakdagi munosabatlarning umumiy vektorini belgilab berdi, Rossiyaga kiberxavfsizlik, inson huquqlari bo‘yicha yo‘nalish berdi. Bu narsalar bo‘yicha ikki mamlakatning birgalikda harakatlanishini esa yaqin yillarda tasavvur qilib bo‘lmasdi.
Oddiy misol: Britaniya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar inglizlarning qaysarligi sabab faqat yomonlashdi. Albatta, Rossiyaga qarshi yumshoq turish orqali sharmanda bo‘lish kerak emas, biroq dushmanlik kayfiyatidagi munosabatlar nafaqat Amerika uchun, balki dunyo uchun xavfli. Shu sabab Baydenning bu siyosatiga yumshoqlik emas, aqllilik deb nom berish to‘g‘ri.
Taqqoslash uchun, Tramp Putin bilan uchrashuvda chinakamiga sharmandalarcha harakat qilgandi. U AQSh razvedkasi taqdim etgan ma'lumotga emas, Putinga ishonishini aytib, amerikaliklarning nafratiga sabab bo‘lgandi. Kaliforniyaning sobiq gubernatori Arnold Shvarsenegger bu haqda shunday degandi: «Janob Tramp, siz o‘zingizni suvda ivigan makaronday tutdingiz. Axir Ronald Reygan Berlin devori oldida turib Gorbachevga «Bu la'nati devorni buzing, janob Gorbachyov» deganini ko‘rganmisiz? Janob prezident, siz vatanni sotdingiz. Putin bilan uchrashuvda o‘zingizni «ammamning buzog‘iday» tutdingiz, ishqilib oxirida undan dastxat so‘ramasaydingiz deb qo‘rqib turdim».
Ko‘rib turganingizdek, Amerikada Rossiyaga nisbatan munosabatlar faqat dushmanona kayfiyatda bo‘lishi kerak deb o‘ylashadi. Bayden mana shu omilni inobatga olgan holda populistlik qilishi ham mumkin edi, biroq u qaysidir ma'noda o‘z obro‘yini qurbon qilgan holda Rossiyaga qo‘l uzatdi. Aslida ham o‘zidan kuchsizni urish emas, unga qo‘l uzatgan kuchli hisoblanadi. AQSh Rossiyadan har sohada ustun ekani sir emas (YaIM bo‘yicha farq kamida 12 baravar), shunday ekan, Rossiya bilan yangi intriga AQShning zarariga ishlaydi, asosiy missiyasidan uzoqlashtiradi. To‘g‘risi ham, Rossiya o‘z armiyasini Ukraina chegarasiga jangovar tayyorgarlikka keltirib joylashtirayotgan bir vaqtda AQSh dunyoga birinchi raqamli vaksina – Pfizer’ning 500 million dozasini yetkazib berish haqida o‘ylamoqda. Rus matbuotida Putinning nutqlaridan har qancha havolanib, uning daho ekani bilan faxrlanishsa ham, bu uchrashuv to‘laligicha Amerika belgilagan yo‘nalishda o‘tdi.
Bayden Amerikaning talablarini diplomatik tarzda Putinga yetkazdi. Buni shunchalik san'at bilan amalga oshirdiki, hatto Putin ham buni e'tirof etib, Bayden ishini san'at darajasiga ko‘targanini aytdi. Hatto rossiyalik yoshlarning Bayden shpargalka qarab gapirgani haqidagi savolga javob berar ekan, Putin amerikalik hamkasbining tarafini oldi: «Bayden uchrashuvgacha uzoq vaqt parvoz qilgan, biz ham uzoq muloqot olib bordik. Biz prezidentlar hammamiz shunday qilamiz. Bu noodatiy narsa emas».
Putin 18 iyun kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini ham aynan Bayden bilan uchrashuv haqidagi nutqi bilan boshladi. U kengash a'zolaridan Bayden bilan uchrashuvini tahlil qilishni so‘radi. Ya'ni Baydenning hurmat bilan munosabatda bo‘lgani o‘z samarasini berdi va Putin uchrashuvda ko‘tarilgan masalalarga jiddiy qaradi. Har holda Xavfsizlik kengashida bu haqda gapirilgani va asosiy muhokama mavzusi Bayden bilan uchrashuv bo‘lgani Rossiya sammitda aytilgan gaplarga jiddiy qarayotganidan dalolat.
Bayden Putin bilan uchrashuvda Rossiya doim bu boradagi ayblovlarni bekor qiladigan va uncha xushlamaydigan mavzular – inson huquqlari, so‘z erkinligi, kiberxavfsizlik haqida gaplashishini aytgandi. Mana shunday anonsga qaramay, Putin uchrashishga rozi bo‘lgani esa Baydenning yutug‘i. AQSh prezidenti uchrashuvdan boshini ko‘tarib qaytishi mumkin, chunki u aytishni rejalashtirgan barcha gaplarini aytdi, hatto Putinni ochiqchasiga Rossiyaning qiladigan ishlari nima oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi.
Prezident sovg‘asi
Ikki prezident uchrashuvdan keyin bir biriga sovg‘a ham bergan. Bu holat tantanali tarzda ko‘rsatilmadi, lekin Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov sovg‘alar haqida ma'lumot berdi. Unga ko‘ra, Putin hamkasbiga «Moskva» nomli qadimiy taxtadan yasalgan yozuv to‘plamini sovg‘a qilgan. Bayden esa Putinga «Aviator» modelidagi maxsus tayyorlangan ko‘zoynak sovg‘a qilgan. Bayden bunday turdagi quyosh ko‘zoynaklarining muxlisi hisoblanadi va ko‘p marta shunday ko‘zoynak taqqan holda ko‘rinish bergan. Ma'lum bo‘lishicha, bunday sovg‘a uchun Baydenning shaxsiy budjeti unchalik qiynalib qolmagan. «Aviator» ko‘zoynaklari narxi o‘rtacha 300 dollar turadi. Putinda allaqachon bunday markadagi ko‘zoynaklar bor, faqat Bayden Putin uchun maxsus tayyorlatgan ko‘zoynak katta ehtimol bilan bitta nusxada chiqarilgan.
«Urush bo‘lmasligi aniq»

Putin va Baydenning xotirjam gaplashganiga ko‘pchilik e'tibor berdi. Bu holatga rossiyalik siyosatchi Vladimir Jirinovskiy shunday ta'rif berdi: «Putin va Baydenning tabassum bilan ko‘rishganidan shunday xulosaga kelish mumkinki, urush bo‘lmaydi». Darvoqe, urush bo‘lmasligi va buni xohlamayotgani haqida Bayden ilk turnesidagi ilk uchrashuvdayoq aytib bo‘lgandi. U Britaniyadagi AQSh harbiy bazasida zobitlar oldidagi chiqishida Amerika kurashishi kerak bo‘lgan eng asosiy muammo global isish ekanini aytgandi. Bu esa AQSh urushni istamayotgani, insoniyat oldidagi boshqa sinovlar bilan kurashish kerak deb hisoblashidan dalolat edi.
2018 yilda shu kabi formatda Putin bilan uchrashgan Tramp ham muzokaralar borasida fikr bildirdi. U Jyenevadagi sammitdan Vashington hech narsa yutmagani, Rossiya, esa aksincha yutuqli holatda ekanini aytdi. «Biz Rossiyaga yuqori tribuna taqdim etdik. Evaziga hech narsa olmadik. Men o‘ylaymanki bu Rossiya uchun yaxshi kun bo‘ldi. Ammo biz bundan nimadir yutdik deya olmayman», degan u.
Turli nashrlar ham Putin va Baydenning uchrashuviga ta'rif bermoqda. New York Times uchrashuvga shunday ta'rif bergan: «Kechir. Bayden, lekin Putinga umuman farqi yo‘q». New York Times'dagi maqolada yozilishicha, Putin Baydendan umuman qo‘rqmaydi va shu sabab har qanday mavzudagi uchrashuvda qatnashishga rozi bo‘lgan. Muallifning fikricha, bunday uchrashuvlar Putinning reytingini tushirmaydi va mashhurligiga mashhurlik qo‘shadi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Amerika prezidentlari oldingidek katta odamlar emas. Hatto Rossiyadagi liberallar ham Yugoslaviyadagi bombardimonlar, Iroq urushi, WikiLeaks'da ma'lumotlar sizib chiqishi va nihoyat Trampning o‘zini tutishidan keyin AQSh prezidentlarini jiddiy qabul qilmay qo‘yishgan. Shu sababli Putin ular bilan uchrashuvga borish uchun nima bilandir tavakkal qilmaydi va Amerika prezidentlari Putin bilan uchrashuvda «devorga gapirganlari» qoladi.
Guardian esa Putin Navalniy zaharlangani, Qrim egallangani, Skripallar zaharlangani, Lukashenkoni qo‘llaganiga qaramay g‘arb bilan bemalol aloqa qilayotganiga e'tibor qaratgan. «Shunaqa «guldasta» bilan ham Putin uchrashuvda ustunlik qildi. Qaytanga Bayden juda ehtiyotkor bo‘ldi va Trampning Xelsinkidagi xatosini takrorlamaslikka harakat qildi», deb yozgan nashr.
Putin bilan Kreml puli safida Jyenevaga borgan va sammit haqida reportajlar tayyorlagan «Kommersant'» gazetasi jurnalisti Andrey Kolesnikovning aytishicha, Putin uchrashuvdan xursand bo‘lgan, hatto hech qayerda keltirilmagan ma'lumotlarni aytgan. Nashrda Putinning ushbu gaplari keltirilgan: «Shundan keyin (Bayden uni qotil deb atagach) prezident Bayden menga telefon qildi. Biz gaplashib oldik, uning izohi meni qoniqtirdi. U uchrashuvga taklif qildi va men rozi bo‘ldim. Yana bir bor amin bo‘ldimki, Bayden tajribali odam ekan».
AQShda respublikachilar Baydenning uchrashuvdagi harakatlarini tanqid qilishdi. Ularga ko‘ra, Bayden Putinga nisbatan haddan tashqari yumshoqlik qilib, past ketgan. Shuningdek, «Shimoliy oqim-2» gaz tranzitining qurilishiga qarshilik qilmagani Baydenning Putinga sovg‘asi bo‘lgani qayd etilgan. Biroq demokrat prezidentni respublikachilar tanqid qilishi tabiiy holat, doim shunday bo‘ladi. Demokratlar Baydenning chiqishidan rozi, ular prezident kerakli so‘zlarni aytdi deb hisoblashadi.
Yangi Rossiya va yangi Amerika
Jyeneva sammitiga har ikki yetakchi yangicha yo‘nalishga o‘tgan mamlakat prezidentlari sifatida yetib borishdi. Baydenning maqsadi aniq: uning Amerikasida demokratiya eng oliy tushuncha bo‘ladi, hamma bilan muloqot qilinadi, dunyo yetakchisi nomi qaytib olinadi. Rossiya esa butunlay boshqacha mamlakat sifatida Putin tomonidan qayta qurilmoqda. Endi Rossiya g‘arb bilan hisoblashmoqchi emasligini, so‘z erkinligi, inson huquqlari to‘g‘risidagi da'volarni ochiqchasiga e'tiborsiz qoldirishini, muxolifatga qarshi yanada qattiqroq kurashishini ma'lum qilmoqda. Putin bejiz uchrashuvdan avval Navalniyning tashkilotini ekstremistik deb e'lon qilmadi va bejiz bunday tashkilotlar saylovda qatnasha olmasligini tasdiqlovchi qonunga qo‘l qo‘ymadi. Bularning barchasi Navalniyning tug‘ilgan kunida sodir bo‘lgani esa «Janob Bayden, Navalniy haqida gapirib, mening boshimni qotirmang», degani edi.
Sammit davomida OAV vakillari, bir muddat Bayden ham Putinni muxolifatga bo‘lgan munosabatlar uchun qizartirishga harakat qilishdi, lekin gapga chechan Putin doimgiday savol berganlarning o‘zini «tupikka tiqib» vaziyatdan chiqib ketdi. Tushungan tushundi – Rossiya endi muxolifat haqidagi e'tirozlarni o‘ylab ham ko‘rmoqchi emas, allaqachon o‘zini alohida dunyo sifatida qaray boshlagan. Oldin Rossiya dunyoga o‘zida hammasi joyida ekanini uqtirishga chirangan bo‘lsa, yangi Rossiya hech kimga hisob bermay, faqat o‘zi to‘g‘ri deb bilgan yo‘ldan yurmoqchi. Bunday Rossiya bilan liberal munosabatlar ham cheklangan ko‘rinishda bo‘ladi: ya'ni, umumiy dushmanga qarshi kurashish (agar bo‘lsa), Rossiya bilan to‘qnash kelish mumkin bo‘lgan mojarodan qochish.
Yangi dunyo?
Albatta, bu uchrashuv dunyodagi muvozanatni ham o‘zgartiradi. Masalan, ko‘pchilik Bayden kelgach, Amerika Xitoy bilan ovora bo‘lib, Rossiya chekkada qolib ketadi deb o‘ylagandi, ammo ko‘ryapmizki, u kelganidan buyon xalqaro siyosatda asosan Rossiya bilan mashg‘ul bo‘lmoqda, hali Xitoy prezidenti bilan uchrashgani ham yo‘q. Xitoyni tiyib turishni Amerikadagi barcha prezidentlar administratsiyalari o‘z oldiga vazifa qilib qo‘yadi. Buni Rossiyani G‘arbning bir qismiga aylantirish orqali qilishmoqchi edi, lekin o‘xshamadi. Endi Rossiyani o‘zi xohlaganicha qoldirib, Xitoy bilan boshqacha kurashish kerak bo‘ladi.
Shunisi aniqki, endi Xitoy Amerika uchun Trampning shaxsiy g‘arazi bo‘lgan «koronadavlat» emas, haqiqiy raqobatchi sifatida qaraladi. O‘z navbatida, Rossiya va AQShning qarashlari o‘zgargan bir holatda dunyodagi boshqa davlatlar ham o‘z tashqi siyosatini yana bir ko‘rib chiqadi.
Shu tariqa, Putin va Baydenning gaplashib olgani dunyo siyosatiga jiddiy ta'sir qiladi. To‘g‘ri, bu uchrashuvdan keyin qandaydir keskin o‘zgarish bo‘lmasligi mumkin, biroq uning ta'siri bir necha yillik muvozanatda seziladi. Jo Bayden Putin bilan uchrashgan beshinchi Amerika prezidenti sifatida hozircha u bilan Jorj Bushdan keyin eng yaxshi kelishayotgan yetakchi bo‘lib turibdi. Bu esa kamida dunyodagi ikki eng katta harbiy derjava urushmaydi degani.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.