Jahon | 15:13 / 20.06.2021
29856
15 daqiqa o‘qiladi

Eronda prezident almashdi. Mamlakatda qanday o‘zgarishlar kutiladi?

Foto: Getty Images

Eronda prezidentlik saylovlari kutilganidek ultrakonservator Ibrohim Raisiyning g‘alabasi bilan yakunlandi. Ovoz berish jarayoni yakunlari oldindan ma'lum edi - nomzodlar birin-ketin poygadan chiqishi va saylovchilarning saylovni boykot qilishi saylovni maynabozchilikka aylantirdi. Saylov uchastkalariga saylovchilarning yarmi ham kelmadi; bu butun Eron tarixidagi eng past ko‘rsatkich bo‘ldi. Ekspertlar bu saylov mamlakatning tashqi va ichki siyosatida deyarli hech narsani o‘zgartirmasligini aytishmoqda. Yangi prezident ancha vaqtdan buyon mamlakatning haqiqiy rahbari - diniy yetakchi oyatulloh Xominaiyning vorisi sifatida ma'lum.

Juma kuni Eronda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida eng kuchli nomzod sifatida ko‘rilgan va sud tizimining rahbari bo‘lgan Ibrohim Raisiy 17,6 milliondan ortiq ovoz to‘plagan holda g‘olib bo‘ldi.

Mamlakat rahbari lavozimi uchun 4 nomzod kurash olib bordi. Amaldagi prezident Hasan Ruhoniy o‘z lavozimini ketma-ket ikki muddat egallagani bois joriy saylovlarda ishtirok etmadi. Eronliklar butun mamlakat bo‘ylab faoliyat yuritgan 66,8 mingga yaqin hamda dunyoning 133ta davlatida ochilgan 234ta saylov uchastkasida ovoz berishi mumkin bo‘ldi. 

Eronning 13-prezidentini aniqlash uchun saylov qutilari juma kuni mahalliy vaqt bilan ertalab soat 7:00da ochildi va ovoz berish jarayoni yarim tungacha davom etdi. Eronda agar birinchi davra saylovlarida nomzodlarning hech biri mutlaq ko‘pchilikka ega bo‘lmagan taqdirda bir haftadan so‘ng eng ko‘p ovoz olgan ikki nomzod o‘rtasida saylovlarning ikkinchi va so‘nggi bosqichi o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Prezident lavozimi uchun 4 nomzod kurash olib bordi. Dastlab nomzodlar soni ko‘proqni tashkil qilgan, biroq oxirgi haftada ulardan ko‘pi saylovlarda ishtirok etmaslikka qaror qilgan.

Saylovlarda mamlakatda qabul qilinuvchi qarorlarning maqsadga muvofiqligi bo‘yicha kengash kotibi Muhsin Rizoiy, Oliy sud raisi Ibrohim Raisiy, parlament raisi o‘rinbosari Amir Husayn Qozizoda Hoshimiy va markaziy bankning sobiq rahbari Abdulnasr Himmatiy ishtirok etdi.

Saylov qanday kechdi?

«Albatta yo‘q». «Bunda ma'no yo‘q». «Nima uchun?». Eronliklarning ko‘p qismi navbatdagi prezidentni saylash uchun borish-bormasligi haqidagi savolga shunday javob qaytargan. Eron Konstitutsiya muhofazasi kengashi tomonidan barcha islohotchi va mo‘'tadil siyosatchilar nomzodlar safidan saralab chiqarilgach, barchasi ma'lum bo‘lgandi: raqobat darajasi nolga tushirildi, faqat bir tanlov qoldi.

Saylov jarayoni bo‘yicha ko‘pchilik eronliklarning qarashlari ijtimoiy tarmoqlarda joylangan videoda aks etdi: unda bir necha yengil atletikachilar startga tayyorlanayotgani, oyatullohga yaqin bo‘lgan nomzod, Eron Oliy sudi raisi Ibrohim Raisiy esa oldinga tashlanib, keyin o‘z qo‘lidagi to‘pponcha orqali o‘z start uchun o‘q uzishi, keyin raqiblarini, jumladan, muddati yakunlanib ketayotgan prezident Hasan Ruhoniyni shu to‘pponcha bilan otib tashlayotgani aks etgan.

Boshqa bir memda esa saylovoldi poygasidagi barcha yetti nomzodning barchasi Raisiy kabi ko‘rinishda tasvirlangan. Eronliklar shu mavzuda memlar yasashda poygalashishdi, ironiyali videolar va postlar joylashtirishdi va «soxta saylov»da ishtirok etishni istamasliklarini izhor qilishdi.

Ma'qul nomzod tayinlanishi

«Men buni saylov deb o‘ylamayman. Bu oliy rahnamo uchun kerakli nomzodning tayinlanishidir, ya'ni uni saylashmayapti. Eronda u [Raisiy] «1988 yil jallodi» sifatida ma'lum. Xominaiy ataylab namoyishlarni bostirishga qodir odamni tanladi», dedi 18 iyun kungi saylovlardan oldin eronlik faol Sepideh.

U navbatdagi namoyishlar boshlanishiga shubha qilmayapti. «Vaziyat tahlikali va istalgan vaqtda portlashi mumkin», deydi u.

Sepideh xorijdagi muxolifat va uning yetakchisi, quvg‘indagi Eron qarshilik harakati Milliy kengashi rahbari Maryam Rajaviyni qo‘llaydi.

O‘tgan yil fevralidagi parlament saylovlari ham hozirgi prezidentlik saylovlari kabi kechgandi. O‘shanda ham o‘nlab islohotchi nomzodlar siyosiy jarayondan tashqarida qolgandi.

Saylovoldi poygasi davomida byulletenda faqat yetti nom qoldi - besh nafar konservativ va ikki nafar nisbatan mo‘'tadil nomzodlar, lekin ular xalq tanimaydigan siyosatchilar edi.

Ovoz berish jarayoni boshlanishiga ikki kun qolganida esa faqat to‘rt nomzod kurashadigan bo‘ldi - uch nomzod o‘z ixtiyoriga ko‘ra kurashdan chiqdi. Shanba kuni, saylovning rasmiy natijalari e'lon qilinishidan oldinroq qolgan uch nomzod Raisiyni g‘alaba bilan tabriklay boshladi.

May oyi oxirida Konstitutsiya muhofizlari kengashi parlamentning sobiq spikeri Ali Larijoniyni - oyatullohning yaqin odamlaridan bo‘lgan, ammo an'anaviy ravishda islohotchilar uchun ovoz berib kelgan saylovchilarning ovozlariga egalik qilishi mumkin bo‘lgan siyosatchini saylovga qo‘yishmadi.

Hokimiyatdagilarga sodiq bo‘lsa ham Larijoniyning saylovga qo‘yilmasligi ekspertlarni Eron hukumati bu safar yuqori davomat haqida qayg‘urmayotgani (odatda rejimning qonuniyligi va xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani shu bilan ko‘rsatilardi), shunchaki syurprizlar istashmayotgani haqida gapirishga undamoqda.

«Erondagi saylovlarni hech qachon mutlaqo shaffof va erkin deb atab bo‘lmagan bo‘lsa-da, baribir ular hamisha xalqning qo‘llab-quvvatlash darajasi va jamoatchilikning siyosiy hayotdagi ishtirokini baholashga xizmat qilardi», deydi Chatham House eksperti, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikani tadqiq qilish dasturi direktori o‘rinbosari Sanam Vakil.

Jons Hopkins universiteti professori, Yaqin Sharq bo‘yicha ekspert Vali Nasr bu safar asosiysi oyatulloh tomonidan shaxsan tanlangan nomzod prezident bo‘lishi kafolatlanishi bo‘ldi.

«Davomat past bo‘lgani konservatorlar uchun ayni muddao bo‘ldi. Muhimi ular maqsadiga erishdi, saylovda qancha odam qatnashgani esa ahamiyatsiz. Bu tizimning legitimligini jiddiy shubha ostida qoldiradi, ammo Eron hukumati bunga tayyor», deydi u.

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini Maxta deb atagan eronlik qiz hukumatga bo‘lgan ishonchi so‘nggi bir necha yil ichida, 2019 yilgi namoyishlar beshafqatlik bilan bostirilgani, Eron maxsus xizmatlari tomonidan ukrainlar samolyoti urib tushirilganiga rasmiylar bildirgan reaksiya, shuningdek, koronavirus pandemiyasiga qarshi harakatsizlik tufayli butunlay so‘ngani haqida yozadi.

«Men avvallari saylovlarga borardim, ammo endi emas. Mening ovozim baribir hech narsani o‘zgartirmaydi», deydi Maxta.

«Odamlar shunchaki saylovlar ularning kundalik hayotini yaxshilashiga yoki mamlakatdagi iqtisodiy va siyosiy inqirozni bartaraf etishiga, korrupsiyaga, tengsizlikka va izolyatsiyaga chek qo‘yishiga ishonishmaydi», deya uning fikrlariga qo‘shiladi eronlik faollardan yana biri Ali Afshariy.

Nomzodlardan hech biri, shu jumladan Raisiy saylovchilarning muammolari qanday hal etilishi ko‘zda tutilgan qandaydir siyosiy dastur taqdim eta olmadi.

Bunday muammolar esa juda ko‘p. Amerikaning avvalgi prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy etilgan sanksiyalar va olib borilgan siyosat tufayli iqtisodiyot yanada cho‘kmoqda, rial yanada qadrsizlanmoqda, inflatsiya yanada tezlashmoqda; Eronning AQSh va yana besh derjava bilan tuzilgan yadroviy kelishuv ham qimmatga tushmoqda.

«Odamlar demokratiya va erkinlik haqida gaplashishmaydi, ularga yogurt narxi qanchaligi va non yana qanchaga qimmatlagani qiziq. Ular siyosat haqida umuman qayg‘urmaydi deb bo‘lmaydi, ammo hozir ularning fikri xayoli qorin g‘ami bilan band. Odamlarni muammolarga ko‘mib tashlashgan», deydi The New York Times nashrining tehronlik sobiq muxbiri, Vashingtondagi Middle East Institute vakili Nazila Fathi.

So‘rovlar va ekspertlarning kuzatuvlari buni tasdiqlaydi: eronliklarning hafsalasi pir bo‘lgani va ishonchsizligi saylovdagi raqamlarda aks etdi. O‘tgan safargi saylovlarga ovoz berish huquqiga ega bo‘lganlarning 70 foizi kelgan bo‘lsa, bu safargi davomat rekord darajada past bo‘ldi, ayrim manbalarga ko‘ra bu ko‘rsatkich 40 foizdan ham oshmagan, ayrimlariga ko‘ra esa 30 foiz atrofida bo‘lgan.

Saylovlar ta'sir ko‘rsatmaydigan yana bir masala, Eronning Yaqin Sharqdagi siyosatidir, amerikaliklarning sanksiyalari eronliklarning bu mintaqadagi pozitsiyalarini zaiflashtirolmadi, aksincha kuchli o‘yinchiga aylantirdi, Eron mintaqadagi voqealarga katta ta'sir ko‘rsatmoqda - Suriyadan Isroilgacha.

Ibrohim Raisiy kim?

Eronning yangi prezidenti - konservativ qarashlarga ega diniy ulamo va said - shialarda ajdodlari Muhammad s.a.v bilan bog‘liq bo‘lgan shaxslar shunday ataladi.

Qolaversa, u oyatulloh Xominaiy bilan bir joydan - ularning ikkisi ham shialarning muqaddas shaharlaridan biri Mashhadda tug‘ilgan.

O‘zining G‘arbga qarshi keskin qarashlari bilan ma'lum bo‘lgan Raisiy Xominaiyning eng yaqin kishilaridan sanaladi.

Oyatulloh 82 yoshda va ko‘plar aynan Raisiyni uning o‘rinbosari sifatida ko‘rishadi.

U 20 yosh kichikroq. Raisiy Erondagi yana bir muhim markazlardan bo‘lgan Qumda Eronning yetakchi diniy ulamolaridan ta'lim oladi. U televideniyeda bo‘lib o‘tgan munozaralarda huquqshunoslik bo‘yicha doktor ekanligini ham ta'kidlab o‘tgandi. 

Raisiy Eron ko‘plab ijtimoiy va iqtisodiy o‘zgarishlarni boshdan kechirgan yillarda ulg‘ayadi va inqilobda faol rol o‘ynaydi. 

1979 yildagi inqilobdan keyin turli mintaqalarda prokuror bo‘lib ishlagach, 1985 yilda prokuror o‘rinbosari sifatida poytaxt Tehronga yuborilgan. Eron Islom inqilobi rahbariyati qarashlari doirasida mamlakat boshqarilishi uchun rejimga sodiq holda ko‘p yillar davomida xizmat qiladi.

U 1988 yilda, Iroq bilan sakkiz yillik urushdan keyin minglab mahbuslar uchun qatl hukmini chiqargan «o‘lim komissiyasi»dagi to‘rt sudyadan biri bo‘lgan. Bu to‘rtlik rejimga qarshi chiqqan minglab kishilarni ham qatlga hukm etgan. Amnesty International ma'lumotiga ko‘ra, raqamlar 4 mingga yaqin, osib o‘ldirilganlar orasida ko‘plab ayollar ham bo‘lgan. Eron hukumatining rasmiy pozitsiyasiga ko‘ra, o‘ldirilganlar «terrorchilar» va «ikkiyuzlamachilar» bo‘lgan.

1989 yil yozida Islom inqilobi rahbari oyatulloh Ruhilloh Humayniy vafot etgach, Xominaiy Eronning oliy diniy rahbariga aylanadi, shundan keyin Raisiyning huquq tizimidagi faoliyatida keskin ko‘tarilishlar kuzatiladi. 

Raisiy 1990-1995 yillarda bosh prokuror etib tayinlanadi. 

2016 yilda esa u milliardlab dollarlarni boshqarish uchun mas'ul bo‘lgan mamlakatdagi eng katta xayriya tashkilotining rahbari etib tayinlanadi. 2019 yilda Oliy sud rahbariga aylanadi. 

2017 yilda ham u prezidentlik saylovlarida ishtirok etgan, ammo islohotchilar lageriga nisbatan yaqin bo‘lgan Hasan Ruhoniyga yutqazgan, lekin o‘shanda ham uni 38 foiz saylovchi qo‘llagandi.

O‘shanda Hasan Ruhoniy Raisiyning mehnat faoliyatini quyidagicha so‘zlarda ifodalagandi: «U 38 yil mobaynida odamlarni qatl qildi va panjara ortiga jo‘natdi».

Ikki yil muqaddam AQSh Raisiyni sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shgandi. Uning o‘zi inson huquqlari himoyachilarining ayblovlariga izoh bermay keladi.

Raisiy iyun oyida qatnashgan televizion dasturda iqtisodiy inqirozga diqqatini qaratib, korrupsiyaga qarshi kurashishga va'da berdi.

«Inflatsiya xalqning eng muhim muammolaridan biri, ayrim davlat amaldorlarining insofsizligi ham yana bir katta muammo», dedi Raisiy.

Saylov natijalari yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarga qanday ta'sir ko‘rsatadi?
Eron uchun Amerika sanksiyalari bekor qilinishiga erishish hayot-mamot masalasi, bu esa Eron yadro kelishuvi bo‘yicha muzokaralar tiklanib, unda yon berilishi haqida o‘ylashga imkon beradi. Eron neft eksporti tiklanishiga muhtoj va bu orqali budjetlarni imkon qadar bekitish mumkin.

Mamlakat tashqi siyosatini oliy rahnamo belgilaydi, prezident shunchaki uning g‘oyalarini amalga oshiradi. Bu safar oyatulloh ham, Ibrohim Raisiy ham AQSh bilan muzokaralar tiklanishi tarafdori bo‘lib chiqmoqda.

Hasan Ruhoniyning ma'muriyati avgust oyiga qadar hokimiyatda bo‘ladi, bu esa ketayotgan prezidentda kelishuv uchun muhlat borligini anglatadi.

«Katta ehtimol bilan hukmron elita kelishuv Ruhoniy davridayoq bo‘lishini istaydi. Bu holatda barcha muvaffaqiyatsizliklar va yuzaga keladigan kamchiliklar uchun aybni unga yuklash mumkin, barcha iqtisodiy dividendlarni (iqtisodiy sanksiyalar yechilishining ijobiy natijalarini) Raisiy nomiga yoziladi», deydi International Crisis Group markazining Eron bo‘yicha dasturiy direktori Ali Voiz.

Boshqa variantga ko‘ra, muzokaralarni shu yilning sentyabridan oldinroq boshlashning imkoni yo‘q.

Ekspertlar aminki, Eronning yangi rahbariyatining ultrakonservativ kayfiyat va G‘arbga qarshi ritorikasi kelishuvga erishilishiga xalal bermaydi, ammo bu kelishuv qanchalik keng qamrovli, uzoq muddatli va samarali bo‘lishiga hech kim kafolat bera olmaydi.

«Ularga ichkaridan qo‘llab-quvvatlov kerak, buning uchun esa tashqi siyosatdagi pozitsiyalarni susaytirish talab etiladi. Mamlakat ichkarisida raqiblar yo‘qligi tufayli, qattiqqo‘l siyosat yuritish tarafdori bo‘lgan yangi rahbarlar uchun berilgan va'dalarni amalga oshirish osonroq bo‘ladi», deya xulosa qiladi Voiz.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid