O‘zbekiston | 22:51 / 22.06.2021
134590
4 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz jamoasi bayonoti

2021 yil 21 iyun kuni Chilonzor tuman sudida Kun.uz saytida e'lon qilingan turkum materiallar dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazilmaganligi bilan bog‘liq ma'muriy ish ko‘rib chiqilib, sayt rahbari jarimaga tortilgani haqidagi xabardan keyin sayt faoliyatida tanaffus qilindi.

22 iyun kuni ham saytning o‘zbekcha talqinida xabarlar lentasi yangilanmadi.

Natijada ijtimoiy tarmoqlarda faollar va OAV vakillari O‘zbekistondagi so‘z erkinligi borasidagi xavotirlarini bildirib, Kun.uz jamoasi bilan birdamliklarini ifoda etishdi va sayt jamoasi vaziyatga befarq bo‘lmaganlarning barchasiga chuqur minnatdorlik izhor qiladi.

Shu bilan birgalikda, sayt faoliyati to‘xtab qolgani bo‘yicha, shuningdek, tahririyatning keyingi faoliyati bo‘yicha savollar yuzaga kelmoqda.

Shu munosabat bilan tahririyat quyidagilarni bayon etadi.

E'tirof etish kerakki, 2016 yilda O‘zbekistonda hokimiyat o‘zgarishi ortidan mamlakatda so‘z erkinligini ta'minlash borasida ham jiddiy islohotlar olib borildi. Davlat rahbari bu masalaga jiddiy qarab, OAV vakillarini islohotlarni amalga oshirishda o‘ziga ko‘makchi deb atab, ularni jur'atli bo‘lishga chaqirib kelmoqda.

Shuning barobarida, mamlakatda so‘z erkinligi bilan bog‘liq ayrim qonunchilik me'yorlari (jumladan, Kun.uz’ning javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lgan qonun normalari) hamon eski qoliplarda qolayotganiga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bunday kamchiliklar istalgan vaqtda so‘z erkinligiga qarshi qurol sifatida foydalanilishi mumkin.

Kun.uz faoliyati bilan bog‘liq so‘nggi voqealar ham buni ko‘rsatib berdi. Tahririyat bunga toqatsizlik bildirdi va faoliyatida tanaffus qilish orqali o‘z noroziligini ifodaladi.

Bundan tashqari, ayrim davlat idoralari tomonidan OAV faoliyatiga aralashuvlar, so‘z erkinligiga to‘sqinliklar hamon saqlanib qolmoqda. OAV faoliyatiga har qanday bosim va senzuraga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Bugungi sukunat orqali sohadagi barcha muammolarga e'tibor qaratishni istadik. 

Yaxshi tushunamizki, OAV o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashi va rivojlanishi mamlakat hayoti uchun foyda keltiradi. Barcha hamkasblarimizni xolis jurnalistikani rivojlantirishga, so‘z erkinligi ta'minlanishiga erishishda birgalikda harakat qilishga chaqirib qolamiz.

O‘zbekistondagi so‘z erkinligi darajasi yaqin yillarda o‘zimiz etalon sifatida ko‘rsatadigan davlatlar darajasiga chiqishiga umid qilib qolamiz. Bunda davlat va jamiyatning barcha qatlami – u xoh davlat idorasi bo‘lsin, xoh oddiy fuqaro, nafaqat so‘z erkinligi, balki mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va boshqa sohalarda yetakchi davlatlar qatoridan o‘rin olishida o‘z hissasini qo‘shishi kerak, deb hisoblaymiz. 

Tahririyat yana bir bor O‘zbekiston qonunchiligini hurmat qilishini, davlat idoralari bilan hamkorlikka tayyorligini bildirib, shu bilan birgalikda, ma'nan eskirgan va erkinlik prinsiplariga zid bo‘lishi mumkin bo‘lgan qonunchilik normalarini qayta ko‘rib chiqishga ehtiyoj bor deb hisoblashini ma'lum qiladi.

Sayt o‘z o‘quvchilari manfaatlarini hurmat qilgan holda faoliyatini odatiy rejimda davom ettiradi.

Hurmat bilan,
Kun.uz jamoasi.

Mavzuga oid