Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kopenhagenda yana bir dahshatli o‘yin. Rossiya futbolida qora kun, Finlandiya esa qahramonlik qila olmadi
Kopenhagenda mo‘jiza ro‘y bermadi, Rossiya guruhda so‘nggi o‘rinni egallab, Yevropa chempionatidan chiqib ketdi.
Yevro-2020. B guruhi
Rossiya — Daniya — 1:4 (0:1)
Gollar: Damsgor, 38 (0:1). Poulsen, 59 (0:2). Dzyuba, 70 — penaltidan (1:2). Kristensen, 79 (1:3). Mehle, 82 (1:4).
Rossiya: Safonov, Kudryashov (Karavayev, 68), Jikiya, Mario Fernandes, Diveyev, Ozdoyev (Jyemaletdinov, 61), Zobnin, Kuzyayev (Muxin, 67), Golovin, Dzyuba, Miranchuk (Sobolev, 62).
Daniya: Shmeyxel, Ker, Vestergor, Kristensen, Mehle, Vass (Stryuger Larsen, 61), Dileyni (Yyensen, 86), Heyberg, Poulsen (Dolberg, 61), Breytueyt (Kornelius, 86), Damsgor (Nergor, 72).
Ogohlantirishlar: Kudryashov, 28. Dileyni, 57. Diveyev, 75.
Hakamlar: Tyurpen. Gringor, Dano (barchasi — Fransiya).
VAR: Letekse. Brizar, Pajyes (barchasi — Fransiya), Ernandes-Ernandes (Ispaniya).
21 iyun. Kopenhagen. «Parken» stadioni.
So‘nggi yillarda Stanislav Cherchesov boshqaruvida Rossiya termasi — raqiblar uchun «o‘qilgan kitob»ga aylanib qoldi. Jamoaning natijalari barqaror - kuchsizlar mag‘lub etiladi, kuchlilarga mag‘lub bo‘linadi, teng raqiblar bilan tenglik kuzatiladi. Bu ham Kopenhagenda ro‘y bergan voqealarni izohlaydigan faktlardan biri.
2018 yilgi jahon chempionatida Rossiya Saudiya Arabistoni va asosiy yetakchisi Muhammad Salohsiz o‘ynagan Misrni mag‘lub etgan, uchinchi turda Urugvayga mag‘lub bo‘lgan, keyin 1/8 finalda turnirda bosh murabbiysiz qatnashgan va sochilib ketgan Ispaniyani penaltilar seriyasida mag‘lub etgan, keyin chorak finalda Xorvatiyaga mag‘lub bo‘lingan.
Millatlar Ligasida Rossiya turklarni ikki bor mag‘lub etdi, ammo JCh-2018da o‘zlari kabi chorak finalda o‘ynagan Shvetsiyaga qarshi ikki o‘yinda ham g‘alaba qila olmadi (0:0 va 0:2). Yevro-2020 saralashida ham hammasi ma'lum edi — kuchsizlar mag‘lub etildi, Belgiyaga ikki o‘yin ham boy berildi va ikkinchi o‘rin. Mart oyida jahon chempionatiga saralashda Sloveniya bilan o‘yinda uch ochko, Slovakiya bilan o‘yinda nol.
Yevro-2020 guruh bosqichi ham shunga monand kechdi — ruslar nisbatan kuchliroq raqiblarga qarshi hech narsa qila olishmadi, faqat kuchsiz raqibni oson mag‘lub etishdi.
SSSR qulaganidan keyingi davrda Rossiya 15 urinishdan faqat 2tasida pley-offga chiqa olgan. Daniya esa FIFA reytingida 10-o‘rinda joylashgan jamoa. Ruslar daniyaliklarga qarshi muvaffaqiyatga erishishi uchun optimal tarkib, ideal darajadagi maxsus tayyorgarlik, o‘yin uchun to‘g‘ri reja talab etilardi. Shu bilan birga, darvozabonning qahramonliklariga umid qilib qolmaslik uchun qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ymaslik ham muhim edi.
Qayd etish kerakki, o‘yinning dastlabki qismi Rossiya ustunligida o‘tdi, Daniya ham xavfli raqib bo‘lib ko‘rinmadi. Kuchli pressing o‘tkazmay turib ham qizil formadagilar oq formadagilar darvozasiga tez-tez xavf sola boshlashdi. Mezbonlar asabiylashayotgan va mas'uliyat bosimi ostida qolayotgandek edi. Ammo Rossiya termasi hujumi vakillari vaziyatlaridan foydalana olishmadi.
Lekin gol kutilmaganda va Rossiya darvozasiga bo‘ldi. Bu kuchli pressing amalga oshirilmagani uchun jazo ham edi. Chempionat kashfiyotlaridan biri bo‘lgan yosh Mikkel Damsgorning zarbasi darvozabon uchun noqulay trayektoriya olib, darvozaga kirdi - Matvey Safonov tomoshabinga aylandi.
Rossiya shundan keyin ham hujumlar uyushtirgan bo‘lsa-da tanaffusga mag‘lub holda yo‘l oldi.
Ikkinchi bo‘limning birinchi qismida esa Zobnin bolalarcha oqlab bo‘lmas xatoga yo‘l qo‘ydi. Terma jamoaning eng ishonchli futbolchilaridan biri sifatida qarab kelingan havbek pressing tufayli to‘pni darvozabon tomonga qaytardi - ammo to‘p bo‘sh darvoza qarshisiga chiqib borayotgan Poulsenga bordi.

Aytish kerakki, Daniyaning birinchi goli urilgan vaziyatda ham Zobnin pozitsion xatoga yo‘l qo‘yib, Damsgorni yopa olmagandi.
Ikkinchi goldan so‘ng mehmonlarda vahima boshlandi, bosh murabbiy Jyemaletdinov va Sobolevni maydonga tashladi, yangilarning ikkinchisi o‘yinga faol kirishib ketdi va Dzyuba uchun penalti ishladi. Ammo hisob qisqarganidan keyin ham Rossiya qanday yo‘l tutishni bilmadi, holbuki 2:1 hisobida ham ruslarda pley-offga chiqish uchun imkoniyat saqlanib qolayotgandi - lekin kerakli vaqtda kerakli taktik o‘zgarishlar qilinmadi.
Qolgan vaqt davomida daniyaliklar yana ikki vaziyatdan foydalanishdi. Safonov qo‘lidan kelgancha jamoani qutqardi, bir hujumning o‘zida uch bor muqarrar goldan saqladi, ammo Kristiansen qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi.
🇩🇰 Scintillating first-time effort from distance by Andreas Christensen!
— UEFA EURO 2020 (@EURO2020) June 21, 2021
👀Goal of the Round 𝗖𝗢𝗡𝗧𝗘𝗡𝗗𝗘𝗥? #EUROGOTR | @GazpromFootball pic.twitter.com/r3Fr0Kuzq8
Bir necha daqiqa o‘tib, Mehle himoyachilarning navbatdagi xatosini gol bilan jazoladi va o‘yindagi yakuniy hisobni o‘rnatdi.
Birinchi turda Eriksen bilan bog‘liq voqeadan keyin shok holatida finnlardan uchralgan mag‘lubiyat, ikkinchi turda turnir favoritlarini qiynab tashlab ham, Kevin de Bryuynening individual mahorati tufayli qabul qilingan mag‘lubiyat qasdi ruslardan olindi. 4:1 hisobidagi yirik g‘alaba va ikkinchi o‘rin bilan pley-off yo‘llanmasi. Nimchorak finalda raqib - Uels va daniyaliklar uelsliklardan kuchli.
Rossiya esa pley-offga munosib emasdi, bu guruhdan Belgiya va aynan Daniya keyingi bosqichga chiqish uchun haqli edi.
Avtogol Finlandiyani tarixiy natijadan mahrum etdi. Ammo finnlar baribir Rossiyadan yuqorida qoldi

Yevropa chempionati. B guruhi
Finlandiya — Belgiya — 0:2 (0:0)
Gollar: Gradetski, 75 — avtogol (0:1). Lukaku, 81 (0:2).
Finlandiya: Gradetski, Raytala, Toyvio, Uronen (Kauko, 70), Arayuuri, O`Shonessi, Sparv (Shyuller, 59), Lod (Yyensen, 90), Kamara, Pukki (Forss, 90), Poxyanpalo (Alxo, 70).
Belgiya: Kurtua, Vermalen, Boyata, Denayyer, Vitsel, Azar, De Breyne (Fanaken, 90), Shodli, Lukaku (Benteke, 84), Trossar (Mene, 76), Doku (Batshuayi, 76).
Hakamlar: Brix. Borsh, Lupp (barchasi — Germaniya).
VAR: Frits. Gittelmann, Dingert (barchasi — Germaniya), Blom (Niderlandiya).
21 iyun. Sankt-Peterburg. «Gazprom Arena» stadioni.
Pley-off masalasini hal qilib bo‘lgan jamoalar uchun so‘nggi tur — hamisha asosiy tarkib futbolchilariga dam berish va zaxiradagilarni sinab ko‘rish uchun imkoniyat bo‘lib kelgan. Belgiyaliklar tarkibida ham daniyaliklarga qarshi o‘yin bilan solishtirganda boshlang‘ich tarkibda sakkiz o‘zgarish amalga oshirildi, ammo bu rotatsiya ham g‘alati ko‘rinadi: turnirda ilk marta boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olganlar orasida Kevin de Breyne, Aksel Vitsel va Eden Azar kabi yetakchilar ham bor edi.
Bu o‘yin guruhdan chiqish uchun muhim bo‘lgan finnlar kutilganidek yetarlicha qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lishdi. Ko‘k rangli xoch aks etgan bayroqlar Peterburgdagi stadionda juda ko‘p edi, finlandiyalik muxlislar uchta sektorni to‘ldirishdi. Belgiyaning tarkibi e'lon qilinishi hushtakbozlik bilan qarshi olindi, istisnoli holat — Piter birgina Vitselni olqishladi.
Belgiyaliklar ilk daqiqalardan raqibni qiynay boshladi. Finnlar uch qavat himoya chizig‘i o‘rnatishdi, ularning jarima maydoni yaqinidan to‘pni uzoqlashtirishi tribunalarda hayqiriqlar bilan kutib olindi. Belgiyaliklar tin olib, raqibga o‘ynashga imkon berishganida Pukki Kurtuani pressing qilib bordi, finlandiyalik muxlislar aqldan ozayozdi. O‘yin tenglashmadi, ammo finnlar ham maydonning ikkinchi tomoniga o‘ta boshlashdi. Muxlislar esa jo‘shqinlik bilan qo‘llab-quvvatlab turishdi.
Birinchi bo‘limda durang hisob saqlanib qoldi - parallel kechayotgan uchrashuvdagi natija (1:0) esa finnlarni onlayn jadvalda ikkinchi o‘rinda qoldirayotgandi - bu natija o‘yin oxirigacha saqlansa, finnlar o‘z tarixlarida ilk bor pley-offga ham chiqishardi. Belgiya bilan o‘yinlar statistikasi hayron qolarli — finnlar shu vaqtgacha o‘tkazilgan yetti o‘yinda ham mag‘lub bo‘lishmagan. Bu seriyadagi o‘yinlardan biri tarixiy ham: 2007 yilda Helsinkidagi o‘yinda filin nomli qush uchib kelib, to‘sin ustiga qo‘ngandi. Qush uchib ketganidan keyin finnlar ikki gol urib g‘alaba qozongan, terma jamoa esa «Huuhkajat» — «Filinlar» laqabini olgandi.
Ikkinchi bo‘limda Finlyandiya yana ham yaxshiroq o‘ynay boshladi (ehtimol Kopenhagendagi natija ta'sirida): hujumlar soni ko‘paydi, Pukki belgiyaliklar himoyasini jiddiy tashvishga sola boshladi. 65-daqiqada finnlar uchun barchasi tugagandek bo‘ldi: himoyachilar de Breynening uzatmasini to‘sa olishmadi, Lukaku yakkama-yakka vaziyatda darvozabonni dog‘da qoldirdi. Amm videotakrordan keyin arbitr bu golni ofsayd tufayli bekor qildi. Finnlar xuddi o‘zlari gol urgandek xursandchilik qila boshlashdi. Kopenhagenda Dzyuba penaltini aniq ijro etgani haqidagi xabardan keyin ularning xursandchiligi yanada ortdi.
Lekin finnlar oxirigacha turib bera olishmadi. Ko‘p marta jamoani qutqargan Gradetski darvoza to‘sinidan kelgan to‘pni o‘z darvozasiga kiritib yubordi. Ko‘p o‘tmay Lukaku yana gol urdi, bu safar unga hech kim e'tiroz qila olmadi. Bu vaqtga kelib Kopenhagenda daniyaliklar uchinchi va to‘rtinchi gollarni urishdi, guruhda barchasi ayon bo‘ldi. Finnlar uchinchi o‘rinni egallaydigan bo‘ldi va qolgan vaqt ichida ular hisobni qisqartirib, to‘plar nisbatini yaxshilashi talab etilardi, bu ularga pley-offga chiqish uchun kichik imkoniyat qoldirgan bo‘lardi. Lekin ular gol ham urishmadi va uchinchi golni ham o‘tkazishmadi.
Belgiyaliklar guruh bosqichini 100 foizlik natija bilan yakunlashdi. Pley-offda ular o‘yinni yanada kuchaytirishlari kutiladi.

Mavzuga oid
02:20 / 17.10.2023
Belgiya - Shvetsiya o‘yini Bryuseldagi teraktda mehmonlarning ikki muxlisi o‘ldirilgani sabab to‘xtatildi
16:05 / 07.12.2022
Eden Azar Belgiya milliy jamoasidagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi
22:00 / 01.12.2022
JCh-2022. Marokash va Xorvatiya – nimchorakfinalda, Belgiya turnir bilan xayrlashdi
14:26 / 05.11.2022