O‘zbekiston | 15:09 / 24.06.2021
29851
5 daqiqa o‘qiladi

Italiyada 1 yevrodan sotilayotgan uylar yoxud nega O‘zbekistonda uy-joy narxi hech pasaymaydi?

Italiyaning Pratola-Pelinya kommunasi o‘z hududidagi uylarni ramziy narx – 1 yevrodan taklif qilmoqda. Avvalroq Sitsiliya orolida Troina shaharchasi rahbariyati ham shunday tashabbus ko‘rsatgandi.

Pratola-Pelinya / Foto: mentinfuga.com

Albatta, 1 yevroga uy olishning o‘ziga xos shartlari bor, xaridor kamida uch yil shu yerda yashashi, tashlab ketilgan va shu tarzda sotilgan uylarni obod qilishi kerak.

Gap Italiya – har bir hududi, har bir shahri tarixiy maqomga ega va turistlar muntazam borib turuvchi davlat haqida ketmoqda. Lekin ishsizlik, keksayish, yoshlarning katta shaharlarga intilishi kabi omillar tufayli provinsiyalardagi ko‘plab shaharchalarda uylar shunchaki tashlab ketilyapti. Kimsasiz xonadonlar esa shaharning “o‘lib” borayotganini anglatadi va uni tiklash uchun uylarni tekinga berish kabi choralar boshqa davlatlarda ham qo‘llab turiladi.

Xo‘sh, O‘zbekistonda-chi?

Bizda ko‘chmas mulk narxi mana 20 yildirki (2008 yildagi jahon moliyaviy inqirozidagi qisqa davrni hisobga olmaganda) muntazam oshish tendensiyasini namoyon qilmoqda.

Bunga bir necha sabablar bor:

  1. O‘zbekiston – aholi sonining o‘sishi bo‘yicha sobiq ittifoq davlatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkichli davlat. Ta'kidlash joiz, aksariyat ittifoqdoshlarda demografik inqiroz mavjud, ayrim davlatlarda bu hatto jiddiy muammoga aylangan.
  2. Bir hovlida 3-4 oila yashashi kabi an'analar yo‘qolib bormoqda, bunday holatlarning zamonaviy dunyoda davom etishining o‘zi og‘ir masala.
  3. Ko‘pchilik tan olishi qiyin bo‘lsa-da, turmush farovonlik oshgani sari birinchi o‘rinda uy-joyni yaxshilash masalasi ko‘riladi.
  4. Oldin bo‘lmagan imtiyozlar, davlat va banklar tomonidan ko‘chmas mulk xaridi uchun subsidiyalar va kreditlar berila boshlashi ham ko‘chmas mulk bozoriga bo‘lgan talabni oshiradi.
  5. O‘zbekistonda ko‘pchilik davlatlardagi kabi ijarada yashash madaniyati shakllanmagan. Bunday hayot tarzi albatta vaqtincha va ilojsizlik ifodasi sifatida qaraladi. Bu ham shaxsiy uy-joyga intilishni kuchaytiraveradi.

O‘zi umuman dunyo ahli bu borada ikki toifaga bo‘linadi – boshpanaga ega bo‘lishni istovchilar va boshpanasini kengaytirishga harakat qiluvchilar.

O‘zbekistonda narxning muntazam oshib borishini davlat va nodavlat sektor tomonidan amalga oshirilayotgan katta-katta qurilishlar ham to‘xtata olmayapti. Buning ham obektiv sabablari bor:

  • So‘nggi yillarda uy-joy qurilishlari hajmi kengaygan bo‘lsa-da, 20-25 yil davomida bu sektor rivojlanmagani tufayli ortda qolib ketilgan. Endi turar-joylarni foydalanishga topshirish bo‘yicha talab va taklif mutanosibligiga yetish uchun yana yillar kerak.
  • Qurilish materiallari hamda ishchi kuchi qiymatining muntazam oshib borishi amalda birlamchi bozordagi narxlarni saqlab turish yoki tushirish imkonini bermaydi. Birlamchi bozordagi o‘sishlar o‘z navbatida ikkilamchi bozorga ham ta'sir qilmay qolmaydi.
  • Mantiqan qaralganda, uy-joyi bo‘lmaganlarga mo‘ljallangan turar-joy komplekslaridagi aksariyat ko‘chmas mulklar puldor xaridorlar tomonidan investitsiya maqsadida sotib olinayotgani, ya'ni muntazam oshish jarayonida daromad obekti sifatida qaralishi ham nisbatan arzon uylar sonining kamayishiga olib kelmoqda. Umuman, yurtdoshlarimiz uy-joyga pulni saqlash, ijara va qiymati oshib borishi hisobiga boylikka boylik qo‘shuvchi mulk sifatida qarashadi. Qolaversa, har bir o‘g‘ilga (hozirgi kunda qizga ham) alohida uy qilib berish an'anasi hamon saqlanib turibdi.

Italiya va uylarni bepul berish mavzusiga qaytamiz. Har qanday davrda va holatda ham buni tasavvur qilish qiyin, chunki bir parcha yer tugul, eski imoratlarning eski yog‘ochigacha qadrli bo‘lgan aholi odatda birorta uyini tashlab ketmaydi, tashlab ketilsa ham, darrov unga ega chiqa qoladi.

Albatta, O‘zbekiston tarixida ham ayrim katta-kichik shaharlar, posyolkalar (yoki monoshaharchalar) huvillab qolgan davrlar bo‘lgan. Masalan, Kattaqo‘rg‘on yaqinidagi Ingichka aholi punkti, Toshkent viloyatidagi Angren, Karasnogorsk kabi shaharlar shular jumlasidan. Ammo bunda bir jihatni e'tiborga olish lozim – asosan davlat tomonidan qurilgan va aholi ehtiyoji uchun vaqtincha foydalanishga berilgan uylar tashlab ketilgan. Shuningdek, bu davr uzoq davom etmadi, hozirgi paytda bu yerlarda ham aksariyat ko‘chmas mulklar egali bo‘lgan.

Demak, ishlab chiqarish obektlarida qo‘llanib turilsa-da, hozircha O‘zbekiston sharoitida, hatto u eng chekka hududda bo‘lsa ham, uylarni tekinga berish amaliyoti uzoq kelajakda ham ro‘y berishi dargumon.

Abror Zohidov

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid