O‘zbekiston | 16:48 / 24.06.2021
1396
3 daqiqa o‘qiladi

Zavraqliklar: “Elektroset” va'dasini yana bajarmadi”

Yodingizda bo‘lsa, shu yil, 14 aprel kuni saytimizda Andijon tumani Zavraq mahallasi Yangi zamin ko‘chasida yashovchi 200 dan ortiq xonadon elektr ta'minotidagi muammolar bilan yashayotgani haqida “Hokimiyatning bajarilmas va'dalari: Zavraqliklar javob xatini emas, amaliy harakatlarni kutib yashamoqda” nomi ostida  tanqidiy maqola e'lon qilgan edik.

Maqola e'lon qilingach, “Hududiy elektr tarmoqlari” mutasaddilari hududga zudlik bilan yangi transformator va beton tayanchlar olib kelib o‘rnatishni boshlaganida aholi vakillari xursand bo‘ldi. Mutasaddilar 15 kun, uzog‘i bir oy davomida barcha muammolar bartaraf qilinishini aytib, va'da berdilar. Internetda  “Zavraqdagi muammo ijobiy hal etildi” sarlavhasi ostida maqolalar berildi.

Biroq, oradan uch oy o‘tib, zavraqliklar yana bizga murojaat bilan chiqdilar... Biz yana o‘sha mahallaga bordik.

Elektrchilar ijtimoiy tarmoqlarga maqola va suratlar chiqqach, ishni to‘xtatib, ketib qolishgan.   

“Mahallamizdagi holat Kun.uz saytida chiqqanidan so‘ng “elektroset” mutasaddilari kelishib, muammoni hal etishlarini aytishdi. Transformator, beton tayanchlar keldi. Ishchilar o‘rnatishni boshlashdi. Jarayonni suratlarga olishdi. Muammolar hal bo‘lgani ijtimoiy tarmoqlarga tarqaldi. Shundan so‘ng ish to‘xtadi. Ishchilar kelmay qo‘ydi.

 Elektrni rahbarlari “o‘n besh kun, uzog‘i ikki oyda ish oxiriga yetadi”, deyishgandi. Mana, uchinchi oy ketyapti, umuman harakat qilishgani yo‘q.

 Tuman hududiy elektr tarmoqlari boshlig‘i yoniga bordik. “Shu hafta tugatamiz”, deya va'da berganiga ham mana ikki oy bo‘ldi. Bu turishda qishgacha ham hal bo‘lmaydi, shekilli. Hammasi “xo‘jako‘rsin”ga ekan-da. “Elektroset” korxonasi rahbari va'da berilsa, bajarish kerakligini nahotki bilmasa?”, – deydi Minura Asqarova.

Mahalla oqsoqoli Abdurasul Uzoqov hududiy elektr tarmoqlari rahbarlari ishni oxiriga yetkazish to‘g‘risida umuman o‘ylamayotgani haqida gapirdi.

Balki, bu safar viloyat va tuman “Hududiy elektr tarmoqlari” ishni xo‘jako‘rsinga emas, aholi muammosini yuz foiz hal etishga harakat qilar.  

Elmurod Ermatov, Jahongir Mahmudov   

Элмурод Эрматов
Tayyorlagan Элмурод Эрматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid