O‘zbekiston | 21:36 / 26.06.2021
18680
7 daqiqa o‘qiladi

26 mingdan ziyod yer maydoni auksionga chiqarilmagan, 1331ta holatda yerlar to‘g‘ridan to‘g‘ri berib yuborilgan - Bosh prokuratura

Yer uchastkalari onlayn auksion orqali sotish majburiy etib belgilangan bo‘lsa-da, shu paytgacha mutasaddilar 26 mingdan ziyod yer maydonini auksion savdosiga chiqarmagan, deb ma'lum qildi Bosh prokuraturaning Iqtisodiy sohada qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi prokurori Azim Sattorov.

– Yer faqat auksion orqali ajratilishi ancha oldin bir qator normativ-huquqiy hujjatlar bilan mustahkamlab qo‘yilgan edi. Yangi qabul qilingan farmon bilan amalda nimalar o‘zgarmoqda? Yangi tartib avvalgisidan qanday farqli jihatlarga ega?

– Yer bu – kapital, bugungi kunda biz uni bozor aktiviga aylantirish bo‘yicha ish olib boryapmiz. Endilikda farmon bilan mahalliy hokimliklar tomonidan yerni doimiy foydalanish huquqi asosida berish holatlari bo‘ladi. Yerga nisbatan mulk tariqasida qaralmasdan, vaqtincha foydalanish uchun berib kelinardi. Endi esa oldin amalda bo‘lgan 6 ko‘rinishdan 3tasi bekor qilinib, yerni mulk huquqi va ijara asosida berish tartiblari yangidan amaliyotga joriy qilinmoqda.

Yana bir muhim jihati shuki, yer mulk qilib berilsa, fuqaroda bankdan kredit olish uchun uni garovga qo‘yish yoki yerni sota olish kabi huquqlar paydo bo‘ladi. Eng asosiysi, auksion orqali sotilgan yerdan tushgan mablag‘ davlat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun ishlatiladi.

Qishloq xo‘jalik yerlaridan tashqari yerlarni auksionga qo‘yish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 20 dekabrdagi “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini elektron onlayn auksion orqali berish tartibi to‘g‘risida”gi 1023-sonli qarori va nizomi qabul qilingan. Nizom asosidagi tartib saqlanib qoladi. Yer maydonlarini auksion orqali sotish ishlari amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, hozirgacha 55 949ta, ya'ni 3 ming gektar yer maydoni E-auksion tizimi orqali kiritilgan, 26 mingdan ziyod yoki 46 foizini auksionga chiqarish choralari ko‘rilmay qolgan.

Auksion tizimi 2 yildan beri ishlab kelyapti, lekin unda ayrim muammolarga duch kelinyapti. E-auksion tizimi orqali chiqarishda bir qator mutasaddi idoralardan kelishish uchun chiqariladi. Shu jarayonda tashkilotlar kelishmasdan rad qilish, yana auksionga qo‘yish kabi holatlar ko‘p uchramoqda.

jkV3zIQaCcBNI3s1V6xXWx2gplSU2aId.jpg (808×497)
Azim Sattorov

2021 yil 16 iyun holatiga, respublika bo‘yicha “YERELEKTRON” axborot tizimiga kiritilgan 26 016ta yer uchastkasini auksionga chiqarish choralari ko‘rilmagan. Jumladan, Qashqadaryoda 3 573, Toshkentda 2 878ta, Namanganda 2 619, Surxondaryoda 2 594, Xorazmda 2 253, Buxoroda 2 024, Farg‘onada 1 999, Samarqandda 1 871, Andijonda 1 459ta, Qoraqalpog‘istonda 1 237, Navoiyda 1 158, Jizzaxda 1 027, Sirdaryoda 741, Toshkent shahrida 583tani tashkil etadi.

Shuningdek, yer ajratish qat'iy auksion orqali qonunchilik bilan belgilangan bo‘lishiga qaramasdan, 1331ta holatda yer maydonlari hokimlar tomonidan respublika bo‘yicha auksion orqali sotilmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri berib yuborilgan. Ushbu yer maydonlari Andijonda 326, Xorazmda 261, Qashqadaryoda 248, Surxondaryoda 165, Namanganda 116, Sirdaryoda 48, Jizzaxda 33, Farg‘onada 32, Toshkent shaharda 21, Samarqandda 16, Toshkentda 13, Navoiyda 8 va Buxoroda 8tani tashkil etadi.

– Yangi tizimda avvalgi tizimdagi kamchiliklar oldi olinadimi? Fuqarolar yoki tadbirkorlar o‘zi yashaydigan mahalladan qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalanilmaydigan bo‘sh turgan yerlarni auksion orqali sotib olaman desa, yer auksionga kiritilmagan va hokim qarori bilan olish imkoni bor edi. Yangi tartib bilan yer ajratishdagi shu kabi kamchilik va bo‘shliqlarga chek qo‘yiladimi?

– Farmon ijrosini tashkil qilish maqsadida Adliya vazirligiga 3ta qonun, bitta prezident qarori va uchta hukumat qarori loyihasini tayyorlash vazifasi yuklatilgan. Shu ma'noda auksion tizimi sohasi ham yanada rivojlantiriladi. Auksion tizimini ham yanada shaffoflashtirish uchun yangi qaror loyihasi ishlab chiqilgan va tegishli idoralar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Auksion tizimini shaffoflashtirish bo‘yicha Axborot kommunikatsiyalari vazirligiga ham tegishli topshiriqlar berilgan.

Yer sotish auksion orqali amalga oshirilishi qat'iy belgilangan bo‘lsa-da, auksionsiz berib yuborish holatlari ko‘p aniqlangan. Shundan kelib chiqib qonundagi bo‘shliqlarni ham takomillashtirish bo‘yicha tegishli takliflar berilgan.

– Agar bu tartibga amaldorlar, mansabdorlar amal qilmasa, ularni qanday huquqiy oqibatlar kutadi?

– Farmonga asosan tezkorlik bilan yer maydonlarini noto‘g‘ri ajratish holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olish, muvofiqlashtirish respublika kengashi tuzildi. Kengashning ishchi organi Bosh prokuratura va hududlardagi prokuraturalar hisoblanadi. Farmon bilan bosh prokurorga qat'iy belgilab berildiki, jazo muqarrarligi ta'minlanadi, jinoiy javobgarlikkacha tortiladi.

Birgina Qarshi shahrida sobiq hokim Jamshid Fozilov va hozirgi hokim Normo‘min Xolboyevning 2019–2020 yillardagi qarorlari bilan 109ta holatda 53 gektar yer maydoni auksionsiz to‘g‘ridan to‘g‘ri berib yuborilgan. Yoki Zafarobod tumani hokimi Ibrohim Qarshiboyevning 2019 yil 4 avgustdagi 669-sonli qarori bilan Chimqo‘rg‘on massividan xususiy firmaga ma'muriy binolarni qurish uchun 3 gektar yer maydoni auksionsiz ajratib berilgan. Hozir mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bunday noqonuniy qarorlar Andijon, Asaka, Angor, Bo‘ston, Muborak, Ellikqal'a, Kogon, Qiziltepa, Xatirchi, Past Darg‘om, Zangiota, Toshkent, Oltiariq, Quva tumanlari hamda Andijon, Buxoro, Namangan, Navoiy, Zarafshon, Kattaqo‘rg‘on shaharlarida ham ko‘plab qabul qilingan.

Yuqoridagi qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish to‘g‘risida 281ta taqdimnoma kiritilib, hokimliklarning qonunga zid qarorlari bo‘yicha 1783ta protest keltirildi. 61 nafar mansabdor shaxs ogohlantirilib, 166 nafar shaxs intizomiy, 77 nafari ma'muriy javobgarlikka tortildi. 4,1 mlrd so‘m miqdoridagi zararni undirish yuzasidan sudlarga 401ta ariza kiritildi. Qo‘pol qonunbuzilish holatlari yuzasidan 68ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.

Mavzuga oid