Jahon | 20:58 / 26.06.2021
7212
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliyaning eng yirik shahrida birinchi marta lokdaun kiritildi

Avstraliyaning eng yirik shahri Sidneyda koronavirus tarqalishi avj olgani sababli 2 haftaga karantin joriy etildi. Aholisi 5 mlndan oshadigan shaharda pandemiya boshidan beri birinchi marta shunday qaror qabul qilindi.

Foto: Getty Images

Shuningdek, shaharga yaqin hududlar ham yopiladi. Mahalliy aholiga oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon xarid qilish, shifokor huzuriga borish, sport bilan shug‘ullanish va o‘qish hamda ishga borish uchungina uylarini tark etishga ruxsat beriladi.

Karantin kiritilishi haqida Sidney joylashgan Yangi Janubiy Uels shtati bosh vaziri Gledis Berejiklyan e'lon qilgan. Lokdaun, shuningdek, Vullongong shahri, Sentral-Kost tumani va Moviy tog‘lar hududida ham amal qiladi. Cheklovlar 9 iyulga qadar davom etadi.

Karantin vaqtida do‘konlar, dorixonalar, bank va AYoQShlar odatiy tartibda, kafe va restoranlar faqat taomlarni yetkazishga ishlaydi. Muhimligi bo‘yicha ikkinchi darajali tashkilotlar masofadan ishlashga o‘tkaziladi. Tungi klublar, diskoteka va konsert maydonlari yopiq bo‘ladi, diniy marosimlar ishtirokchilari soni cheklanadi.

Shuningdek, ko‘chada niqob taqib yurish shart qilib qo‘yildi, bir joyda 5 kishidan ko‘proq yig‘ilish taqiqlandi. Sidneydan boshqa joyga boruvchilar koronavirusga test topshirib, o‘zlarini yakkalashlari kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid