Jamiyat | 19:14 / 26.06.2021
35570
2 daqiqa o‘qiladi

Fotoreportaj: Betakror Nanay va qo‘shiqqa aylangan Namangan olmasi

Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida joylashgan O‘ng‘or tog‘i haqida turli afsonalar yuradi. Aynan shu tog‘ Qirg‘iziston va O‘zbekistonni ajratib turadi. Mashhur qo‘shiqqa aylangan Namangan olmasi mana shu yerlarda yetishtiriladi. Shuningdek, bahor kelishi bilan odamlarning tilidan tushmaydigan Nanay qishlog‘i ham shu yerda joylashgan.

Atrofdagi qishloqlarda odamlar asosan bog‘dorchilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Tog‘ yonbag‘rida Mamay, Qizilyozi, Zarkent, Poramon, Nov kabi o‘zbek va qirg‘iz qishloqlari joylashgan.

Bu yerdagi bog‘bonlar olma va mahalliy aholi g‘aynoli deb ataydigan qora olxo‘ri yetishtirishning havosini olgan. Ular kartoshka ekib, uni saqlashni ham qoyillatishadi. Odamlar tog‘ yonbag‘irlaridagi barcha yerlardan unumli foydalangani quvonarli holat.

Nanay qishlog‘i haqida eshitmaganlar bo‘lmasa kerak. Aynan shu tog‘ bag‘rida joylashgan Nanayga butun mamlakatdan dam oluvchilar keladi. Shunga yarasha dam olish maskanlari ham ko‘p.

Nanay va Mamay toponimlari mo‘g‘ul sarkardalarining nomi bilan bog‘lanadi. Mashhur rus akademigi sharqshunos va turkolog Vasiliy Bartold o‘z vaqtida mana shu hududlarda yashab, ilmiy ishlar bilan shug‘ullangan.

Dorivor o‘simliklar hamda daraxtlar ko‘p bo‘lgani uchun bu hududlar asalarichilik bilan shug‘ullanuvchilarning ham sevimli maskaniga aylangan. Bog‘larning ichki qismi va tepaliklarda ko‘plab asalari uyalarini uchratish mumkin. Xullas, O‘zbekistonning eng chiroyli joylaridan biri Nanay desak, bo‘rttirish bo‘lmaydi. Imkon topib, bu yerga kelsangiz, adashmaysiz.

Boymirza Xalilov olgan suratlar

Mavzuga oid