Jamiyat | 18:12 / 27.06.2021
17794
5 daqiqa o‘qiladi

Koronamojaro: 68 fuqaro Janubiy Koreyaga ishlagani ketolmayapti. Oldinroq borganlarda koronavirus aniqlangan

Kun.uz'ga Janubiy Koreyaga ishga borishda muammoga duch kelayotgan bir guruh fuqarolar murojaat qilishdi. Toshkent shahrida to‘plangan ishchilarning e'tirozlari sababini o‘rganish maqsadida voqea joyida bo‘ldik.

Demak, hammasi bunday boshlangan. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan ming nafar fuqaroni Janubiy Koreyaga mavsumiy ishlash uchun yuborish rejalashtirilgan. Rejaga ko‘ra 119 nafar fuqaro 23 iyun kuni Janubiy Koreyaga jo‘natilgan. Ulardan kelishilgan tartib bo‘yicha koronavirusga test olinganda, 12 nafarida virus aniqlangan. Shu bois, qolgan guruhlardagi ishchilarni qabul qilish noma'lum muddatga to‘xtatilgan. Toshkentda to‘plangan 68 nafar ishchi iyun oyi oxirida Janubiy Koreyaga jo‘nab ketishi kerak bo‘lib, ungacha 14 kun karantinda bo‘lishi talab qilingan.

Yuzaga kelgan muammolar Koreyaga ishlashga ketish uchun Toshkentga kelgan fuqarolarda norozilik uyg‘otgan. Ishchilardan biri Erkin Qodirovning aytishicha, bir necha marta koronavirusga test olingan va javoblar turlicha chiqqan.

«Koronavirusni aniqlash testiga birinchi kun 270 ming so‘mdan olishdi. Keyingi safar 350 ming so‘mdan to‘ladik. Mehmonxonaga kuniga 230 ming so‘mdan to‘lab joylashdik. 15 kundan beri shu yerda bo‘lganlar bor. Koreyaga mavsumiy ishlashga davlat tomonidan yuboramiz deyishdi. Ketishga tayyor bo‘lib turganimizda, 36 kishida virus chiqqani aytildi. Keyin norozilik bildirdik. Yana virusga tekshiruv o‘tkazishdi. Bu safar 4 nafar odamda aniqlandi. Kasallarni shifoxonaga joylash o‘rniga uylariga jo‘natishdi», deydi Erkin Qodirov.

Yana bir ishchi Xoliqul Mirzayevga ko‘ra, Toshkentga ko‘pchilik yig‘ib qo‘ygan bor mablag‘i bilan kelgan: «68 odamga chipta buyurtma qilib qo‘yganmiz, deyishdi. Vizalarni berayotgan paytda ularga telefon bo‘ldi-da, 36 kishida koronavirus aniqlanibdi, deyishdi. Norozi bo‘lganimizdan keyin qayta tekshirishdi. Odamlar bor pulini sarflab, moligacha sotib, bu yerga kelgan. Ikki hafta oldin uydagilar bilan xayrlashib kelganmiz, qaysi yuz bilan qaytib boramiz?», deydi u.

Tashqi mehnat migratsiya agentligi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Afzal Ermatov hodisaga izoh berib, Janubiy Koreyaga yetib borgan o‘zbeklarda koronavirus aniqlanishi kutilmagan holat bo‘lganini bildirdi.

«Janubiy Koreyada 5 oylik mavsumiy ishlash uchun Ye-8 viza yo‘nalishi ochilgan. Unga viloyatlardan mingdan oshiq odam tanlab olingan. Shundan hozirda 500 dan ortig‘i borib ishlab turibdi. Tartib bilan jo‘natilayotgan edi. Pandemiya kuchaygani sabab Janubiy Koreya tomoni ishchilar O‘zbekistonda 14 kun karantinda turishi, keyin respublikamizdagi Janubiy Koreya elchixonasi belgilagan koronavirusga test topshirish laboratoriyasida tekshiruvdan o‘tkazilishi, so‘ngra ularga viza berilishi va u yerga borgandan keyin ham yana 14 kun karantinda turish talablarini qo‘ygan. Biz bunga rozi bo‘lganmiz.

Fuqarolarimiz kelganda koronavirus talablariga rioya qilishlarini iltimos qilib, har biri o‘z xonasida bo‘lishi kerakligini tushuntirdik. Hozir vaziyat shunday: 23 iyun kuni 119 kishi Janubiy Koreyaga aynan shu yo‘nalish bo‘yicha jo‘natilgan. Samolyot 24 iyun kuni qo‘ngan. O‘sha kuniyoq ishchilardan tahlil olingan. 25 iyun kuni javobi chiqqan va 12 nafar fuqaroda koronavirus aniqlangan, 4 nafarida gumon qilingan. Keyin vahima boshlangan. Bizga telefon qilib kasallarni jo‘natibsizlar, deyishdi. Bu tizim davom etishi yoki to‘xtashi haqida o‘ylab ko‘ramiz, deb aytishdi.

Biz chaqirib qo‘ygan keyingi guruhni ortiqcha xarajat qilmasliklari uchun hozircha uylariga borib turishlarini aytdik. Koreyaliklar ishchilarimizni qabul qilishni rasmiy ravishda to‘xtatildi, deyishmadi. Hozir muzokaralar ketyapti. Javob olishimiz bilan e'lon beramiz», dedi agentlik vakili.

Ma'lum bo‘lishicha, noroziliklardan so‘ng fuqarolarga aviachipta, agentlik xizmatlari va Koreyaga ishchilarni qabul qilish firmasi xizmatlari uchun to‘langan pullar qaytarib berilgan. Bunday muammo kelib chiqishiga koronavirusni aniqlashdagi noaniqlik sabab bo‘lmoqda. Ya'ni, O‘zbekistonda tekshirilganda virus chiqmagan ishchilarda Koreyaga borganda kasallik aniqlanib turibdi. O‘zbekistonning ichidagi laboratoriyalarda ham natijalar bir-biridan farq qilmoqda. Shu o‘rinda virusning ham tutqichbermaslik qilayotganini unutmaslik kerak. Butun dunyoda testda virus chiqmay, kasalxonada yotganlar juda ko‘p.

Umid qilamiz, biz e'tibor qaratishni istagan mana bu muammo fuqarolar uchun ijobiy hal bo‘ladi va ular o‘zi xohlagandek Janubiy Koreyaga borib, eson-omon ishlab qaytadi.

Islombek Umaraliyev Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Doniyor Yakubov.

Mavzuga oid